“O‘rda” yoshlar ekologik bog‘ida tashkil etilgan tadbirga viloyatning barcha shahar va tumanlaridan folklor badiiy xavaskorlik jamoalari, “Kamolot” YOIH ning faol yoshlari, mahalla va qishloq fuqarolar yig‘inlari taklif etildi, xabar berdi Jizzax shahar hokimligi matbuot xizmati.

Festivalning tantanali ochilish marosimida so‘z olgan viloyat hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Shahlo Ahrorovaning ta’kidlashicha, viloyatning barcha tumanlarida milliy urf-odat va an’analar bisyor. Ularni keng ommalashtirishda bu kabi tadbirlar muhim ahamiyat kasb etadi.

Jamoalar “Sumalak sayli”, “Milliy taomlar”, “Milliy sadolar”, “Milliy qadriyat va urf-odatlar”, “Varrak uchirish”, “Milliy o‘yinlar”, “Qadriyat, urf-odat, an’ana va yoshlar” ko‘rgazmalarini namoyish etdilar. “Atlas kiygan zebo sanamlar”, “Sochining savdosi tushdi…” mavzusida qizlar o‘rtasida tanlov, “Mushoira etadi davom” viloyat yosh ijodkorlarining mushoirasi tashkil etildi.

Festivalda namoyish etilgan milliy liboslar, hunarmandchilik va xalq amaliy san’ati namunalari, taomlar, rangtasvir asarlari ko‘rgazmalari, raqs, qo‘shiq, lapar, aytishuv, askiya, milliy urf-odatlarni o‘zida mujassam etgan badiiy chiqishlar, kurash musobaqalari barchada katta taassurot qoldirdi.