2010-yil 22-sentabrda qabul qilingan “Pirotexnika buyumlari muomalasi tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni pirotexnika buyumlari muomalasi bo‘yicha samarali davlat nazorati o‘rnatilishida, fuqarolar manfaatlarini himoya qilishga, ularning salomatliklari va jamoat xavfsizligini ta’minlashda muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur qonunga muvofiq pirotexnika buyumlari muomalasini litsenziyalash joriy etildi. Shuningdek, pirotexnika buyumlarining noqonuniy muomalasi yuzasidan ma’muriy va jinoiy javobgarlik kuchaytirildi.

Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, respublika bojxonachilari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda 2011-yil boshidan aniqlangan pirotexnika buyumlarining noqonuniy olib o‘tilishi bilan bog‘liq qonunbuzarlik holatlari 45 tani tashkil qildi. Natijada 37 ming donaga yaqin pirotexnika buyumlarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yildi.

“Sankt-Peterburg – Qarshi” aviareysi bo‘yicha parvozini yakunlagan chiroqchilik X.Mirzaev bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda 240 g og‘irlikdagi 24 dona pirotexnika vositalarini bojxona bayonnomasida va inspektorlarning og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilmasdan yashirincha olib kirishga uringani fosh etildi.

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan “Sariosiyo” bojxona kompleksida qo‘shni davlat fuqarosi M.Yoribekovning noqonuniy xatti-harakatlariga chek qo‘yildi. Ushbu shaxs “Triniya” nomli 120 dona pirotexnika vositalarini qo‘l sumkasiga yashirgan holda olib o‘tishga uringan.

Bishkekdan uchib kelgan V.Soxibnazarov “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari qarshisida yer chizib qoldi. Unga tegishli yuklar bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, bojxona bayonnomasida ko‘rsatilmagan va bojxona xodimining og‘zaki so‘rog‘i paytida aytilmagan, O’zbekistonga olib kirishi taqiqlangan 23,4 kg og‘irlikdagi 25 dona pirotexnika mahsulotlari borligi aniqlandi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.