Hujjat umumiy qiymati 1,3 mlrd AQSH dollari bo‘lgan suv ta’minoti, sanitariya, irrigatsiya, energetika, transport va xususiy sektor sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirishni ko‘zda tutadi.

Shu bilan bir qatorda, Jahon bankining sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasidagi loyihalar bo‘yicha joriy ko‘magi kengaytiriladi.

Hamkorlik strategiyasida “2030-yilgacha O‘zbekiston iqtisodiyotini tuzilmaviy isloh qilish konsepsiyasi” nomli strategik hujjatni birgalikda ishlab chiqish rejalashtirilgan.

10-dekabrda Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Takuya Kamataning ta’kidlashicha, konsepsiyani ishlab chiqish doirasida sanoatning turli tarmoqlarida qo‘shilgan qiymatga erishish, raqobatbardosh sektorlarni aniqlash va ularning keyingi rivojlanish strategiyalarini aniqlash kabi tahlillar olib borish rejalashtirilgan.

“Biz mazkur ishda boshqa davlatlar, jumladan o‘z vaqtida 2010-yilgacha, keyinchalik 2030-yilgacha strategik rivojlantirish g‘oyasi ishlab chiqilgan Xitoyning tajribasidan foydalanish niyatidamiz. Shu singari strategiyalarni boshqa davlatlarda ishlab chiqishda qatnashgan mutaxassislarni O‘zbekistonga jalb etish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Konsepsiyani ishlab chiqishning asosiy jihati ish faqatgina davlat organlari vakillari bilan emas, balki turli xil tadqiqot institutlari mutaxassislari bilan jipslikda olib borilishidadir”, – deya ta’kidlaydi Takuya Kamata.

Jahon banki vakolatxonasining rahbari xususiy sektorni rivojlantirishga qaratilgan loyiha haqida gapirar ekan, joriy va kelasi yillarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan tadqiqotlar olib borilishini, tadqiqot yakunlangandan so‘ng xususiy biznes uchun kreditlar berishni ko‘zda tutadigan investitsiya loyihalarini ishga tushirish rejalashtirilganligini aytib o‘tdi.

“Moliyalashtirishga qo‘shimcha manba sifatida ko‘rilayotgan Xalqaro rivojlanish assosiatsiyasi va Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki, xususiy sektorlar bilan ishlaydigan Jahon bankining yana bir bo‘linmasi – Xalqaro moliya korporatsiyasi hamda Ko‘p tomonlama investitsiyalarni kafolatlash agentligi bo‘linmasi kelajakda O‘zbekistonda ishlashni rejalashtirgan”, – deydi Takuya Kamata.

Jahon banki samarali energiya bo‘yicha loyihalar doirasida sanoat tarmog‘ida ma’naviy va jismoniy eskirgan asbob-uskunalarni almashtirish yo‘li bilan zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni ko‘zlagan. Bundan tashqari, sanoat va shaxsiy iste’molchilar uchun qo‘shimcha rag‘batlar beradigan elektroenergiya sarfini boshqarish va hisoblash bo‘yicha loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Jahon bankiga 1992-yili a’zo bo‘lgan. Hozirgi kunda mamlakatda bank tomonidan moliyalashtirilayotgan majburiyatlarining umumiy summasi 630 mln AQSH dollari bo‘lgan 10 ta loyiha amalga oshirilmoqda.