Toshkentdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida chorshanba kuni Konstitutsiya qabul qilinganligining 19 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbekiston” telekanalining xabar berishicha, tadbirda Prezident Islom Karimov “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” deb e’lon qilingan joriy yilning sarhisobi haqida nutq so‘zladi.

Keyin davlat rahbari kelasi yilni “Mustahkam oila yili” deb e’lon qilishni taklif qildi. Prezidentning mazkur taklifini yig‘ilganlar gulduros qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatladilar.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2010-yil – “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili”, 2009-yil – “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili”, 2008-yil – “Yoshlar yili”, 2007-yil – “Ijtimoiy himoya yili”, 2006-yil – “Homiylar va shifokorlar yili”, 2005-yil – “Sihat-salomatlik yili” deb e’lon qilingan edi.

2004-yil – “Mehr-muruvvat yili”, 2003-yil – “Obod mahalla yili”, 2002-yil – “Qariyalarni qadrlash yili”, 2001-yil – “Onalar va bolalar yili”, 2000-yil – “Sog‘lom avlod yili”, 1999-yil – “Ayollar yili”, 1998 yil – “Oila yili” va 1997-yil – “Inson manfaatlari yili” bo‘lgan edi.