Toshkent ramzlariga chizgilar: Sayilgoh ko‘chasidagi rassomlar
Toshkentning ramzlari ko‘p: “Chorsu”dagi ovqat bozori, kitob rastalari, “O‘zbekiston” mehmonxonasi, «Moviy gumbazlar» xiyoboni, Toshkent teleminorasi, Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri, muzeylar, metro bekatlari va boshqalar. Aynan shunday ramzlar sayyohga o‘lka haqida taassurot beradi, xulosalar chiqarishiga sabab bo‘ladi. “Gazeta.uz” o‘ttiz yildan ortiq Sayilgoh ko‘chasida qo‘nim topgan va shu choqqacha qanchadan qancha buyurtmachi, tashrifchining suratini chiz(ayot)gan rassomlar haqida hikoya qiladi.
Toshkentning ramzlari ko‘p: “Chorsu”dagi ovqat bozori, kitob rastalari, “O‘zbekiston” mehmonxonasi, «Moviy gumbazlar» xiyoboni, Toshkent teleminorasi, Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri, muzeylar, metro bekatlari va boshqalar. Aynan shunday ramzlar sayyohga o‘lka haqida taassurot beradi, xulosalar chiqarishiga sabab bo‘ladi. “Gazeta.uz” o‘ttiz yildan ortiq Sayilgoh ko‘chasida qo‘nim topgan va shu choqqacha qanchadan qancha buyurtmachi, tashrifchining suratini chiz(ayot)gan rassomlar haqida hikoya qiladi.
Poytaxtga yo‘li tushib, Mustaqillik maydoni, Amir Temur xiyobonini ko‘rmoqchi bo‘lganlar Sayilgoh ko‘chasiga ham yo‘l solishi tayin. Avtomobil harakatlanmaydigan bu ko‘cha o‘tgan asrning 80-yillaridan piyodalar bexavotir yurishi mumkin bo‘lgan yo‘lga aylantirila boshlangan. Tashrifchilarni turli sanʼat asarlari, suvenirlar, hunarmandchilik buyumlari bilan o‘ziga “chaqiradigan” Sayilgoh 1912-yilgacha “Soborniy” (“Soborniy” va Konstantin maydonlarini bog‘lab turgani uchun ko‘cha shunday deb atalgan), 1918-yilgacha Kaufman, orada Salar, 1992-yilgacha esa Karl Marks ko‘chasi deb nomlangan.
U barcha davrlarda ham Toshkentning eng oldi ko‘ngilochar ko‘chalaridan hisoblangan. Chor davrida bu yerda Dorojnovning gazlama, Sobereyning kitob, savdogar Zaxoning gastronomik do‘koni (hozirgi “Zarafshon” restorani o‘rnida), shahar dumasi aʼzosi Orifxo‘jaboy Azizxonovning katta savdo rastasi joy olgan.

Sovet davrida esa ko‘chada shahardagi yirik do‘konlar (“Dinamo”, «Bolalar dunyosi», «Markaziy univermag» kabilar), qo‘g‘irchoq teatri, kinoteatr joylashgan va toshkentliklarning dam oladigan asosiy maskanlaridan bo‘lgan.
Bugun kitob rastalari “Markaziy univermag” yaqiniga ko‘chgan. 635 metrga yetadigan Sayilgohda rassomlar, turli-tuman suratlar, antikvar va sovg‘abop buyumlar qatori ko‘chaning Amir Temur xiyoboniga eltadigan yo‘lida — ikki tarafga ko‘chma kiosklar o‘rnatilgan.

Bunda tadbirkorlar va hunarmandlar savdo-sotiq qiladi. Ko‘chani shaharliklar Nyu Yorkning mashhur yo‘liga qiyosan “Brodvey” deb ataydi. Ko‘ngilochar maskanlar, antiqa buyumlar, sanʼat namunalari va doimiy tashrifchilar bilan to‘laligiga shu nom tilda o‘rnashib qolgandir, ehtimol. Ayniqsa, shom cho‘kkach ko‘cha mashshoqlarining skripka, gitara, akkordeonidan taraladigan kuy kechki sayrga allaqanday taft qo‘shadi.
реклама
реклама
Ko‘chaning qoq belida surat solib o‘tirgan “ko‘cha rassomlari” esa Sayilgohning haqiqiy egalari go‘yo. Shu atrofda joylashgan idora, ishxonasiga o‘tib qaytadiganlarning aksari ular bilan tanish: o‘tganda salom-alik qiladi, hol-ahvol so‘raydi. Darsidan keyin shu yerga shoshiladigan rassom talabalar ham bor. Ayrimlariga soatlab ularning ishini tomosha qilish, har kun kelib, nimadir o‘rganish yoqadi.

Baʼzilari xomaki suratiga qo‘shimcha detal, maʼlumotni bexosdan topib ham oladi. Bitiruvchi kursdagilari esa kontrakt pulini to‘plash ilinjida mitti kursi, bo‘yoq-qalami va turli shakldagi qog‘ozlarini qo‘ltiqlab, ular safidan joy oladi. Ayrimlar talabalik paytidanoq shu yerni “ishxona-ijodxona”ga aylantirgan.
Bu yerda uzoq yillardan beri ishlayotganlar ko‘p. Hatto ayrim rassomlar hazillashib: “Shu yerda tug‘ilganmiz. Asosiy uyimiz shu”, deydi. Har kun yangi qiyofa va qahramonlarni aks ettirish ularga cho‘t emas.

Qora qalamda 20-25 daqiqada bitadigan buyurtmalar bo‘yoqlisidan ko‘ra ko‘proq, ularga ham shunisi maʼquldek — tushum mo‘lroq bo‘ladi.
«Hozir hisoblasam, 1992-yildan beri shu yerda ekanman. Talaba edim. Stipendiya yetmasdi. Qashqadaryoda tug‘ilib o‘sganman. 10 ga kirganimda otam: „Men-ku rassom bo‘lolmadim, sen o‘qib, odam bo‘l! Qishloqda baribir odam bo‘lmaysan“, deb o‘sha payti Chilonzordagi musiqa va rassomlikka ixtisoslashgan maktabga joylab ketgan. To‘ng‘ich farzandligimga hammaning umidi mendan edi. Qolgan yetti uka-singlini ortidan ergashtiradi, deyishardi. Lekin mendan keyingilar bu yo‘lni tanlamadi. Havaskor rassom bo‘lishdiyu turmush, ro‘zg‘or deb boshqa ish-sohani tanlashdi», — deydi rassom Azamat Elmurodov.
«O‘smirligim shu ko‘chada o‘tgan. To‘p tepib, hakillab yurish o‘rniga negadir shu yerga yuguraverardim. Avvallari ko‘cha bundan-da gavjum, oqimi katta bo‘lardi. Baʼzan ko‘chma do‘kon va oshxonalar aralash-quralash bo‘lib ketardi. Shahar shovqini shu yerga ko‘chmaganmi, derdingiz. Manzarasi suratga muhrlagulik bo‘lardi. Sog‘inaman o‘sha atmosferani. Daraxtlariyam hozirgidan sersoya, quyuq, ijodga, ishlashga ilhom berardi. Rasm chizishni tayinli ustozdan ko‘ra mana bu akalarimdan o‘rganganman, — deydi ismini oshkor etishni ham, suratga olishimizni ham istamagan yosh rassom. — Bizni ko‘cha rassomlari deb nazarga ilishmaydi gohi. Bilishmaydiki, qanchadan qancha insonga bir umrlik xotirani hadya qilamiz. Rasmdan-da aʼlo sovg‘a bormi, ayniqsa u o‘zingning portreting bo‘lsa!».
Rassomlik oson emas. Har kimning didi boshqa. Dili tang buyurtmachi bilan ishlash azob, deydi hamma ijodkor.
«Mijozlar injiq bo‘ladi ko‘pincha, — deydi Shuhrat aka. — Ayrimlari „Aka, ko‘chada chizmang! Uyda chizib bering, birov ko‘rmasin!“ deydi. Baʼzisi „Usta, fotosuratdagidek chiqmabdi-ku!“ deb peshonasini tirishtiradi. Foto boshqa, qalamda chizilgani bo‘lak, desam, tushunadigani kam. Narx borasida ham hamma turlicha. Savdolashamiz, kelishamiz. Hozir odamlarda pul kam».
Azamat Elmurodov:
«Nonimiz — qog‘oz-qalam.
Bundan boshqasini bilmaymiz».
«Uch bolamni shu kasbim ortidan o‘stirdim, o‘qitdim, turmushga berdim, uy oldim. Katta buyurtmalarni uyda chizaman. Mijozning xohish-istagiga qaraymiz doim. Baʼzan ish ko‘ngildagidek chiqmasligi, buyurtmachiga yoqmasligi mumkin. Bo‘ldi, chizilgan rasm o‘zimda qoladi, bermayman, to‘lagan pulini qaytaraman. Lekin bu kamdan kam bo‘ladi», — dedi rassom.

Bundan boshqa sohada o‘zingizni hech sinab ko‘rganmisiz, degan savolimga Azamat aka: «Badiiy akademiyaning xo‘jalik ishlari bo‘limida 2 yilcha ishlaganman. Oylik kam edi, yetkazolmadim. Keyin yana shu manzilimga qaytdim. Bu yer xuddi bozor — kuniga 100 ming yo 10 mln so‘mgacha topish mumkin. Buyurtma bo‘lmasa, bir so‘m ham ishlolmaysan», — dedi u.
  • Narx

    Suratlar hajmi va murakkabligiga qarab o‘zgaradi
  • 150 ming so‘mdan boshlab

    Buyoqda surat chizdirish mumkin
  • 100 ming so‘mga

    Qora qalamda surat chizdirsa bo‘ladi
Ayrim rassomlar er-xotin bo‘lib ishlaydi. Eri surat solsa, ayoli kartinalar sotishda ko‘maklashadi. Navoiylik Oybek Safarovning turmush o‘rtog‘i mijozlar bilan ishlashda yordam beradi.

«21 yildan beri shu ko‘chadaman. Talabalikda rasm chizib sotardik o‘rtoqlar bilan. Ayolim hozir kartinalar sotadi narigi tomonda, baʼzan buyurtmalarimga qarashib, mijoz ham topib beradi. Ikkalamiz bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilamiz. Astoydil bo‘lsangiz, kuniga 200-300 ming so‘mgacha topish mumkin. Har holda, quruq qo‘l bilan uyga qaytmaymiz», — deydi rassom.
Shuhrat aka.
«Asosiy daromad manbaim shu kasbdan. Bundan boshqasini eplolmasam ham kerak. Oilada 7 farzand bo‘lsak, 6 nafarimiz chizardik. Faqat men o‘qidim. Asli Xo‘janddanman. Hozir tez-tez borib kelishga imkon bor. Toshkentda yashab, qolib ketganimga 30 yildan oshibdi», — deydi Shuhrat aka.
  • Farzandlaringiz ham davomchingiz bo‘lishini, shu yerda qo‘nim topib, ishingizni qo‘lingizdan olishini xohlaysizmi?
  • Yo‘q, aslo! Noni qattiq. Yana bir tomoni, bizni hammayam tushunavermaydi. Rassom bo‘riga o‘xshaydi — o‘zi bilan o‘zi, yolg‘iz yashaydi, birovga bo‘ysunmaydi.
  • Shuhrat aka, sizchi?
  • Bir qizim interyer dizaynerlikka, o‘g‘lim esa rassomlikka o‘qigan va kartinalar chizayapti, kenjasi shu yo‘nalishdagi o‘qishga tayyorlanayapti (quvonib so‘zlaydi). Bolalarimning tanloviga yo‘q, demaganman. O‘zlari tanlasa, ertaga kamroq afsuslanadi. O‘zim kollej darajasi bilan shu yerda qolganman. Boshqa ilojim ham bo‘lmagan. Ular o‘qib, sohasida professional bo‘lsa, menga ortig‘i kerak emas.
Pandemiya hamma soha qatori rassomlarning tirikchiligiga ham sezilarli taʼsir qilgan. Qatʼiy karantingacha sayyohlar bilan to‘lib-toshgan ko‘cha haligacha avvalgi qiyofasiga to‘la-to‘kis qaytmagan. Hammaning umidi yoz faslidan. Zora bu yildan sayyohlar oqimi ko‘payib, yana avvalgidek shoshib-pishib portretlar chizsak, deydi Azamat aka.
«Sayilgoh ko‘chasini bizsiz tasavvur qilisholmasa kerak. Pandemiyadan avval sayyohlar ko‘p kelardi. Hozir tushum ham, ish ham kam. Kimam rasm chizdirardi hadeb. Sovg‘a qiladigan ham yo tug‘ilgan kunga, yo bayramlarga atab buyurtma qiladi, — deydi Shuhrat aka. — Ilgari koreyslar, hindlar, arabu boshqa millat vakillari guruh-guruh bo‘lib kelib turardi. Shoshib qolardik buyurtma yog‘ilib ketganidan. Karantin sabab ko‘pining oyog‘i uzildi. To‘g‘ri, vaziyat sal yumshadi, lekin avvalgidek emas-da. Bugun Angliya, Fransiya, Yevropaning boshqa mamlakatlaridan keladigan sayyohlar ko‘p. Ammo ularga bizning ishlarimiz qiziqmas. Hindlar boshqacha edi-da. Sanʼatimizni jon dilidan yaxshi ko‘rardi. Arab bilan xitoylik ham shunday edi. Malayziyaliklar ko‘p surat chizdirardi. Sababini bilmayman shu choqqacha. So‘ray desam, tilini tuzuk bilmayman».
Qor-yomg‘ir yog‘masa, qishning ayamajuz kunlarida ham, saratonning qoq chillasida ham shu yerni makon qilgan rassomlar boshqa manzilga o‘tib ishlashni o‘ylashmaydi. Baʼzan birdan sharros yomg‘ir quysa, shosha-pisha yuz metr naridagi oshxona, kiyim do‘konlarining tomi tagiga qochishadi. Hammaning o‘rni tayin, aniqligi uchun mijozlar ham adashmay doimiy rassomini topib keladi. Birov boshqaning buyurtmachisiga ko‘z olaytirmaydi. To‘g‘ri, o‘rtada gohi tortishuv, “sen-men” ham bo‘lib turadi, lekin hammasi tezda ilgarigi holiga qaytib, yana ming yillik qadrdonlardek hangomalashib, ishda davom etishadi.

«Bizni odamgarchilik, ustoz-shogirdlik birlashtirib turadi, — deydi Azamat aka hamrohlariga eshittirib baland ovozda. — Borimiz ham, tashvishu quvonchimiz ham o‘rtada».
Matnni Charos Nizomiddinova tayyorladi.
Fotosuratlar muallifi: Madina Aʼzam / “Gazeta.uz”.
Suratlar qish oxiri va bahor boshlarida olingan.

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.