Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Moskvada uchrashuv o‘tkazdi. Ular “Krokus”dagi terakt haqida suhbatlashdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar qildi.

Putin Tojikiston prezidenti Rahmonga “Krokus”dagi teraktdan so‘ng bildirgan hamdardlik uchun minnatdorchilik bildirdi.

“Hamdardlik so‘zlaringiz uchun rahmat. Siz terakt munosabati bilan birinchilardan bo‘lib hamdardlik bildirdingiz”, — dedi Putin.

Rahmon Tojikiston 30 yildan ortiq vaqtdan beri terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashib kelayotganini va bu muammo bilan bevosita tanish ekanini ta’kidladi.

“Tojiklar qadimiy tarixga, madaniyatga, sivilizatsiyaga ega xalqdir, bu biz uchun mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat. Bo‘lib o‘tgan voqea xalqimizning imiji, tarixi, madaniyati va urf-odatlariga jiddiy zarba berdi. Bu borada siz bilan yaqindan hamkorlik qilishda davom etamiz”, — deya qo‘shimcha qildi Rahmon.

Shu bilan birga, Rahmon terrorizmning millati va dini yo‘qligini, bu global muammo ekanini ta’kidladi.