O‘zbekiston hukumati tomonidan yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda, uning doirasida fuqarolar tomonidan uy-joy xaridlari jarayonlarini shaffoflashtirish, qurilish korxonalari tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan firibgarlik holatlarini bartaraf etishning samarali tizimini yaratish rejalashtirilgan.

Bu “Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasida nazarda tutilgan (“Gazeta.uz”da nusxasi mavjud). Hujjat hali jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinmagan hamda vazirlik va mutasaddi idoralar o‘rtasida kelishuv uchun chiqarilgan. Shanba kuni Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev va Savdo-sanoat palatasi rahbari Davron Vaxabov loyihani tadbirkorlar bilan muhokama qildi, shu sababli hujjatga hali yana o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.

Qurilish korxonalari tomonidan jismoniy shaxslarga ko‘chmas mulk obyektlari realizatsiya qilinganda soliq bazasini har bir kvadrat metr uchun minimal miqdorlardan kelib chiqib aniqlash rejalashtirilmoqda. Ya’ni uy-joy sotish uchun soliq solinadigan baza har bir kvadrat metr uchun belgilangan minimal qiymatdan past bo‘lishi mumkin emas.

Hududlar
Shaharlar va tumanlar
1 kvadrat metr uchun o‘rtacha minimal narx (million so‘m)
1
Toshkent
Bektemir tumani
5
2
Mirzo Ulug‘bek tumani
7
3
Mirobod tumani
7.5
4
Olmazor tumani
7
5
Sergeli tumani
7
6
Uchtepa tumani
7
7
Chilonzor tumani
7
8
Shayxontohur tumani
7.5
9
Yunusobod tumani
7.5
10
Yakkasaroy tumani
7.5
11Yangihayot tumani
5
12
Yashnobod tumani
7
13
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Nukus
3.5
14
Boshqa hududlar
2
15
ViloyatlarViloyat markazlari5
16
Boshqa hududlar
4

Hozirgi vaqtda bunday hisoblash formulasidan yuridik shaxslarning binolar va inshootlari bo‘yicha mol-mulk solig‘ida soliq solinadigan bazani hisoblashda foydalaniladi. U 1 kvadrat metr uchun absolyut qiymatda belgilangan minimal qiymatdan past bo‘lishi mumkin emas. Har bir kvadrat metr uchun belgilangan minimal qiymatlar quyidagicha (Soliq kodeksining 412-moddasi):

  • Toshkent shahrida — 3 mln so‘m;
  • Nukus va viloyat markazlarida — 2 mln so‘m;
  • boshqa shaharlar va qishloq joylarda — 1,2 mln so‘m.

Shavkat Mirziyoyev yanvar oyida O‘zbekiston davlat budjeti yashirin iqtisodiyotdan ko‘rayotgan zarar 30 trln so‘m ekanini, yalpi ichki mahsulotga yetkazilgan zarar esa 135 trln so‘mni tashkil etganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, deyarli 11 ming quruvchi (41 foiz) o‘z hisobotlarida faqat 1 nafar xodimni ko‘rsatgan.

Davlat rahbari yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga qurilish, farmatsevtika, alkogol va tamaki savdosi, noqonuniy import, kapitalni noqonuniy olib chiqib ketish va naqdlashtirish masalalarida tub o‘zgarishlarga erishish maqsadida tergov va taftish ishlarini olib borish vakolatlari berildi.

Shundan so‘ng soliq idoralari xodimlari yangi binolarda yashovchilar o‘rtasida bitimlar qanchalik qonuniy tarzda amalga oshirilgani va soliq solinadigan bazani kamaytirib ko‘rsatish holatlari bor-yo‘qligini aniqlash maqsadida so‘rovnomalar o‘tkazishni boshladi. Xususan, ular xaridorlardan qanday to‘lov usulidan foydalangani, naqd pulda to‘lash holatlari bor-yo‘qligi, to‘lovdan keyin bank cheklari berilgan-berilmagani haqida so‘radi, deya xabar berdi “Gazeta.uz” muxbiri.

Biz avvalroq hujjat loyihasiga ko‘ra, ko‘chmas mulk va transport vositalarini sotish faqat naqd pulsiz hisob-kitoblar asosida amalga oshirilishi taklif etilayotgani haqida xabar bergandik. Bunday operatsiyalar doirasidagi komissiyalarni bekor qilish rejalashtirilmoqda.

Bunda jismoniy shaxslar bilan tuzilgan oldi-sotdi shartnomalari bank ma’lumotlari asosida, yuridik shaxslar bilan esa naqd pulsiz to‘lovni tasdiqlovchi hujjat mavjud bo‘lganda, elektron hisobvaraq-fakturalar orqali notarial tasdiqlanishi kerak bo‘ladi.

Shuningdek, ko‘p qavatli uylardagi kvartiralarni quruvchilar tomonidan fuqarolarga sotish jarayonini tartibga soluvchi qaror ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Quyidagi shartnomalarni soliq organlarining elektron platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish rejalashtirilmoqda:

  • fuqarolar tomonidan uy-joy sotib olish bo‘yicha investitsiya shartnomasi (ulushli ishtirok);
  • yuridik shaxslar tomonidan tuzilgan uy-joy va ko‘chmas mulkni sotish bilan bog‘liq barcha shartnomalar.

Soliq organlari platformasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan uy-joy va ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari notarial idoralar tomonidan tasdiqlanadi.