Shavkat Mirziyoyev 29-aprel kuni III Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi. Forum 2−3-may kunlari bo‘lib o‘tadi.

Qayd etilishicha, 2022-yilda o‘tgan ilk forumga 56 mamlakatdan mingdan ziyod xorijiy mehmon kelgan bo‘lsa, bu yil 84 ta davlatdan qariyb 2500 kishi qatnashishi kutilmoqda. Ular orasida hukumat vakillari, yirik kompaniyalar rahbarlari, BMT, YeTTB, OPEK, SHHT kabi xalqaro tashkilotlardan yuqori martabali mehmonlar bor.

“Forum mamlakatning iqtisodiy imkoniyatlarini ko‘rsatish hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni kelishish uchun qulay maydondir. Shu bois uning doirasidagi tadbirlar, muhokama qilinadigan masalalar ko‘p”, — deyiladi xabarda.

тошкент xalqaro investitsiya форуми

Jumladan, shu’ba majlislari, davra suhbatlari, taqdimotlar, hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari kabi 40 dan ortiq tadbirlar rejalashtirilgan. Shuningdek, qator loyihalarni ishga tushirish marosimi ko‘zda tutilgan.

Davlat rahbari forumni yuqori darajada tashkillashtirish, har bir tarmoq va hududning investitsiyaviy salohiyatini to‘la namoyon etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

3-may kuni prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi yalpi majlisi ham o‘tkaziladi.

Ushbu kengash jahon tajribasi va amaliyotlariga tayangan holda O‘zbekiston hukumatiga mamlakatni investitsiyaviy, sanoat-texnologik va innovatsion rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha maslahatlar beradi. Bu galgi majlisda ham mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash va istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga doir dolzarb masalalar ko‘rib chiqiladi.