Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin Fransiyaga tashrifi davomida Ukrainadagi urush paytida Rossiya bilan yaqin aloqada bo‘lgani uchun uning mamlakatiga nisbatan bildirilayotgan e’tirozlarni rad etdi, deb yozdi The New York Times.

“Biz [Ukrainadagi] inqirozdan uchinchi davlatni ayblash, uning obro‘siga putur yetkazish va yangi sovuq urushni qo‘zg‘atish uchun foydalanilishiga qarshimiz”, — dedi Szinpin.

Shuningdek, “Xitoy bu inqirozning sababchisi ham, tomoni ham, ishtirokchisi ham emas” degan u Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan qo‘shma matbuot anjumanida.

CNN`ning yozishicha, “Ammo biz tashqaridan kuzatuvchi ham emasmiz, tinchlikka erishish uchun doimo faol harakat qilganmiz”, — deya qo‘shimcha qilgan XXR raisi.

The New York Times`ning qayd etishicha, bu bayonot “asosan” Xitoy Rossiya bilan iqtisodiy hamkorlikni davom ettirishdan tashqari, Moskvaga harbiy yordam ko‘rsatmoqda, deb hisoblayotgan AQShga qaratilgan bo‘lishi mumkin.

Nashrning qayd etishicha, Si Szinpin Ukrainadagi urushni tugatishda o‘zining Moskvaga ta’siridan foydalanishi uchun Makron va uchrashuvda ishtirok etgan Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen unga “bosim o‘tkazgan”.

“Ukraina xavfsizligisiz Yevropada xavfsizlik bo‘lishi mumkin emas”, — degan Fransiya prezidenti Xitoy raisiga murojaat qilib. Shuningdek, Makron Fransiya Rossiya yoki uning xalqi bilan urush holatida emasligini, shuningdek, “Putin rejimini ag‘darishga” intilmasligini ta’kidlagan.

Ursula fon der Lyayen muzokaralar yakuni bo‘yicha bayonotida Pekin “O‘zining Rossiyaga barcha ta’siridan Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushni to‘xtatish uchun foydalanishi” kerakligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Si Szinpin avvalroq Rossiyaning “yadroviy tahdidlarini” yumshatishda muhim rol o‘ynagan. U Xitoy rahbari bu ishni qilishda davom etishiga ishonch bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Financial Times avvalroq Ukrainada yadro qurolidan foydalanishga mumkin emasligi bo‘yicha Si Szinpin shaxsan Rossiya prezidenti Vladimir Putinni ogohlantirgani haqida yozgandi. U bu haqda 2023-yil mart oyidagi Moskvaga tashrifi chog‘ida gapirgan.

Nashrning qayd etishicha, Xitoy rasmiylari o‘shandan beri Putin yadro qurolidan foydalanish bilan tahdid qilishdan voz kechishga ko‘ndirilganini o‘z xizmatlari sifatida e’tirof etmoqda. Bu Xitoyning Yevropa bilan munosabatlarni tiklash kampaniyasining markaziy elementiga aylandi, deya qayd etgan Xitoy hukumati vakili.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayenning qo‘shimcha qilishicha, Rossiyaga ikki xil maqsadda foydalanish mumkin bo‘lgan, keyinchalik jang maydoniga yo‘l olayotgan tovarlar yetkazib berishni cheklash bo‘yicha qo‘shimcha harakatlarni amalga oshirish zarur. “Ushbu urushdan kelib chiqayotgan tahdidlarning Ukraina uchun ham, Yevropa uchun ham ekzistensial [yo‘q bo‘lib ketish xavfini tug‘duruvchi] xarakterini hisobga olsak, bu Yevropa Ittifoqi va Xitoy munosabatlariga ta’sir qiladi”, — deya xulosa qildi u.

The New York Times Yevropaning yuqori martabali amaldori Ukrainadagi urushni Yevropa qit’asiga “ekzistensial tahdid” deb ta’riflaganini “ancha g‘ayrioddiy” deya qayd etdi. Nashrning yozishicha, bunga Rossiya rasmiylarining yadro qurolidan foydalanish ehtimoli haqidagi yangi bayonotlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Yevropaga tashrif Si Szinpin uchun so‘nggi besh yil ichidagi birinchisi bo‘ldi. U Fransiyadan keyin Serbiya va Vengriyaga ham boradi.

The New York Times`ning qayd etishicha, qilingan bayonotlarga qaramay, Si Szinpin va Makron o‘rtasidagi uchrashuv “do‘stona” muhitda o‘tgan. Xitoy rahbari mamlakatlar o‘rtasida “na geosiyosiy tanglik, na fundamental mojaro mavjud emas”ligini ta’kidlagan. Si Szinpin va Makron, shuningdek, 26-iyuldan 11-avgustgacha bo‘lib o‘tadigan Parij Olimpiadasi vaqtida barcha mojarolar bo‘yicha harbiy harakatlarni to‘xtatib turishni g‘oyasini ilgari surgan.

Ayni vaqtda AQSh Xitoy dron va raketa texnologiyalari, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va jihozlar bilan ta’minlash orqali Rossiya mudofaa sanoatini kuchaytirishda yordam bermoqda deb hisoblamoqda. Bu esa Moskva “harbiy ishlab chiqarishiga Sovet Ittifoqi davridan beri eng katta kengayish imkonini beradi”. AQSh prezidenti Jo Bayden Si Szinpin bilan yaqinda bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotida bu masalani ko‘tardi, deb yozgandi aprel oyida Reuters agentligi.

“Hozirda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda mumkin bo‘lgan eng radikal qadamlardan biri Xitoyni Rossiyaga harbiy-sanoat bazasini tiklashda yordam berishni to‘xtatishga ko‘ndirish, deb hisoblaymiz. Xitoy ishtirokisiz Rossiyaga harbiy harakatlarni davom ettirish qiyin bo‘lardi”, — degan AQSh rasmiylaridan biri.

Xitoyning AQShdagi elchixonasi bu ayblovlarga javoban Pekin Rossiya-Ukraina mojarosida hech bir tarafga qurol yetkazib bermaganini qayd etdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin may oyida Xitoyga tashrif buyurishi kutilmoqda.