Samarqand xalqaro aeroportida chetga olib chiqib ketilayotgan Nikolay kumush tangasi ushlab qolindi, deya xabar qildi viloyat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Samarqand xalqaro aeroporti orqali Samarqand-Vnukovo aviareysi bilan uchib ketayotgan shaxsga tegishli qo‘l yuklar bojxona xodimlari tomonidan ko‘zdan kechirilganda, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan hamda mamlakatdan olib chiqib ketish mumkin bo‘lmagan taxminiy qiymati 1,2 mln so‘mlik, 1 dona 1896-yil zarb qilingan Nikolay kumush tangasi borligi aniqlangan.

Holat yuzasidan bojxona xodimlari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilgan. Moddiy boylik “Samarqand” davlat muzey qo‘riqxonasiga topshirilishi ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi qonun hamda “Madaniy boyliklarni olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi nizom talablariga muvofiq, ellik yil muqaddam va undan ham oldin yaratilgan madaniy boyliklarni O‘zbekiston hududidan olib chiqish mumkin emas.