O‘rta vazn toifasida WBA chempioni o‘zbekistonlik Isroil Madrimov (10−0−1 7 KO) 4-avgust kuni Los-Anjelesda vazn toifasidan qat’i nazar dunyoning eng kuchli bokschilaridan biri bo‘lgan Terens Kroufordga (40−0 31 KO) qarshi chempionlik unvonini himoya qiladi.

Jangda o‘rta vazn toifasida (69,9 kilogrammgacha) WBO vaqtinchalik chempionligi masalasi ham hal bo‘ladi.

boks, isroil madrimov, terens krouford

29 yoshli Isroil Madrimov 2018-yilda professional debyutini o‘tkazgan va mart oyida rossiyalik Magomed Qurbonovni 5-raundda muddatidan oldin mag‘lubiyatga uchratib, vakant chempionlikni qo‘lga kiritgan edi.

36 yoshli amerikalik Terens Krouford yengil vazn toifasida (61,2 kilogrammgacha) sobiq chempion, shuningdek, birinchi yarim o‘rta vazn toifasida (63,5 kilogrammgacha) mutlaq chempion hisoblanadi.

2023-yilning 30-iyulida Krouford hamyurti Errol Spensni to‘qqizinchi raundda muddatidan avval mag‘lubiyatga uchratgan va yarim o‘rta vazndagi (66,7 kilogrammgacha) barcha to‘rtta titulni qo‘lga kiritib, mutlaq chempion bo‘lgandi. Umumiy hisobda amerikalik bokschida 40 ta g‘alaba (31 ta nokaut bilan) bor, birorta ham mag‘lubiyat yo‘q.

“Terens Krouford pound-for-pound (vazn toifasidan qat’i nazar eng yaxshi) yetakchisi bo‘lib, mening eng sevimli jangchim hisoblanadi… Professional boksda debyut qilganimda nomdor raqibim bo‘lishini xohlardim. Mana shu lahza ham keldi… Menga uning uslubi yoqadi. Uni qattiq hurmat qilaman, lekin 3-avgust kuni men tayyor bo‘laman. Hech shubhasiz. Jang qilishimizni bilganimdayoq xursand bo‘ldim. Lekin men Errol Spens emasman. Men Isroil Madrimovman, bu mening divizionim”, — dedi o‘zbekistonlik.

Nigohlar jangi