O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatovaga Jizzax viloyatida yashovchi fuqaro B.O.dan nevarasiga otasi tomonidan qilingan tazyiq va zo‘ravonlik haqida murojaat kelib tushdi. Bu haqda ombudsman matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, ayolning qizi K.S. 2022-yildan buyon Koreyada ishlab kelmoqda, 8 yoshli o‘g‘li esa otasi qaramog‘ida qolgan. Murojaatga ilova qilingan videoda videoqo‘ng‘iroq paytida er va xotinning janjallashgani va erkak bolaning tomog‘iga pichoq tiragani aks etgan. Bundan tashqari, erkak avval ham xotinini bir necha bor kaltaklab, sog‘lig‘iga zarar yetkazgan.

Murojaat zudlik bilan nazoratga olinib, ombudsman va Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy vakili tomonidan vaziyat joyida o‘rganildi.

Aniqlanishicha, bola hozir buvisi bilan yashaydi. Suhbat davomida bola ota-onasi o‘rtasidagi nosog‘lom munosabatlardan norozi ekani, otasi bilan yashashni istamasligi, balki buvisi bilan yashashni xohlashini aytdi. Shundan so‘ng buvi nabirasiga vaqtinchalik vasiy etib tayinlandi.

Erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, agar bu harakat amalga oshirilishidan xavfsirash uchun yetarli asoslar mavjud bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.