Bosh vazir qarori bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi ikkita tashkilotda tayinlovlar amalga oshirildi, deb xabar bermoqda uning matbuot kotibi.

Shuxrat Abdumajidovich Djabbarov Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.

U 1978-yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy — 1999-yilda Samarqand qishloq xo‘jaligi institutining veterinariya fakultetini, 2002-yilda Samarqand iqtisodiyot va servis institutining moliya fakultetini (sirtqi) tamomlagan. Mutaxassisligi — veterinariya shifokori, moliyachi.

Abrar Akmalovich Akbarov esa qo‘mita raisining o‘rinbosari bo‘ldi. U 1981-yilda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tug‘ilgan. Oliy ma’lumotli: 2004-yilda Samarqand qishloq xo‘jaligi institutini, 2023-yilda Belarusning Vitebsk veterinariya meditsinasi akademiyasini tamomlagan. Mutaxassisligi — veterinariya shifokori.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, Bobir Zoxir o‘g‘li Xamrayev O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.

Bobir Xamrayev 1983-yilda tug‘ilgan. 2006-yilda Toshkent davlat agrar universitetini tamomlagan. 2005-yildan 2011-yilgacha turli tashkilotlarda direktor o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritib kelgan. 2021−2022-yillarda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi O‘simliklar zararkunandalari, kasalliklari va begona o‘tlariga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan.

Ulug‘bek Mamadjanovich Yunusov esa agentlik direktorining o‘rinbosari etib tayinlandi.

Bobir Xamrayev va Ulug‘bek Yunusov tayinlov munosabati bilan direktor o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi lavozimidan ozod qilindi.