O‘zbekiston Davlat musiqali komediya teatrining (operetta) 50 yilligiga bag‘ishlab 26−28-aprel kunlari Toshkent shahrida Operetta.uz II Xalqaro musiqali teatrlar forumi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda operetta teatri matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Tadbirda Belarus, Ozarbayjon, Rossiya va Qozog‘iston musiqali teatrlari vakillari ishtirok etadi. Forum ishtirokchilari orasida rejissyorlar, teatr xoreograflari, ijodiy jamoalar va yetakchi rassomlar bor.

Forum doirasida mahorat darslari va “Odam-amfibiya” musiqiy filmining namoyishi rejalashtirilgan.

28-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan gala-konsertda Belarus davlat akademik musiqali teatri, Novosibirsk musiqali teatri, Ozarbayjon davlat akademik musiqali teatri, Qarag‘anda akademik musiqali komediya teatri solistlari ishtirok etadi.

Bundan tashqari, teatr yubileyiga bag‘ishlangan albom taqdimoti ham bo‘lib o‘tadi.