Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) O‘zbekiston hukumati va xalqaro moliya instituti o‘rtasida imzolangan kelishuv nimadan iborat ekanini tushuntirdi.

“[YeTTB va O‘zbekiston] mamlakatdagi eng yirik davlat moliya institutlaridan biri “Asakabank"ni xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha hamkorlikda ishlashga kelishib oldi. YeTTB tavsiyalar, tajriba almashish, texnik ko‘mak ko‘rinishida xususiylashtirish oldidan zaruriy yordam ko‘rsatadi va bankning o‘z kapitaliga xususiylashtirish oldidan investitsiya kiritish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishi mumkin”, — deyiladi YeTTB xabarida.

Bitimni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov va YeTTBning Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchi direktori Jujanna Xargitay imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, tomonlar “Asakabank"ni xususiylashtirishga tayyorgarlik bosqichida institutsional transformatsiyalar va korporativ boshqaruv tizimini isloh qilish bo‘yicha ish olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, hukumat va YeTTB o‘rtasida “Asakabank"ni xususiylashtirish to‘g‘risidagi bitim imzolangani haqida Shavkat Mirziyoyev xabar bergandi.