19−21-aprel kunlari Respublika bolalar kutubxonasida bolalar inklyuziyasi mavzusiga bag‘ishlangan “His-tuyg‘ular muzeyi 0+” VIII konferensiyasi o‘tkaziladi. Bu haqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Har yili o‘tkaziladigan konferensiya “Garaj” zamonaviy san’at muzeyining inklyuziv dasturlar jamoasi tashabbusi bilan professional hamjamiyat doirasida tajriba almashish va inklyuziv loyihalarni ishlab chiqishning turli ssenariylarini muhokama qilish maqsadida tashkil etiladi. Bu yil ishtirokchilar tarkibi ilk bor ochiq tanlov davomida jamlangan arizalar asosida shakllantirildi.

“Konferensiya jamoasi inklyuziya jamiyatdagi xilma-xillikni qo‘llab-quvvatlash, jismoniy va axborot qulayliklarini ta’minlash, muhitning o‘zi o‘zgarishi bilan bog‘liq amaliyotlar to‘plami, shuningdek, barcha tur va shakldagi istisno va kamsitishlarni yengib o‘tish bo‘yicha tashabbuslarni tushunadi”, — deyiladi bayonotda.

Anjumanda Markaziy Osiyo, Yevropa, AQSh, Tailand va Rossiyadan muzey xodimlari, o‘qituvchilar, metodistlar, rassomlar va boshqa mutaxassislarning nazariy va amaliy tajribalari jamlangan. Uning mavzusi “Bolalar va o‘smirlar bilan ishlashda inklyuziv amaliyotlar” bo‘ladi.

Konferensiya dasturi to‘rt mavzudan iborat sho‘balarga bo‘lingan:

  1. Turli kechinmali bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan loyihalarda norasmiy (muqobil, radikal) pedagogikaning uslub va yondashuvlari;
  2. Adabiyot, multfilm, kino sanoatlari, ko‘rgazma loyihalari va boshqa bolalar hamda o‘smirlar uchun loyihalarda xilma-xillik va boshqachalikni namoyon etish;
  3. Nogironligi bor bolalarga ta’lim berish rasmiy va tajriba-sinovlarga asoslangan sovet amaliyotlarining hozirgi zamonga ta’siri;
  4. Madaniyatda bolalar inklyuziv loyihalari konstruktori: mavqe egallash va leksikasidan tortib materiallarni tanlash va tinglovchilarni jalb etishgacha.

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, tadbir inklyuziya va qulay muhit yaratish sohasida faoliyat olib borayotgan ham tajribali, ham endigina faoliyatini boshlagan xodimlar hamda tashkilotlar uchun qiziqarli bo‘ladi.

19−20-aprel kunlari ma’ruza va muhokamalar shaklida professional hamjamiyat uchun uchrashuvlar o‘tkaziladi. 21-aprelda esa bolalar va oilaviy inklyuziv tadbirlar, barcha xohlovchilar qo‘shilishi mumkin bo‘lgan mahorat darslari, o‘yinlar va kitoblar mutolaasiga bag‘ishlanadi.

Konferensiya dasturi va ishtirokchilar bilan havola orqali tanishishingiz mumkin.

Konferensiyaning barcha tadbirlari ham ishtirokchilar, ham tinglovchilar uchun ro‘yxatdan avvaldan o‘tish orqali bepul bo‘ladi. Bundan tashqari onlayn-translatsiya imkoniyati ham mavjud bo‘ladi.