Samarqand viloyati Toyloq tumanidagi kanaldan ikki bolaning jasadi topildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Urgut tumanida yashovchi fuqaro N.M. 15-aprel kuni viloyati IIBga murojaat qilgan. Unda Samarqand shahrining “Vatanparvar” mahallasida yashovchi kelini I.Ya. 2 nafar farzandi — 4 yoshli qizi va 1 yoshli o‘g‘li bilan o‘sha kuni soat 15:00 atrofida uyidan noma’lum tomonga chiqib ketganini ma’lum qilgan.

16-aprel kuni soat 08:00 atrofida “Darg‘om” kanalining Toyloq tumanidan oqib o‘tuvchi qismida voyaga yetmagan A.N. va M.N.ning murdasi topilgan. 24 yoshli ayolni esa viloyat FVB, IIB va boshqa idoralar bilan hamkorlikda topish choralari ko‘rilmoqda.

Holat yuzasidan Toyloq tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.