Prezident huzuridagi Statistika agentligi mamlakatda kambag‘allik chegarasini aniqlash uchun foydalaniladigan minimal iste’mol xarajatlari (MIX) miqdori avvalgi 621 ming so‘mdan 648 ming so‘mgacha oshirilganini ma’lum qildi.

2024-yil 1-maygacha yonilg‘i-energetika resurslari narxlari oshishini hisobga olgan holda minimal iste’mol xarajatlari qiymatini qayta ko‘rib chiqish va e’lon qilish Vazirlar Mahkamasining 16-apreldagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangandi.

“2024-yil may oyidan hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 648 ming so‘mni tashkil etdi. (2024-yil yanvarda e’lon qilingan qiymat 621 ming so‘mni tashkil etgan)”, — deyiladi Statistika agentligi xabarida.

Jahon tajribasida minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichdan:

  • davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;
  • kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;
  • pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarni ko‘rsatishda mezon sifatida foydalaniladi.