18-aprel kuni Dushanbedagi “Qasri Millat” davlat qarorgohida O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari tor doirada uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Unda siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

“Yetakchilar Markaziy Osiyoning manfaatlarini ilgari surish va uning barqaror taraqqiyotini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadida mintaqaviy tuzilmalar va xalqaro tashkilotlar doirasida konstruktiv hamkorlikni bundan buyon ham davom ettirishga intilishlarini tasdiqladi”, deyiladi xabarda.

Ular, shuningdek, Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzolashi kuilmoqda, matbuot xizmatiga ko‘ra, bu hujjat O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarida sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tish ekanidir.

“Bugun imzolanayotgan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi tarixiy shartnomani amalga oshirish uchun barcha darajalarda — parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosiy idoralar, vazirlik va hududlar o‘rtasidagi muloqotlar samaradorligini oshirish lozim”, — dedi Mirziyoyev.
tovar ayirboshlash, тожикистон

Oxirgi yillarda tovar ayirboshlash hajmi 40 barobar o‘sdi. Qo‘shma korxonalar soni 15 barobar ko‘paydi.

Hukumatlar oldiga tovar ayirboshlashni 2 milliard dollarga (2023-yilda 757 mln dollar) yetkazish, shu jumladan, o‘zaro mahsulot yetkazib berish nomenklaturasini kengaytirish, chegaraoldi savdo zonalarini tezkor ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Prezidentlar chuqur sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish uchun energetika, elektrotexnika, metallurgiya, qazib chiqarish, to‘qimachilik, farmatsevtika, agrosanoat va boshqa tarmoqlarda muhim loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha qat’iy kelishuvlarga erishilganini olqishladi.

Suvdan foydalanish masalalarida konstruktiv va o‘zaro manfaatli muloqotni davom ettirish masalalari muhokama qilindi.

tovar ayirboshlash, тожикистон

Tashrif arafasida biznes forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani, uning yakunida yangi kooperatsiya loyihalari va savdo shartnomalarining katta portfeli shakllantirilgani keltirib o‘tildi. Mashinasozlik, elektrotexnika, energetika, konchilik, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va farmatsevtika tarmoqlaridagi o‘zaro manfaatli loyihalar shular jumlasidan.

Tomonlar kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalarni ham belgilab oldi. Shu maqsadda qo‘shma Investitsiya kompaniyasining salohiyatidan foydalaniladi.

Madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish muhimligi qayd etildi. Kinotomoshalar, konsertlar, spektakllar, ko‘rgazmalar va yoshlar forumlari muntazam o‘tkazilishi ta’kidlandi. Ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, hamyonbop turizm dasturlarini ishlab chiqish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Transport va tranzit tashishlar sohasidagi hamkorlik strategik yo‘nalish sifatida ko‘rsatib o‘tildi. Prezidentlar bu borada o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish hamda havo va temir yo‘llari orqali tashishlarni rivojlantirish, tranzit yuk tashishlar hajmini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratishni qo‘llab-quvvatladi.

Tomonlar madaniy-gumanitar almashinuvni yanada faol qo‘llab-quvvatlashga ahdlashib oldi.

Zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashishda yaqin aloqalarni davom ettirish, Afg‘onistonda ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi. Mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorlik bildirildi, deyiladi xabarda.

Yig‘ilish davomida bosh vazirlar o‘rinbosarlari, transport, energetika va qishloq xo‘jaligi vazirlarining kun tartibi yuzasidan hisobotlari tinglandi.

Davlat rahbari prezident Emomali Rahmonni o‘ziga qulay bo‘lgan vaqtda O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif qildi.

Eslatib o‘tamiz, Dushanbe shahrida 12-mart kuni O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida o‘zaro savdoni 1 milliard dollarga yetkazish uchun birgalikda barcha choralarni ko‘rish lozimligi qayd etilgandi.