2024-yil 1-iyuldan boshlab yuridik shaxslar elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun 100 foiz oldindan to‘lovni amalga oshirishi shart. Bu Vazirlar Mahkamasining 16-apreldagi energiya tariflarini oshirish to‘g‘risidagi qarorida keltirib o‘tilgan.

Eslatib o‘tamiz, ushbu tartib 2017-yilning iyulidan 2019-yilning fevraligacha amalda bo‘lgan, shundan so‘ng avans miqdori 50 foizgacha kamaytirilgandi.

O‘tgan yilning so‘nggida Energetika vazirligi bu qarorini hisoblagichlar va boshqa qurilmalar yetishmasligi sababli iste’molchilarning elektr tarmoqlariga ruxsatsiz ulanishi va elektr energiyasidan foydalanish bo‘yicha ma’lumotlarni soxtalashtirishi bilan izohlagan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilda 39,5 mingta shunday huquqbuzarlik aniqlanib, ta’minotchi korxonaga 355,3 milliard so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Shu davrda 13,17 ming ulgurji iste’molchi 1 milliard 460 million kub metr gazdan oldindan to‘lovsiz foydalangan, oqibatida 90,2 milliard so‘m debitorlik qarzdorlik yuzaga kelgan. Yonilg‘i quyish shoxobchalarining qarzi esa 1-noyabr holatiga ko‘ra 59,9 milliard so‘mga yetgan (yil boshidan buyon +1 foiz o‘sish).

Shu tariqa oldindan to‘lov tizimining joriy etilishi debitorlik qarzlarining o‘sishiga to‘sqinlik qilishi kutilmoqda.