18-aprel kuni Tojikistondagi Millat saroyida o‘zbekistonlik bir guruh madaniyat va san’at namoyandalariga davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Tojikiston prezidenti matbuot xizmati.

Emomali Rahmonning farmoni bilan Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida madaniyat sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun to‘rt kishi, jumladan,

  1. O‘zbekiston milliy musiqa san’ati instituti “Maqom xonandaligi” kafedrasi professori Munojatxon Yo‘lchiyeva;
  2. O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov;
  3. O‘zbekiston davlat filarmoniyasi “Lazgi” ashula va raqs ansambli badiiy rahbari Og‘abek Sobirov;
  4. xonanda Yulduz Usmanovaga “Tojikiston xalq hofizi” faxriy unvoni berildi.

Shuningdek, O‘zbekiston milliy akademik drama teatri direktori Yodgor Sa’diyevga “Tojikiston xalq artisti” faxriy unvoni topshirildi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan Tojikistonning bir guruh madaniyat va san’at xodimlari ham taqdirlandi.

Tojikiston milliy konservatoriyasi rektori Mirali Do‘stizoda, Tojikiston milliy konservatoriyasi dotsenti Ismoil Nazriyev, Tojikiston Hukumati huzuridagi Televideniye va radio qo‘mitasining F.Shaxobov nomidagi “Shoshmaqom” ansambli rahbari Furqat Saidzoda, Bobojon G‘afurov tumani shoshmaqom ansambli rahbari To‘lqin Tojiboyev, A.Jo‘rayev nomidagi Tojikiston davlat filarmoniyasi “Falak” ansambli badiiy rahbari Rahmatullo Hoshimov “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi.