14-aprel kuni Toshkent shahrining Yangihayot tumanida fuqaro profilaktika inspektorini pichoqlab, tan jarohati yetkazdi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Xayot Shamsutdinov holat bo‘yicha tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, tumandagi IIB XPB profilaktika inspektorlari bir xonadonda janjal bo‘layotganligi haqidagi xabarga aniqlik kiritish maqsadida yetib kelgan.

Shu payt xonadon egasi mast holda xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar xodimlariga qarshilik ko‘rsatib, profilaktika inspektorlarining birining ko‘krak qafasiga oshxona pichog‘i bilan bir marotaba urib, tan jarohati yetkazgan. Tan jarohati olgan profilaktika inspektori shifoxonaga olib borilgan va unga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 105 (Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) va 219 (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.