16-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev transport va qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti modernizatsiya qilinib, yo‘lovchilarga sharoit yaxshilangan. Xizmat turlari, ro‘yxatdan o‘tkazish va samolyotga chiqish yo‘laklari ko‘paytirilgan. Uch yillik rekonstruksiya ishlari natijasida poytaxt aeroportining jo‘nab ketish terminali maydoni 56 ming kvadrat metrdan 80 ming kvadrat metrgacha kengaygan.

Toshkent xalqaro aeroporti negizida yangi kargo terminalini qurish rejalashtirilmoqda. Buning samarasida yuklarga sifatli xizmat ko‘rsatish quvvati 300 tonnaga yetadi, deyiladi xabarda.

Javlonbek Umarxo‘jayev. Foto: “O‘zbekiston 24”Javlonbek Umarxo‘jayev. Foto: “O‘zbekiston 24”

“Bugungi kunda ko‘p kompaniyalar tomonidan yuk tashuvlari amalga oshirilmoqda. Hozirgi kargo terminalining sig‘imi sifatli va o‘z vaqtida xizmat ko‘rsatish imkoniyatini bermayapti. Shu munosabat bilan terminalning sig‘imini sutkasiga 70 tonnadan 300 tonnagacha olib chiqamiz”, — dedi Uzbekistan Airports kompaniyasi raisi v.b. Javlonbek Umarxo‘jayev.

Hozirgi kunda aeroportdagi uchib ketish terminali rekonstruksiya qilinmoqda. Bu uch bosqichda amalga oshirilib, ro‘yxatdan o‘tkazish, bojxona va xavfsizlik imkoniyatlari kengaytiriladi. Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga 1200 kishidan 2400 nafarga yetadi.