Demokratiya haqida hamma eshitgan. Lekin u o‘zi nima uchun kerak? Rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiy jihatdan tezroq o‘sishi uchun demokratiyadan ko‘ra avtokratiya yaxshiroq emasmi? Financial Times gazetasining bosh iqtisodiy sharhlovchisi, moliya-iqtisodiyot yo‘nalishida yozuvchi jahonning eng yaxshi jurnalistlaridan biri sifatida e’tirof etiladigan Martin Vulf so‘nggi maqolalaridan birida shu savolga javob izladi, “Gazeta.uz” esa ushbu maqolani o‘zbek tiliga o‘girdi.

O‘tgan hafta Hindistondagi media tashkiloti tomonidan uyushtirilgan vebinarda demokratiyaning hozirgi yomon ahvoli haqida chiqish qildim. Nutqimdan so‘ng tinglovchilardan biri hindistonliklar o‘zi nima uchun demokratiyaga qiziqishi lozimligi haqida so‘radi. Bu G‘arb tomonidan dunyoning qolgan qismiga tiqishtirilgan g‘oyasi emasmidi? Rivojlanayotgan mamlakatlar uchun an’anaviy avtokratiya yaxshiroq emasmi?

Bu savol bir vaqtning o‘zida meni ham tashvishga soldi, ham quvontirdi. Tashvishlanganimning sababi shundaki, Hindistonning ziyoli elitasi vakili katta bir forumda buni so‘rashi bejiz emas. Quvonganimning sababi esa, hozir bu savolni ko‘pchilik bermoqda va va uning javobi faqat rivojlanayotgan mamlakatlarda yashovchilarnigina qiziqtirayotgani yo‘q. Tiraniyaning jozibadorligi oshmoqda.

Grafikda ba’zi tanlab olingan mamlakatlarning 2014−2024-yillar oralig‘ida Freedom House hisobotidagi umumiy ko‘rsatkichlari (ballari) o‘zgarishi aks etgan. To‘q ko‘k — erkin, och ko‘k — erkin emas, havorang esa qisman erkin deya e’tirof etiluvchi mamlakat ekanini anglatadi.Grafikda ba’zi tanlab olingan mamlakatlarning 2014−2024-yillar oralig‘ida Freedom House hisobotidagi umumiy ko‘rsatkichlari (ballari) o‘zgarishi aks etgan. To‘q ko‘k — erkin, och ko‘k — erkin emas, havorang esa qisman erkin deya e’tirof etiluvchi mamlakat ekanini anglatadi.

Freedom House’ning “Dunyoda erkinlik 2024” hisoboti dunyodagi erkinlik darajasi ketma-ket 18 yildan beri kamayib borayotganini tasdiqlaydi. So‘nggi o‘n yillikda ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarda siyosiy va fuqarolik huquqlarining ustuvorligi sezilarli kamaydi. Narendra Modi davrida Hindiston ham, afsuski, shunday mamlakatlar qatoriga kirdi.

Bu kamayishni tezroq iqtisodiy o‘sish uchun to‘lanadigan badal desa bo‘ladimi? Keng ma’noda olib qaralsa, umuman bunday emas. Agar resurslarga boy ba’zi mamlakatlarni, shuningdek, Gonkong va Singapurni hisobga olmasak, dunyoning barcha boy mamlakatlari liberal demokratiya hisoblanadi. Bu haqiqatan ham tasodifmi?

Aholisi 5 milliondan ortiq bo‘lgan mamlakatlarning erkinlik (vertikal) va jon boshiga YAIM bo‘yicha ko‘rsatkichi (gorizontal).Aholisi 5 milliondan ortiq bo‘lgan mamlakatlarning erkinlik (vertikal) va jon boshiga YAIM bo‘yicha ko‘rsatkichi (gorizontal).

Shunga qaramay, ayrim badgumon kishilar, avvalgidek, demokratiya kambag‘al mamlakatlar boyishi uchun eng yaxshi vosita emas, deyishi mumkin. Ular, misol tariqasida, Xitoyning so‘nggi 40 yil davomidagi hayratlanarli o‘sishini keltirishi mumkin. Lekin bu fakt ularning nuqtai nazarini quvvatlamaydi. 2019-yilda e’lon qilingan Daron Ajemo‘g‘li va boshqa mualliflarning “Demokratiya iqtisodiy o‘sishga sabab bo‘ladi” nomli maqolasi “demokratiyaning kelajakdagi jon boshiga YAIMga iqtisodiy va statistik jihatdan sezilarli darajada ijobiy ta’siri bor”ligini tasdiqlaydi. Qayd etilishicha, “demokratiyalashuvdan keyingi 25 yil ichida YAIM 20−25 foizga oshadi”. Qayd etib o‘tish lozimki, bu rivojlanishning erta bosqichidagi mamlakatlar uchun ham taalluqli.

Ehtimol, bundan ham muhim narsa, 2019-yil Karl Henrik Knutsen V-Dem instituti uchun yozgan tavsifnomasida qayd etganidek, avtokratiyalarning qayd etgan natijalari o‘rtasidagi farq ancha kattaligi hisoblanar. Ya’ni, avtokratlar yaxshi bo‘lgan vaqtda, ular haqiqatan ham ancha yaxshi bo‘lishi mumkin. Lekin ular yomon bo‘lganida haqiqiy dahshat bo‘ladi. Masalan, Stalin, Gitler, Pol Pot i Mao Szedun millionlab insonlarni o‘ldirdi. Balki bunga ular buni istashgani sabab bo‘lgandir, balki ular bunga befarqlik bilan qaragani tufayli shunday bo‘lgandir. Masala shundaki, avtokratiyada hukumat hisobdor bo‘lmaydi. Hisobdor bo‘lmagan hukumat esa istalgan ishni qilishi mumkin.

Elektoral demokratiya liberal demokratiyadan ko‘ra mustahkamroq, lekin ikkovida ham pasayish kuzatilmoqda. V-Dem demokratiya indeksi, global, aholi soni inobatga olingan. 0 — juda nodemokratik, 1 — yuqori darajada demokratik.Elektoral demokratiya liberal demokratiyadan ko‘ra mustahkamroq, lekin ikkovida ham pasayish kuzatilmoqda. V-Dem demokratiya indeksi, global, aholi soni inobatga olingan. 0 — juda nodemokratik, 1 — yuqori darajada demokratik.

Tarixchi Timoti Snayder yaqinda e’lon qilingan ajoyib maqolasida “qattiqqo‘l rahbar boshqaruvi xomxayol” ekanini tasdiqlaydi. “Buning uchun muhim g‘oya shundaki, „qattiqqo‘l rahbar“ sizning odamingiz bo‘lishi lozim. Lekin unday bo‘lmaydi. Demokratiya sharoitida saylangan vakillar saylovchilarni tinglaydi. Biz buni shunday bo‘lishi kerak bo‘lgan odatiy narsadek qabul qilamiz va diktator ham bizning oldimizda hisobdordek tasavvur qilamiz. Lekin sizning u uchun bergan ovozingiz, sizning ahamiyatsiz ekaningizni tasdiqlaydi. Masala shundaki, „qattiqqo‘l rahbar“ bizning oldimizda hisobdor emas. Bizni tahqirlashadi va biz bunga ko‘nikamiz”.

Dunyoning aksariyat demokratiyalari hamon juda yosh. Mamlakalar demokratik tuzumining yoshi, 2020-yil ma’lumotlariga ko‘ra.Dunyoning aksariyat demokratiyalari hamon juda yosh. Mamlakalar demokratik tuzumining yoshi, 2020-yil ma’lumotlariga ko‘ra.

Aslida vaziyat bundan ham yomon bo‘ladi. Ehtimoliy mustabid (potensial tiran) — durust odam emas. Uni deyarli har doim hokimiyat istagi boshqaradi. Agar u o‘zi qidirgan narsasiga ega chiqsa va telbaga aylansa, undan qanday qutulish mumkin? Qanday qilib unga qarshi bo‘lgan institutlarni saqlab qolish mumkin? Hokimiyat qo‘ldan-qo‘lga o‘tishini qanday boshqarish mumkin? Konstitutsion monarxiya ish berishi mumkinlini bilamiz. Avtokrat, qonun ustuvorligi va mulk huquqi himoyasi zarur ekanini anglagani holda, Singapur kabi kichik mamlakatni yaxshi boshqarishi mumkinligini bilamiz. Janubiy Koreya va Tayvanda tezkor rivojlanishning dastlabki yillari avtokratlar nazorati ostida o‘tganini bilamiz. Shuningdek, biz Den Syaopin Xitoyda o‘z hokimiyatidan sarmast bo‘lmagan yetakchi bo‘lganini ham bilamiz. Ya’ni, xitoyliklar ta’kidlaydiganidek, sizda “yaxshi imperator” ham bo‘lishi mumkin. Lekin, ko‘p hollarda bo‘lgani kabi, peshonaga “yomon”i yozilgan bo‘lsa nima qilish kerak?

Demokratik mamlakatlarda yashayotgan aholi soni oshib bormoqda, lekin nodemokratik mamlakatlarda yashovchilar ko‘rsatkichi so‘nggi vaqtlarda bu ko‘rsatkichga yetib olyapti. Demokratik va nodemokratik mamlakatlarda yashayotganlar soni (mlrd).Demokratik mamlakatlarda yashayotgan aholi soni oshib bormoqda, lekin nodemokratik mamlakatlarda yashovchilar ko‘rsatkichi so‘nggi vaqtlarda bu ko‘rsatkichga yetib olyapti. Demokratik va nodemokratik mamlakatlarda yashayotganlar soni (mlrd).

Demokratiya shunday ayanchli oqibatlarning oldini oladi, chunki uning o‘zini to‘g‘rilab turuvchi ichki metodlari mavjud. Demokratiya sharoitida — ko‘p mamlakatlarda bo‘lgani kabi — noadekvat fuqarolik, siyosiy va yuridik huquqlar yuzaga kelgan taqdirda ham, saylovlar vaziyatni o‘zgartira oladi. Buning haqiqat ekani o‘tgan yili Polshada va yaqinda Turkiyada o‘z isbotini topdi. Saylovlar Hindistonda ham tiyib turuvchi omil hisoblanadi. Parlamentar tizimlarda parlament a’zolari, Buyuk Britaniyada Boris Jonson va Liz Trass bilan bo‘lgani kabi, rahbarga qarshi oyoqqa turishi mumkin.

Demokratiya foydasiga keltiriladigan eng asosiy dalil — uning yaxshi boshqaruvni yaratishi emas, balki rasvo boshqaruvning oldini olishidir. Bu esa, anarxiyani — hech qanday boshqaruv yo‘qligini inobatga olmaganda, jamiyatda kuzatilishi mumkin bo‘lgan eng yomon narsa. Huquqlar to‘plami qanchalik to‘la bo‘lsa, cheklovlar ham shunchalik kuchli bo‘ladi: o‘shanda ochiq debatlar, norozilik bildirish erkinligi, erkin matbuot va mustaqil institutlar ham mavjud bo‘ladi.

Demokratik mamlakatlarda yashovchi aholi soni muvozanatlashdi. Demokratik va nodemokratik mamlakatlarda yashovchi aholi ulushi.Demokratik mamlakatlarda yashovchi aholi soni muvozanatlashdi. Demokratik va nodemokratik mamlakatlarda yashovchi aholi ulushi.

Demokratiya har doim nozik narsa bo‘lgan. U shunisi bilan nozikki, ba’zi kishilar mustabid (tiran) bo‘lishni va juda ko‘pchilikning ularga ishonishini istaydi. Agar demokratiya odamlarga ular istagan narsani — daxldorlik hissi, xavfsizlik, ular qadrlaydigan boshqa narsalarni bera olmasa, [mustabidning hokimiyat tepasiga kelishi] ehtimoli ehtimoli yana oshadi. Yasha Munk o‘z kitobi (“The Identity Trap”)da ta’kidlaganidek, demokratiyalar tengsizlik va xilma-xillik yuqori bo‘lgan jamiyatlarda ayniqsa nozik bo‘ladi, bunda potensial tiranlarning shu ziddiyatlardan foydalanishga urinishi ham katta o‘rin tutadi. Darhaqiqat, Sharun Mukand (Uorik universiteti) va Deni Rodrik (Harvard universiteti)ning tadqiqoti (“The Political Economy of Liberal Democracy”)da ta’kidlanganidek, бunday jamiyatlarda liberal demokratiya yaratish qiyin kechadi.

Suxbatdoshim haq edi: demokratiya yangi innovatsiya. Lekin ayni vaqtda u adashayotgan ham edi: demokratiya yaqinda paydo bo‘la boshladi, degani uning qadri yo‘q ekanini anglatmaydi. Bu — demokratiya mukammal bo‘lmagan taqdirda ham, avtokratiyalar ba’zida ish bergan taqdirda ham — haqiqat. Demokratiya huqumat hisobdorligini va odamlarning ovoz berish huquqini ta’minlaydi. Bu biz uchun uchun mustabidlarning har turli xurmacha qiliqlariga chidashdan ko‘ra ancha yaxshi.