Abdulloh Ro‘ziyev — andijonlik yosh tarjimon. U Andijon davlat chet tillar instituti 2-kurs magistratura talabasi bo‘lib, Asaka tumani Zankent qishlog‘ida bolalarga ingliz tilidan saboq beradi. Andijon davlat universitetining Ingliz tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan holda bakalavr darajasini olgan. Nasrga mehri doimo bo‘lgan, lekin talabalik yillariga kelibgina bu mehr yuzaga chiqqan. Eng muhimi, u ingliz tilidagi adabiyotlarni o‘qishni yaxshi ko‘rardi.

U o‘zbek yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari bilan yoshligida tanishgan. “Dunyoning ishlari” — O‘tkir Hoshimovning onasi bilan bog‘liq hikoyalari to‘plami. Birinchi marta 1982-yilda nashr etilgan asarda Toshkentning urushdan keyingi yillari tasvirlangan. Yozuvchi o‘z oilasi, onasi misolida toshkentliklarning o‘sha yillari boshidan kechirgan hayoti va qiyinchiliklarini tasvirlagan.

“Avvaliga yoshim tufayli kitobning ahamiyatini tushuna olmadim. Boshqa asarlar kabi e’tiborimni tortmadi”, — deb eslaydi Abdulloh Ro‘ziyev hikoyalar bilan birinchi tanishuvini.

дuнёning ishlari, марк риз, o‘zbek adabiyoti

Tarjima muqovasi. Mualliflar “Dunyoning ishlari” sarlavhasini o‘zbek tilida qoldirishga qaror qilgan, pastroqqa ingliz tilida “Such Is Life” sarlavhasini qo‘shishgan. Surat muallifi: Dildora Sapashova

Abdulloh Ro‘ziyev oradan yillar o‘tib, oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirishga hozirlik ko‘rayotgan vaqtda ijodga qaytdi. Shu vaqtda o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishga qiziqib qoldi. “Dunyoning ishlari”ni ikkinchi marta qo‘liga olganda, asar tarjimonni hayratda qoldirdi.

“O‘tkir Hoshimovning ajoyib iste’dodi ideal o‘zbek onasining qiyofasini so‘zlarda to‘g‘ri yetkaza olishidadir. Hikoyalarda onamning aksini topdim. Biroz o‘tib bu kitob mening sevimli kitoblarimdan biriga aylandi”, — deya davom etdi u.

Abdulloh 2016-yilda hikoyalarni ingliz tiliga tarjima qilishni boshlagan. Ishni 2018-yilga qadar yakunladi. Asarni keng ommaga taqdim etishdan avval tarjimon O‘tkir Hoshimov avlodlarining duosini olishga qaror qildi. Shuningdek, 2018-yilda u CEFR ingliz tili imtihonini topshirish uchun Toshkentga keldi. Fursatdan foydalanib, u o‘zbek adibining yaqinlari bilan uchrashish uchun poytaxtda qoldi. Ularning kontaktlarini tarjimonga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi taqdim etdi. Ro‘ziyev yozuvchining qiziga qo‘ng‘iroq qiladi, ular tomonidan Abdullohga tartib-qoidalar tushuntiriladi. Adib avlodlari matnni ingliz tilida so‘zlashuvchi tomonidan o‘qilishi va tahrirlanishi sharti bilan tarjimaning nashr etilishini ma’qulladilar. Hayot Abdullohni tarjimon Mark Riz bilan shunday tanishtirdi.

Abdulloh Ro‘ziyev Mark Riz bilan. Foto: Abdulloh Ro‘ziyevAbdulloh Ro‘ziyev Mark Riz bilan. Foto: Abdulloh Ro‘ziyev

2018-yilda Mark Riz Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romanini tarjima qilish ustida faol ishladi. “Dunyoning ishlari” tarjimasini unga shoir A’zam Obidov bergan. Riz Ro‘ziyevga yordam berishga rozi bo‘ladi, lekin u “O‘tgan kunlar” bilan band bo‘lgani uchun Abdullohdan kutishni so‘raydi.

“Tarjima ham, hikoyalarning o‘zi ham menda katta taassurot qoldirdi. Men Abdullohni umidli tarjimon sifatida ko‘rdim. Unga yo‘l ko‘rsatib, xalqaro auditoriya bilan bog‘lashim kerak edi”, — dedi Mark Riz “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda.

Mark bir yildan so‘ng Ro‘ziyevga xat yozadi.

“Men nihoyatda baxtli edim. Mark aka o‘zbek madaniyati va [o‘zbek tilidan ingliz tiliga] tarjima bo‘yicha katta tajribaga ega. Shubhasiz, u o‘z sohasining professionali. Bizning birgalikdagi ishimiz shunday boshlandi. U menga matn yuzasidan savollar berdi va unga aniqlik kiritdi. Mark aka tarjimaga adabiy uslubni kiritib, uni takomillashtirdi. U menga oxirgi variantni tahrir uchun yubordi. Unda O‘tkir Hoshimov bergan asl ma’noni imkon qadar saqlab qolgandi. Umuman olganda, birgalikdagi ishimiz uch yil davom etdi”, — deydi Abdulloh.

O‘tkir Hoshimovning uslubi har ikki muallifni ham hayratga solgan. Ular buni aniq yetkazishga harakat qilishdi. Buning uchun Abdulloh iboralar, fikrlar tafsilotlarini o‘tkazib yubormaslik uchun dastlab hikoyalar tarjimasini qo‘lda yozgan. Keyin qo‘lyozmani raqamli formatga o‘tkazgan. Ish bir yil davom etadi. Uy vazifalari va imtihonlarni davom ettirishi kerakligi uchun ba’zan u uyqusidan voz kechishga majbur bo‘ldi.

дuнёning ishlari, марк риз, o‘zbek adabiyoti

“O‘tkir Hoshimov qahramonlarning his-tuyg‘ularini, quvonch va qayg‘uli lahzalarini mohirona tasvirlay bilardi. U o‘z qahramonlari, jumladan, antagonistlar yashagan tarixiy kontekstni ko‘rsata oladigan hikoyalar yaratdi. Boshqa yozuvchilardan farqli o‘laroq, Hoshimov odamlar qanday qilib “yomon odam” bo‘lib qolishini ko‘rsatdi. Ushbu yondashuv qahramonlarga nisbatan hamdardlik tuyg‘usini uyg‘otadi. Masalan, Dalavoyning “Dunyoning ishlari”dagi qo‘polligi undagi farzandlar sog‘inchi va oilaviy baxtning yo‘qligi bilan izohlanadi. Umuman olganda, Hoshimovning hikoyalari odamlarga nisbatan nafrat tuyg‘usini uyg‘otmaydi. Aksincha, ular bizni hech kim yovuz bo‘lib tug‘ilmasligini tushunishga undaydi. Ba’zida sharoit va muhit ularning tanloviga ta’sir qiladi. Hoshimov asarlaridan o‘quvchi inson tabiatining murakkabligi haqida tasavvur hosil qilishi mumkin”, — deb tushuntiradi Abdulloh.

“Hoshimov o‘zining ochiq, boy nasriy uslubi va zamonaviyligi bilan ajralib turadi”, — deydi Mark Riz. “Yopiqroq usulda yozadigan Qodiriyga nisbatan Hoshimov ochiqroq yozadi. Bundan tashqari, shuni yodda tutishimiz kerakki, bu ikki yozuvchi o‘rtasida bir epoxa farqi bor, bu ularning uslubiga ta’sir qilgani shubhasiz. Biroq har ikkala muallifni ham o‘zbek xalqining o‘ziga xosligini aks ettirish birlashtiradi. Jumladan, Hoshimov urush yillarida markaziy osiyoliklar ko‘rgan qurbonliklarni ko‘rsatadi. Qaysidir darajada siz alamni o‘qiy olasiz. U urush alamli, achchiq ekanini ko‘rsatgan. Xursand bo‘ladigan hech narsa yo‘q. Odamlar frontga ketib, oilalariga qaytmagan. Odamlarga bu juda qimmatga tushgan”, — deya o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi Mark Riz.

Abdulloh uchun ham, Mark uchun ham ingliz tilidagi tarjimasi chuqur ma’noga ega. Birinchisi o‘z ijodini onasiga bag‘ishlasa, ikkinchisi o‘zbek adabiyotiga mehrini yetkazishga harakat qilgan.

“Bir xalqning ruhini boshqa tilda yetkazish o‘ziga xos mahoratdir. Shuning uchun bo‘lsa kerak, men o‘zimni so‘fiy kovboy deb bilaman”, — deya qo‘shimcha qildi amerikalik tarjimon.

Hikoyalarning ingliz tilida nashr etilishi United Cement Group (UCG) ning moliyaviy yordami bilan amalga oshirildi, deydi Mark Riz. Kompaniya professional muharrirni yollash uchun mablag‘ ajratdi. Lekin Mark ham, Abdulloh ham homiydan moddiy foyda olishmadi. UCG shuningdek, Nyu-Yorkdagi Grand Central 7 line metro bekati o‘tish joylarida elektron tablolarda reklama bannerlarini joylashtirishga homiylik qildi.

дuнёning ishlari, марк риз, o‘zbek adabiyoti

Bannerlarni joylashtirishni tashkil etgan kompaniyaning hisob-kitoblariga ko‘ra, har oy ushbu metro bekatidan besh milliondan yetti milliongacha yo‘lovchi foydalanadi. O‘zbek yozuvchisi qissasi tarjimasi 27-aprelga qadar namoyish etiladi.

“Dunyoning ishlari”ning ingliz tiliga tarjimasi Amazon’da qattiq muqovada sotuvda mavjud.