27-mart kuni soat 15:40 atrofida Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida yuz bergan yo‘l transport hodisasi oqibatida 3 kishi vafot etdi, deya xabar bermoqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi.

Qayd etilishicha, 41 yoshli ayol haydovchilik guvohnomasisiz Nexia 3 avtomobilida Sangardak-Denov yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan bo‘lgan. Tumanning Nilu mahallasi hududida tezlikni me’yoridan oshirishi oqibatida tik nishablikda boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘ldan chiqib ketib, beton to‘siqqa urilgan.

YTH ortidan avtomobilda yong‘in yuzaga kelgan. Buning oqibatida haydovchi va uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari voqea joyida halok bo‘lgan.

Shuningdek, avtomobilda bo‘lgan haydovchining yana bir nafar farzandi hamda yaqin qarindoshi (avtomobil egasi) og‘ir tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan.