Turkiya chegaradagi kirish va chiqish punktlarida, jumladan, Istanbul aeroportida xavfsizlik choralarini kuchaytirdi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bu haqda xabar berib, O‘zbekiston fuqarolarini tekshiruvlar va cheklovlar yuzasidan ogohlantirdi.

Qayd etilishicha, Istanbul xalqaro aeroportida asosan 20−35 yoshdagi xorijliklarga nisbatan nazorat tadbirlari kuchaytirilgan. O‘zining xatti-harakatlari bilan shubha uyg‘otgan shaxslar bilan migratsiya xizmati xodimlari tomonidan suhbat o‘tkazilib, shaxsiy uyali telefonlari tekshirilishi holatlari ham uchramoqda.

Terrorizm, odam savdosi va boshqa jinoyatlarga aloqadorlikda gumonlanganlar, taqiqlangan tovarlarni olib o‘tishga uringan shaxslar “Turkiyaga kirishi istalmagan yo‘lovchi” sifatida baholanib, Turkiya hududiga kiritilmasdan, mamlakatiga qaytarib yuborilmoqda.

Jumladan, 2024-yilning yanvar-fevral oylari davomida O‘zbekistonning 163 nafar fuqarosi Turkiyaga kiritilmagan, ularning 54 nafari bundan oldin Turkiyaga kelib, qonunbuzarlik sodir etib, mamlakatga kirishiga taqiq qo‘yilganlar bo‘lgan.

Shu bilan birga, agentlikka ayrim o‘zbekistonliklar Istanbul aeroportida politsiya xodimlarining qo‘pol muomalasi bo‘yicha shikoyat qilgan.

“Bu borada fuqarolarimizning barcha shikoyat va e’tirozlari diplomatik kanallar orqali turk tomoniga yetkazildi va hozirgi kunda mutasaddi tashkilotlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. O‘z o‘rnida, fuqarolarimizdan mahalliy qonunlarni hurmat qilib, ularga to‘liq rioya etishlarini so‘rab, oldin qonunbuzarlik sodir etib deportatsiya qilingan fuqarolardan esa Turkiyaga kirish taqiqi bor yoki yo‘qligini Toshkent va Samarqand shaharlaridagi Turkiya diplomatik vakolatxonalaridan o‘rgangan holda kelishlari tavsiya qilinadi”, — deyiladi xabarda.

Yil boshidan buyon odam savdosida ayblangan bir necha ayol, jumladan, Munisaxon Alijonova, “Madam Klod” nomi bilan tanilgan Nilufar Mirxanova, shuningdek, Dilnoza Umarova va Mavludaxon Ulmasovalar Turkiyadan deportatsiya qilingandi.

Shuningdek, moliyaviy jinoyatlarda ayblanib qidiruvda bo‘lgan 58 yoshli Faxriddin Shakarboyev va 31 yoshli Xumoyunbek Mardonov ham Turkiyadan ekstraditsiya qilingan.