Birinchi o‘rta vazn toifasida (69,9 kg gacha) WBA yo‘nalishida jahon chempioni bo‘lgan o‘zbekistonlik professional bokschi Isroil Madrimov muddatidan oldin O‘zbekiston ichki ishlar organlari mayori unvonini qo‘lga kiritdi, deya xabar qilmoqda IIV matbuot xizmati.

U 8-mart kuni Saudiya Arabistonida WBA chempionligi uchun avval mag‘lub bo‘lmagan rossiyalik bokschi Magomed Qurbonov ustidan muddatidan avval g‘alaba qozongandi.

18-mart kuni Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyida ichki ishlar xodimlarini taqdirlash marosimida ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov Madrimovga mayor maxsus unvonini topshirdi. Bungacha sportchi kapitan unvoniga ega edi.

Foto: Isroil Madrimov / Facebook.Foto: Isroil Madrimov / Facebook.

Maxsus unvonni muddatidan oldin berish shartlari ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomda keltirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Madrimovga prezident sovg‘asi — narxi 1,04 mlrd so‘m bo‘lgan Tahoe avtomobili topshirilgandi.