Denis Sokolov — ko‘chmas mulk sohasidagi Commonwealth Partnership Uzbekistan (CMWP) xalqaro konsalting kompaniyasining hamkori va bosh direktori, Qirollik diplomli baholovchilar institutining (RICS) a’zosi. U “Ko‘chmas mulk tili” nomli turkum maqolalarida (rus tilida) ko‘chmas mulk bozorining tuzilishi va xususiyatlari, uning rivojlanishi bo‘yicha prognozlar haqida so‘z yuritadi.

Fevral oxirida bo‘lib o‘tgan UzBuild ko‘rgazmasida Yangi Toshkentni rivojlantirish konsepsiyasi ommaga taqdim etildi. 20 ming gektarni egallagan maydonda bir millionga yaqin odam istiqomat qilishi kutilmoqda. Ushbu loyiha jamoatchilik orasida bir qator savollarni keltirib chiqardi. O‘zbekistonliklar loyihani amalga oshirish imkoniyatlari va “yo‘ldosh shaharni” qurishning maqsadga muvofiqligiga shubha bilan qaramoqda.

Yangi Toshkent — yangi shahar qurilishi bilan bog‘liq yagona hodisa emas. Eng yaqin misol — Yangi Moskva — Moskva viloyatining 2012-yilda Rossiya poytaxtiga qo‘shib olingan qismi. Yana bir misol — 1997-yildan beri Qozog‘istonning poytaxti hisoblangan Ostona shahri. O‘zi янги shaharlar nima uchun quriladi?

Zamonaviy shaharlardan farqli o‘laroq, tarixiy shaharlar jamoat transporti, markazlashgan suv ta’minoti, issiqliq tarmog‘i va XXI asr odami odatlangan boshqa narsalar mavjud bo‘lmagan sharoitlarda shakllangan. Tarixiy shaharlarning vazifalari ham zamonaviy shaharlarnikidan farq qilgan — buni ayniqsa aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida barpo etilgan Yevropadagi “qal'a shaharlar” (walled cities) misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

cmwp, denis sokolov, ko‘chmas mulk tili, yangi toshkent

Tarixiy shaharlarning o‘ziga xosliklari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Qal’alarda o‘rta asrlarga xos xususiyatlar, eski shaharning ayrim qismlari saqlanib qolgan. Masalan, Buxoro, Samarqand va Toshkentning tor jin ko‘chalari davlat va xalqaro tashkilotlar muhofazasida. Konservativ qonunchilik va tartibga solish an’anaviy turmush tarzini saqlashga qaratilgan. Buning sharofati bilan, bir tomondan, tarixiy osori-atiqalardan bahramand bo‘lish imkoniga egamiz. Biroq, boshqa tomondan, shaharsozlar, me’morlar va quruvchilar xayolotining parvozi, shuningdek, ko‘p hollarda aynan fuqarolarning qulayligi qonunchilik cheklovlarining tor doirasida siqib qo‘yiladi.

Bunday vaziyatda samarasiz foydalanilayotgan hududlarda meros va cheklovlardan xoli yangi shahar qurish eng maqbul yechimdek ko‘rinadi. Bu shaharning rivojlanish salohiyatini hamda, shunga mos ravishda, biznes va odamlar uchun jozibadorligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.

Ommaviy uy-joy qurilishi aholi sonining o‘sishiga olib keladi, degan noto‘g‘ri qarash mavjud. Aslida odamlar ko‘p uy-joylar qurilayotgan yerga emas, qayerda ish, ta’lim, madaniyat, ijtimoiy muhit mavjud bo‘lsa, o‘sha yerga boradi. Tug‘ilish sur’atlari yuqori va aholisi yosh bo‘lgan O‘zbekistondek mamlakatda imkon qadar ko‘pchilikni iqtisodiy faoliyatga jalb etish, ularga ta’lim berish va zarur ko‘nikmalar bilan qurollantirish uchun nostandart yechimlarni qo‘llashni talab etadi.

cmwp, denis sokolov, ko‘chmas mulk tili, yangi toshkent

Toshkent bugun shunday imkoniyatlarni taqdim etadi va allaqachon jozibador shahar hisoblanadi. Biroq aholi zichligi me’yoridan ortib ketishining oldini olish uchun shaharda aholi o‘sishi va rivojlanishning uyg‘unligi ta’minlanishi lozim. Boshqacha qilib aytganda, yaqin 10−20 yil ichida shahar yana 2−3 million kishini qabul qilishiga to‘g‘ri kelishini anglamoq kerak.

Yangi Toshkent g‘oyasi o‘z-o‘zidan ana shu ehtiyojlarga javob beradi. Bundan tashqari, Yangi Toshkent poytaxtda shundoq ham shakllanib ulgurgan ko‘p markazlilikning rivojlanishiga hissa qo‘shadi. Bugungi kunda shaharda bir nechta markazlar mavjud: tarixiy markaz (Eski shahar), Rossiya imperiyasi davrida qurilgan Yangi shahar. Yangi Toshkent esa “Uchinchi Renessans” markazi sifatida shahar taraqqiyotining to‘liq mantiqiy davomi sifatida ko‘rinadi.

Biznes binolari nuqtai nazaridan ko‘chmas mulk sohasi ekspertlari asosiy ofis binolari jamlangan to‘rt klaster — uchta markaziy ishbilarmonlik hududi va Tashkent Cityʼni ajratib ko‘rsatadi. Dunyodagi aksariyat tarixiy shaharlar faoliyatning yagona markazda kuchliroq jamlanganligi bilan ajralib turadi. Toshkentning o‘ziga xosligi shundaki, u tabiiy ravishda ko‘p markazlilikni namoyish etadi.

Yangi Toshkentning bosh rejasi yangi hududning transport tizimini uzluksiz integratsiyalashni nazarda tutadi. Darhaqiqat, Yangi Toshkentning asosiy yo‘llari mavjud transport arteriyalarining davomi bo‘ladi — u “yo‘ldosh shahar” emas, balki hududning to‘laqonli rivojlanishi bo‘ladi.

cmwp, denis sokolov, ko‘chmas mulk tili, yangi toshkent

Yangi shaharni qurishning asosiy muammosi — bu jarayonning barcha ishtirokchilari uchun — davlat, biznes, unda yashovchi aholi uchun — o‘zlariga zarur narsani olish imkonini beradigan moliyaviy modelni yaratishdir. Buning uchun xalqaro investorlar, developerlar va foydalanuvchilarni jalb qilishga to‘g‘ri keladi. Bu, o‘z navbatida, Yangi Toshkentni mamlakatning “biznes peshtaxtasi” sifatida taqdim etish imkonini beradi — bu orqali xalqaro investitsion kompaniyalar va jamg‘armalar O‘zbekistonning salohiyatini sinab ko‘rishi mumkin.

Yangi hududlarni o‘zlashtirish keyingi o‘n yillikning vazifasi bo‘lishiga qaramay, ushbu loyiha bugungi kunning o‘zidayoq iqtisodiyotga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Aholi va biznes uchun shunisi muhimki, hozirdanoq:

1. Shahar hududining rivojlanish istiqboli belgilangan. Bu bugungi kunning o‘zidayoq aholi zichligining kelgusida qanday o‘zgarishi va shahar zichligi markazining sharqqa siljishini taxmin qilish mumkinligini anglatadi.

2. Taxmin qilish mumkinki, Yangi Toshkent kapitalning bir qismini o‘ziga jalb qiladi va eski shahar ichidagi loyihalar uchun moliyalashtirish manbalarini topish qiyinlashadi.

3. Loyihani amalga oshirish bugungi kunda loyihalash, marketing, muhandislik va infratuzilma qurilishi sohasida yangi ish o‘rinlarini yaratishni taqozo etmoqda.

4. Davlat uchun bu xalqaro maydon va forumlarda taqdim etiladigan flagman loyihaga aylanadi.

5. Yangi Toshkent o‘ziga tutash hududlar rivojlanishiga qo‘shimcha turtki beradi.

6. Toshkent shahrida qurilishi rejalashtirilgan turar-joy majmualari konsepsiyalari yangi hududlar bilan raqobat o‘rniga sinergiyani ta’minlash maqsadida yangi shahar istiqbollarini hisobga olishi lozim.

Aholi soni va iqtisodiyoti o‘sib borayotgan mamlakat uchun yangi hududlarni rivojlantirish — bu tabiiy jarayon. Yangi Toshkent qurilishiga malakali yondashish muhandislik-transport infratuzilmasiga chidab bo‘lmas yuklama tushishining oldini oladi va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.