Shavkat Mirziyoyev 21-noyabr kuni Toshkent metropolitenida xizmatlar sifatini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda uning matbuot kotibi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda metropoliten qamrovini kengaytirish maqsadida qo‘shimcha 32 kilometr yo‘l qurildi, 21 ta yangi stansiya ishga tushirildi. 15 ta zamonaviy metro poyezdlari olib kelindi. Yangi yo‘nalishlar poytaxtning Yashnobod, Mirobod, Sergeli, Yangihayot va Yunusobod tumanlaridan o‘tdi.

Bugungi kunda metropolitendan foydalanadigan yo‘lovchilar soni 5 barobar oshib, kunlik qatnov 720 mingtaga yetdi. Kunning tig‘iz vaqtida poyezdlar kelish vaqti avvalgi 5−7 daqiqadan 2 daqiqagacha qisqardi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Yig‘ilishda davlat rahbari metro xizmatlari sifatini oshirish, harakat qulayligi va xavfsizligini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Xususan, yana yangi vagonlar olib kelib, foydalanish muddati o‘tganlarini yangilash, ikki daqiqali intervalni ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

metropoliten, шавкат мирзиёев, metro

Toshkent metropolitenini transformatsiya qilib, daromadini oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida prezident Toshkent shahrida jamoat transportini yanada rivojlantirish, avtobuslar va metroning o‘zaro hamohangligini, avtobuslar uchun ajratilgan yo‘laklar faoliyatini ta’minlash, transport nuqtalarini qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar berganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, davlat rahbari Toshkent shahrining bosh rejasiga muvofiq metro va elektr transportini rivojlantirish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar bergan.

“Toshkent metropoliteni” korxonasi rahbari Rahmonbek Usmonov Toshkent metropolitenini 2040-yilgacha rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilayotganini, unda qurilishi rejalashtirilgan stansiyalar soni va boshqa vazifalar belgilab berilganini ma’lum qildi.

“Prezident metropolitenni yangi texnologiyalar asosida qurish bo‘yicha topshiriq berdi. 2040-yilgacha rejalashtirilgan qurilish ishlarida asosan yerosti metrosiga e’tibor beriladi. Shuni inobatga olib, Eski shahar qismi, ayniqsa, [shaharni] Yangi Toshkent bilan bog‘laydigan ikkita alohida yo‘nalish qurish rejalashtirilmoqda. Yaqin kunlarda hurmatli prezidentga taqdimotini qilamiz”, — dedi u.

“Gazeta.uz” avvalroq Yangi Toshkentda “eski” Toshkentga bog‘lanadigan yagona tramvay va metro tarmog‘ini qurish rejalashtirilayotgani haqida xabar bergandi. ““Avvalambor, Toshkentning transport modeli yaratildi, u makromodel deyiladi. Yangi shaharga ikkita metro liniyasi — “Buyuk Ipak yo‘li” va “Do‘stlik” bekatlari orqali bog‘laniladi. Yangi shaharga metroda 30−35 daqiqada yetib kelish imkoniyati yaratiladi… Avtomobilda kelishga ehtiyoj qolmaydi”, — degandi qurilish vaziri o‘rinbosari Davronjon Odilov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chilonzor metro liniyasini TTZ massivigacha kengaytirish rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi.