Qiziriq tumaniga qariyb 1 yil rahbarlik qilgan iqtisodchi Rustam Pardayev sug‘oriladigan yerlarni talon-toroj qilganlikda ayblanmoqda. Bu haqda “Gazeta.uz” maxsus muxbiri Abror Kurbonmuratov Surxondaryo viloyatidan xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Termiz shahar 9-sonli tergov hibsxonasi xodimlari Rustam Pardayev saqlanayotganini tasdiqlashgan. Uning yaqinlari aytishicha, jinoyat ishi sudga oshirilgan.

Sobiq hokimning advokati Ruslan Qalqonov himoyasi ostidagi shaxs qariyb 3 oydan beri hibsda ushlanib turganini ma’lum qildi.

“Termiz tumani sudida Pardayevga oid jinoyat ishi ko‘rilayapti. Jinoyat kodeksining 167 moddasi 3-qismi, 205-moddaning 2-qismi, 209-moddasining 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, sizga boshqa ma’lumotlar bera olmayman, uzr”, — dedi u “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda.

“Gazeta.uz” Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudi raisi Odilbek Begimqulov bilan ham bog‘landi.

“Ha, Qiziriq tumani sobiq hokimi Rustam Pardayevga oid jinoyat ishini ko‘ryapmiz. Ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Sud ochiq bo‘lib o‘tmoqda. Keyingi sud 3-noyabr kuni bo‘ladi” — dedi Odilbek Begimqulov.

Sudyaning so‘zlariga ko‘ra, sobiq hokim Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bo‘yicha ayblanmoqda:

  • 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish);
  • 168-moddasi (Firibgarlik),
  • 209-modda (Mansab soxtakorligi);
  • 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish).

Ma’lumot o‘rnida, Rustam Pardayev 1979-yil 7-aprelda Qiziriq tumanida tug‘ilgan. 2006-yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi — iqtisodchi.

2007−2017-yillarda “Mikrokreditbank” ATB Jarqo‘rg‘on filiali boshqaruvchisi va viloyat filiali boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2017-yildan Surxondaryo viloyat iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi, Surxondaryo viloyati investitsiyalar bosh boshqarmasi boshlig‘i, viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i, viloyat hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimlarida xizmat qilgan. 2020-yildan 2022-yilning yanvar oyigacha Denov tumani hokimi lavozimida ishlagan. 2022-yilning 31-yanvarida Qiziriq tumani hokimi Yusupov Ilhom Elmurodovich o‘rnini Rustam Pardayev egallagandi.

Biroq, Surxondaryoning sobiq hokimi To‘ra Bobolov 2022-yilning 26-dekabrida lavozimidan ozod qilinganidan ko‘p o‘tmasdan, viloyatning 13 tumani hokimi qatorida Rustam Pardayev ham (2023-yilning 25-yanvarida) ishdan bo‘shatildi. Hozirda uning lavozimini Sherzod Rajabov egallab kelmoqda.

Ulug‘bek Qosimov viloyatga hokim sifatida tanishtirilgan kunda prezident Shavkat Mirziyoyev 13 tumanga bir kunda yangi hokimlar tayinlangani yuzasidan ham fikr bildirgandi.

“Eng asosiysi, odamlarimiz va tadbirkorlarda kelajakka ishonch paydo bo‘ldi. Endi ko‘nglimdagi bitta gapni aytsam. Agar yana bir-ikki yil birgalikda qattiq ishlasak, Surxondaryoda juda katta rivojlanish, o‘sish bo‘ladi. Shu bois 13 ta tuman hokimi lavozimiga respublika idoralarida ishlagan, malakali kadrlarni qo‘ydik”, — degandi davlat rahbari.