30-aprel kuni umumxalq muhokamasi bilan qabul qilingan va 1-maydan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 27-moddasida “Shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shart”ligi (Miranda qoidasi) belgilab qo‘yilgan.

Xo‘sh, mazkur qoida amalda qanchalik ishlayapti? “Gazeta.uz” 9-avgust kuni Bosh qomus kuchga kirgan sanadan boshlab, Bosh prokuratura va IIV xodimlari tomonidan shaxslarni biron-bir jinoyatda gumonlab, hibsga olish jarayonida ularga Miranda qoidasi tushuntirilayotgani yoki yo‘qligi haqida so‘rov yubordi. Shu qatorda, tahririyat bloger Olimjon Haydarovning qo‘lga olinishi vaqtida unga barcha huquqlari tushuntirilgani aks etgan video tasvirlarni (tergov siri bo‘lgani uchun ommaga e’lon qilmaslik sharti bilan) tanishib chiqish maqsadida taqdim etishni so‘radi.

So‘rovga IIVdan matbuot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosov javob berdi.

“Ichki ishlar organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasiga muvofiq, „Miranda qoidasi“ talablari asosida ushlangan shaxsga sukut saqlash, so‘roq jarayonida advokati ishtirokini talab qilish va boshqa huquqlarga egaligi, unga tushunarli tilda ilk soniyalardanoq tushuntiriladi. Shu bilan birga, mazkur xatda keltirilgan holatlarda ham (jumladan, Olimjon Haydarovni qo‘lga olish ham nazarda tutilmoqda — tahr.) yuqorida keltirilgan huquqiy harakat amalga oshirilgan”, — deyiladi vazirlik rasmiysi javobida.

Biroq, IIV matbuot kotibi yangi Konstitutsiya kuchga kirgan sanadan boshlab qancha fuqaro jinoyatda gumonlanib qo‘lga olinganiga oid statistikani, shu qatorda bloger hibsga olinishi jarayonida tasvirga olingan videoni taqdim etmadi.

Bundan tashqari, Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov bunday ma’lumot faqat IIV va Bosh prokuraturada mavjudligini ma’lum qildi.

Avgust boshida Bosh prokuraturaga yuborilgan rasmiy so‘rov javobini olishning esa imkoni bo‘lmadi.

Qayd etish joiz, huquq-tartibot organlari vaqti-vaqti bilan tezkor tadbirlarda olingan tasvirlarni e’lon qilib keladi. Ammo huquq-tartibot organlari shu vaqtgacha gumonlanuvchi shaxslarni ushlash vaqtida ularga xodimlar tomonidan huquqlari eslatilayotgan tezkor tadbirlarning biror videotasvirini ommaga ko‘rsatgani yo‘q.

Bloger ishi

Eslatib o‘tamiz, Olimjon Haydarov 29-iyul kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lga olingandi. U “Qo‘qon Istiqlol” savdo kompleksi rahbarlaridan salbiy mazmundagi maqolani internetda tarqatmaslik evaziga 10 000 dollar talab qilganlikda ayblanmoqda.

10-oktabr kuni tergov organi Haydarovga nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi (Ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali tuhmat qilish), 139-moddasi 3-qismi “a” bandi (Og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilish), 140-moddasi 3-qismi “a” bandi (Jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda haqorat qilish), 165-moddasi 2-qismi “a” “b” bandlari (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, ko‘p miqdorda tovlamachilik qilish) bilan ayb e’lon qilgan. Unga 10 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.

Ishda besh nafar da’vogar va jabrlanuvchi xususan, Qo‘qon shahri hokimi Marufjon Usmonov, (bungacha prezident davlat maslahatchisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan), Nurilloxon Teshaboyev (O‘zbekiston tumani ichki ishlar bo‘limi o‘rinbosari — jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i bo‘lib ishlamoqda yoki ilgari ishlagan), Vohidjon Sodiqov (u ham taxminan ichki ishlar organlarida ishlaydi), shuningdek, Faxriddin Abduvahobov va Olim Xasanov bor.