Samarqand shahri markazida 2 ta yo‘l o‘tkazgich tunneli qurilishiga tayyorgarlik boshlandi. “[NO]Qulay shahar” loyihasi doirasida biz mazkur qurilishlar rejalashtirilgan chorrahalardan biriga bordik va urbanist Iskandar Soliyev bilan Samarqand shahriga yo‘l o‘tkazgichlar qanchalik kerakligi haqida suhbatlashdik. Urbanist bu obyektlar shahar uchun zararli va keraksiz ekanini ta’kidladi.

Yo‘l o‘tkazgich tunnellari Gagarin va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari kesishmasida hamda Gagarin va Ro‘dakiy ko‘chalari kesishmasida qurilishi rejalashtirilgan. “Gazeta.uz”dagi ma’lumotlarga ko‘ra, pudratchi “Me'mor Utkir Chovka LLC” (O‘zbekiston) & “Shaanxi Road and Bridge Group Co., Ltd” (Xitoy) konsorsiumi hisoblanadi.

Ayni vaqtda Gagarin va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari kesishmasida kommunikatsiya tarmoqlarini ko‘chirish ishlari yakunlangan. Gagarin va Ro‘dakiy ko‘chalari kesishmasida qurilish hududidagi oqova suv quvurlari va gaz tarmoqlarini ko‘chirish ishlari olib borilmoqda.

Urbanist Iskandar Soliyev nima uchun shahar ichida yo‘l o‘tkazgich qurish xato deb hisoblashini quyidagicha izohladi:

“Birinchi navbatda biz ko‘cha bilan yo‘lning farqini tushunib olishimiz kerak. Ko‘chadan shahar aholisining barcha qatlamlari foydalanadi. Unda avtomobil haydovchilari, jamoat transporti yo‘lovchilari, piyodalar, velosiped yoki samokatda harakatlanayotganlarning barchasi uchun kerakli sharoitlar yaratilgan bo‘lishi kerak. Yo‘l esa shaharlarni bir-biri bilan bog‘lovchi, transport vositalarining tez va xavfsiz harakatini ta’minlashga mo‘ljallangan joy hisoblanadi”, — dedi u.

Ya’ni shahar ichi yo‘llardan emas, ko‘chalardan iborat bo‘ladi. Ko‘chalar esa o‘z navbatida transportning tez harakatlanishidan kelib chiqib emas, birinchi navbatda xavfsizlik, gavjumlik, hayotga to‘la bo‘lish nuqtai nazaridan loyihalashtirilishi kerak, deydi u.

“Agar shahar ichida yo‘llar kengayib, tunnellar qurilib, yo‘l o‘tkazgichlar bapro etilsa, hudud o‘lik zonaga aylanib qoladi, — dedi urbanist. — Ko‘cha odamlarga noqulaylashishi oqibatida bu yerda ularning oqimi kamayadi”.

“Ekologik tomondan qaralsa, yo‘l o‘tkazgich qurilgan hududda zaharli gazlar miqdori oshadi, o‘simlik va daraxtlar kamligi, faqat beton va asfaltdan iborat bo‘lib qolgani oqibatida harorat ko‘tariladi”, — deya ta’kidladi Iskandar Soliyev.

исканdaр солиев, yo‘l o‘tkazgich, ноқuлай shahar, самарқанд, tunnel

Eslatib o‘tamiz, Iskandar Soliyev Toshkentdagi Parkent va Mahtumquli ko‘chalarida daraxtlar mavjud va mavjud bo‘lmagan hududlardagi havo haroratini o‘lchab, solishtirib ko‘rgandi. O‘rganish natijasida, daraxtlar yo‘q ko‘chada havo harorati balandroq ekani ma’lum bo‘lgan.

Biz yo‘l o‘tkazgich tunnellaridan biri qurilishi rejalashtirilayotgan Ro‘dakiy va Gagarin ko‘chalari chorrahasiga bordik va u yerdagi holatni o‘rgandik. Chorrahaning uch tomonida turar joylar, bir tomonida mehmonxona joylashgan.

“Yo‘l o‘tkazgich qurilishi bu yerdagi uylarda yashovchi odamlar hayotiga ham salbiy ta’sir qiladi. Qurilishdan keyin avtomobillar 24 soat shovqin yarata boshlaydi. Mazkur hudud ko‘rkini yo‘qotib, trassaga aylanib qoladi. Odamlar bu yerda yurgisi ham, yashagisi ham kelmay qoladi. Umuman olib aytganda, bu odamlarga katta noqulaylik tug‘diradi. Bundan tashqari, Ro‘dakiy va Gagarin ko‘chalari chorrahasi katta tirbandlikni kuzatmadik”, — deydi Iskandar Soliyev.

Ma’lumot o‘rnida, Samarqand shahri uchun Rossiyaning Simetra kompaniyasi transport Bosh rejasini ishlab chiqqan. Mazkur Bosh rejada ham aynan bu chorrahaga va umuman shaharning markaziy qismiga yo‘l o‘tkazgichlar qurish tavsiya etilmagan.

Bosh rejani ishlab chiqish uchun buyurtmani Samarqand shahar hokimligi va Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi bergan. U 2030-yilgacha shahar transport infratuzilmasida qanday o‘zgarishlar bo‘lishini nazarda tutadi.

“Bosh reja bilan tanishib chiqdim. Hozirgi qilinayotgan ishlardan farqli o‘laroq, bu bosh rejada mantiq bor. Bosh rejani ishlab chiqishda modellar tuzilgan, o‘rganishlar amalga oshirishgan, hisob-kitob qilishgan. Mening nazarimda Bosh reja yaxshi ishlangan, aniq va tushunarli qilib yozilgan. Shahardagi o‘zgarishlarni shunga muvofiq amalga oshirish kerak deb hisoblayman. Hech qanday ortiqcha mablag‘ sarflashga hojat yo‘q. Qo‘lingizda shunday tayyor qo‘llanma turganda boshqa ishlarni amalga oshirish mantiqan noto‘g‘ri”, — dedi urbanist.

Samarqand shahar hokimligi “Gazeta.uz”ga bergan izohida mazkur Bosh reja ularning buyurtmasi asosida ishlab chiqilganini va amalga oshirilishi majburiy bo‘lgan hujjat emasligini qayd etdi.

Urbanist Iskandar Soliyev esa mazkur izoh yuzasidan quyidagicha fikr bildirdi: “Qandaydir katta mablag‘ sarflab Bosh reja ishlab chiqilyapti-da, keyin yana bu rejada nazarda tutilmagan nuqtali o‘zgarishlar davom ettirilmoqda. Bu mantiqan noto‘g‘ri. Shahar uchun bitta rivojlanish strategiyasini belgilab olish kerak. Chunki, xaotik tarzdagi o‘zgarishlar amalga oshirilaversa bu shahar transport tizimini ishdan chiqaradi”.

исканdaр солиев, yo‘l o‘tkazgich, ноқuлай shahar, самарқанд, tunnel

“Samarqand O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib transportga Bosh reja ishlab chiqqan shahar hisoblanadi. Bu yaxshi. Bu narsa hali hatto Toshkentda ham yo‘q. Necha yildan beri kutyapmiz, shaharning nafaqat transport bo‘yicha Bosh rejasi, balki umumiy Bosh rejasi ham yo‘q. Samarqand bu borada bir qadam oldinda, lekin shunda ham Bosh rejaga yondashilmayapti, qarashmayapti”, — deya ta’kidladi Iskandar Soliyev.

Uning fikricha Ro‘dakiy va Gagarin ko‘chalari kesishmasida qurilishi rejalashtirilayotgan yo‘l o‘tkazgich tunneli atrof-muhitga juda katta ta’sir qiladi. Buni yo‘l o‘tkazgich qurilgan boshqa joylar misolida ko‘rish mumkin. Bu chorrahani ham aynan ularning taqdiri kutyapti. Bu yer ham odamlardan bo‘shab qoladi, savdo kamayadi.

Bu narsa yashillikka ham yaxshi ta’sir qilmaydi. Yo‘l o‘tkazgich qurilishi davomida uning qayrilish tomonlari ham paydo bo‘ladi va bu o‘z-o‘zidan yo‘lning kengayishiga olib keladi. Buning oqibatida esa bu hududdagi daraxtlar kesilib ketishi mumkin.

Biz yo‘l o‘tkazgich qurilgan hududlar qanday ko‘rinishga kelishini ko‘rish uchun shahardagi Ro‘dakiy va Bo‘stonsaroy ko‘chalari kesishmasida qurilgan tunnel oldiga ham bordik. Mazkur tunnel ochilganidan bir necha kun o‘tib devorlaridan suv sizib chiqqani tufayli mashhur bo‘lgandi.

Bu yerda katta bo‘sh hudud yuzaga kelgan, tunneldan chiqaverishda tramvay to‘xtashi uchun yo‘l o‘rtasiga chizma bilan bekat belgilangan. Tramvay yo‘lovchilari uchun yo‘ldan o‘tish joyi belgilangan bo‘lib, u svetofor bilan tartibga solinmagan.

“Hududda yo‘l kengaygani hisobiga daraxtlar yo‘q, soya yo‘q. Tunnel ikki tomondagi aholini ikkiga ajratib qo‘ygan. Aholi ko‘chaning narigi betidan bu betiga o‘tishi juda qiyin. Ular yoki shu tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib o‘tishi kerak, yoki ancha masofani bosib o‘tib, chorrahaga borib kelishi lozim”, — deydi Iskandar Soliyev.

Eslatib o‘tamiz, yo‘l o‘tkazgichlar ko‘chalarda oshib borayotgan tirbandlikni yengishga yordam berishi jahonda ham, mahalliy darajada ham noto‘g‘riligi isbotlab bo‘lingan fikr hisoblanadi. Shuningdek, bunday obyektlar qurish ko‘chalarda piyodalarga ustunlik berish tamoyiliga ham zid hisoblanadi.