E-auksion savdo maydonchasida Toshkentning Olmazor tumani Usta Shirin ko‘chasida joylashgan Agregat zavodi yer uchastkasi bo‘yicha kim oshdi savdosi yakunlandi.

Lotga 130,4 mlrd so‘m boshlang‘ich bahoda taklif qilingan obyektni Build Power kompaniyasi 208,7 mlrd so‘mga (Markaziy bankning 18 apreldagi kursi bo‘yicha 18,4 mln dollar) sotib oldi. Savdo qariyb 47 daqiqa davom etdi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ushbu hududni joriy yilning 13 mart kuni sotuvga qo‘ygan edi. Uchastka 9,63 gektar maydonni egallaydi, bino va inshootlarning umumiy maydoni 52,9 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. obyektlar Agregat zavodi va Agregat avtokomplekt balanslarida joylashgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil iyun oyida «Agregat» zavodini Chirchiq shahriga ko‘chirish va uning o‘rniga 12, 14, 16 qavatli arzon uylar qurish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

2021 yil iyulida «Gazeta.uz» Toshkent va Chirchiqdagi qishloq xo‘jaligi mashinasozligi zavodlari, «Toshkent agregat zavodi», «Texnolog» va «UzKlaas Agro» korxonalari bir joyda joylashtirilib, sanoat klasteriga birlashtirilishi haqida xabar bergan edi. Uni barpo etish uchun 500 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur mablag‘lar binolar va inshootlarni, korxonalarning yer uchastkalarini kim oshdi savdosi orqali sotish yo‘li bilan qaytarilishi rejalashtirilgan.

KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, Build Power 2021 yil 19 noyabrda Toshkentda ro‘yxatga olingan. Turar-joy binolari qurilishi bilan shug‘ullanadi. Ta’sischilar — Golden House Development (99%) va xususiy shaxs Boris Yakovlev (1%).

Dekabr oyida Toshkentning Chilonzor tumanidagi 27,86 gektar maydonda harbiy shaharcha joylashgan yer uchastkasi bitimdan 11 kun oldin, 2 dekabrda tashkil etilgan Do’mbrobod City Group kompaniyasi tomonidan sotib olingandi. O‘ganda obyekt 266,4 mlrd so‘mga baholangandi. Autsionda Build Power ham ishtirok etgan.