Maqolaning to‘liq versiyasi 26 fevral kuni «Gazeta.uz»da rus tilida e’lon qilingan. Quyida maqola tarjimasi.

Firibgar yoki «axlat» jurnallar nima?

Iqtisodchilar: agar talab bo‘lsa, taklif ham bo‘ladi, deyishadi. Biroq Scopus, Web of Science yoki yuqori impakt faktorli (IF) jurnallarda maqola chop etish oson emas. Sababi — talablar va to‘lovlar yuqori darajada. Bepul jurnallar bo‘lgan taqdirda ham, retsenzentlar chig‘irig‘idan o‘tish juda qiyin.

Bu esa maqolalar bozorida o‘ziga xos xizmatlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Faqat to‘lovini qilish kerak, xolos. Maqola standartlarga muvofiq tahrir qilinadi, havolalar apparati bilan ta’minlanadi, tarjima qilinadi. Ayrim xizmatlarda mavzuni berishning o‘zi yetarli. Ammo maqola uchun to‘lovdan tashqari, jurnalning o‘ziga ham to‘lashingiz kerak. Savol tug‘iladi: qanday qilib kamroq to‘lov bilan xalqaro jurnalda maqola e’lon qilish mumkin?

Yechim ham topila qoldi: bozorda bu kabi jurnallarda maqolalarni chop etib berish xizmatlarini taklif qiladigan uddaburonlar paydo bo‘ldi. O‘zbekiston oltin koni bo‘lib chiqishini ular xayoliga ham keltirishmagandi! O‘zbekistonning minglab (!) olim va doktorantlari ko‘zbo‘yamachilik hisoblangan «Scopus jurnallari» yoki «yuqori impakt faktorli jurnallar»da maqola chiqarish jarayoniga jalb qilingan ekan.

Bundan Oliy ta’lim vazirligi ham, Fanlar akademiyasi ham, Innovatsiyalar vazirligi ham, Oliy attestatsiya komissiyasi ham xabardor. Hatto O‘zbekiston Respublikasining 2017−2021 yillarga mo‘ljallangan fan va innovatsiyalar bo‘yicha Milliy hisobotida (135-bet) «O‘zbekiston olimlari maqola chop etadigan shubhali jurnallar» keltirilgan.

Ular: Journal of Critical Reviews, Journal of Advanced Research in Dynamical and Control Systems, International Journal of Scientific and Technology Research, International Journal of Advanced Science and Technology, Indian Journal of Forensic Medicine and Toxicology. Ushbu jurnallarda o‘zbek mualliflarining 1176 ta maqolasi e’lon qilingan va ularning barchasi 2020 yilda nohalolligi uchun Scopus bazasidan o‘chirilgan.

Firibgar jurnallar uch turga bo‘linadi: 1) yirtqich (predatory); 2) yolg‘on (fake) va 3) o‘g‘rilangan (hijaked).

Yirtqich jurnallar 1−2 oy ichida nashr qilishni va’da beradi (ba’zan esa — 4 yoki 5 kunlarda); materiallar retsenziyalanmaydi. Maqolalar barcha fanlar bo‘yicha va yomon tarjimada ham qabul qilinaveradi. Ushbu jurnallar ko‘pincha o‘zlarini xalqaro, Yevropa yoki Amerikaniki deb atashadi (bu atamalardan xo‘rak sifatida foydalaniladi). Tahrir hay’ati a’zolari haqida batafsil ma’lumotlar berilmaydi. Nashr qilinayotgan materiallar ko‘pincha jurnal nomiga mos kelmaydi. To‘lov maqolani nashrga qabul qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan so‘ng darhol amalga oshirilishi kerak; to‘lov miqdori past, bu mualliflarni ommaviy yollash imkonini beradi; foyda maqolalar sonining ko‘pligi bilan shakllanadi. Jurnal hajmi qat’iy qilib belgilab qo‘yilmagan. Jurnalning bir soni 3 ta, ikkinchisi esa 100 ta maqoladan iborat bo‘lishi mumkin.

Yirtqich jurnallar elektron pochta orqali yuboriladigan hamda jurnalning tahrir hay’ati tarkibiga kiritish yoki chop etish taklifi bo‘lgan xatlardan foydalanadi. Bunday «shaxsiy» taklifnomalar ommaviy pochta jo‘natmalaridir.

Jurnalning impakt faktorini (reytingini) aniqlash uchun esa nohalol reyting tashkilotlari qo‘llaniladi.

Yolg‘on jurnallar o‘zlari (Scopus va Web of Science ma’lumotlar bazalarida indekslangan), tahrir hay’ati a’zolari va impakt faktor haqida uydirma ma’lumotlarni taqdim etadi. Ko‘pincha AQSh yoki Yevropada ro‘yxatdan o‘tilgani ko‘rsatiladi, biroq amalda butun «mexanika» qaysidir bir Osiyo yoki Afrika mamlakatida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Milliy universitetining o‘tgan yilgacha mavjud bo‘lgan, O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda chop etilgan «Markaziy Osiyo olami» jurnalini yolg‘on jurnalga misol qilib keltirish mumkin. O‘zMUning hozirgi saytida bu jurnal haqida hech qanday ma’lumot yo‘q, lekin eski saytda: «Jurnal… Scopus, Web of Science markaziy kolleksiyalaridan birini tashkil etuvchi Emerging Sources Citation Index (ESCI) ma’lumotlar bazalariga kiritilgan hamda Web of Science platformasidagi Russian Science Citation Index (RSCI)da indekslanadi», — deyiladi.

Bu — yolg‘on. Jurnal ushbu ma’lumotlar bazalarining hech birida ro‘yxatga olinmagan va hozir ham ularda mavjud emas. Butun 2019 yil davomida jurnalning atigi 2 ta soni, 2020 yil uchun esa 1 ta soni nashr etildi. Vaholanki saytda jurnalning bir yilda 4 marta nashr etilishi ko‘rsatilgan.

O‘g‘ri jurnallar (kloun jurnallar) — kiberfiribgarlik turi bo‘lib, qaysidir bir taniqli nashrning nusxasi hisoblanadi. Ushbu nashrlar tezda ro‘yxatga olinadi va butun boshli mijozlar aldangan bo‘lib chiqqanida fosh bo‘ladi.

Maqolalar e’lon qilingani haqidagi rangli sertifikatlar yoki jurnalning tahrir hay’atiga a’zolik firibgar jurnallarning ko‘rsatkichlaridan hisoblanadi.

Jannat va’dasi yolg‘onmidi?

O‘tgan yili doktorantim (PhD nomzodi) attestatsiyadan o‘tayotganida undan nima uchun Scopus`da maqolalari yo‘qligini so‘rashdi. Uning Rossiya Fanlar akademiyasining «Antropologiya byulleteni»da maqolalari bor edi, biroq unga bular to‘g‘ri kelmasligi (?!), Scopus yoki 4 yo undan yuqori (!) impakt faktorli jurnalda maqolalar chiqarishi kerakligi aytilgan.

Bu nima degan gap? «Antropologiya byulleteni» ilmiy hamjamiyatda obro‘li jurnal hisoblanadi. Doktorant esa, to‘g‘ri, jurnal Web of Science platformasida RSCIda indekslanganini bilmas edi.

Unga boshqa doktorantlarning barchasi Scopus jurnallarida yoki yuqori impakt faktorli jurnallarda maqolalar chop etishganini aytishgan. Va unga Hindistonda nashr etiladigan EPRA International Journal of Research & Development (IJRD)dan qog‘oz nusxalar va sertifikatlar to‘plami ko‘rsatilgan. To‘lov miqdori oz — 20 dan (mualliflar soni — 3 nafargacha) 70 dollargacha (mualliflar soni — 7 nafargacha; o‘rtada bo‘linsa, u har biriga 10 dollardan tushadi).

Jurnal nomi shubhani keltirib chiqaradi: «Tadqiqotlar va Taraqqiyot».

EPRA saytida IJRD impakt faktori (IF, mazkur jurnalda e’lon qilingan maqolaning iqtibos olinish ko‘rsatkichi) 8,13 ekani ko‘rsatilgan, ya’ni u dunyodagi eng yaxshi 5 foiz jurnallar safida! Jurnallarning xalqaro ma’lumotlar bazalarida o‘rtacha retsenziyalangan IF ko‘rsatkichi taxminan 1,5 ni tashkil qiladi.

Tahlil shuni ko‘rsatadiki, IF qiymati 0,01 dan 0,3 gacha bo‘lgan jurnallar soni umumiy ilmiy jurnallar sonining 25 foizini tashkil etadi. Tabiiy fanlardagi aksariyat jurnallar (taxminan 50 foiz) uchun IF qiymatlari 0,3 dan 3,0 gacha. Jurnallarning 20 foizga yaqini 3,0 dan 7,0 gacha va faqat 5 foiz jurnallar juda yuqori IFga (7,0 dan yuqori) ega.

Shu ma’noda, komissiya a’zolarining doktorantlardan IF ko‘rsatkichi 4 va undan yuqori bo‘lgan jurnallarda maqola chiqarishni talab qilishlari hayratlanarli. U holda birinchi razryadli sportchidan Olimpiya medallarini talab qilish ham mumkin ekan-da.

Jurnal Scopus va Web of Science ro‘yxatlarida mavjud emas. Bunday yuqori impakt faktorli jurnalning ma’lumotlar bazalarida mavjud emasligi qiziq.

Jurnal sahifalari va umuman, jurnal kiritilgan EPRA Journals saytida uning impakt faktori nimagadir turlicha:

Birinchidan, qanday qilib bitta saytning o‘zida IJRD uchun turli xil IF qiymatlari berilishi mumkin?

Ikkinchidan, 5,148 va 6,093, bu katta farqmi yoki kichik? Katta. IF qiymatlari mingdan bir ulushda berilishi tasodif emas. ISI`da qayta ishlangan 4623 ta jurnal uchun IF qiymati 2013 yilda 0,7 dan oshmadi va ushbu parametrning minimal qiymati 0,001ga teng bo‘ldi. 4623 taga kiritilgan 119 ta rus jurnali uchun o‘rtacha qiymat — 0,268 ga, sochib yuborilganda esa 2,862 dan 0,009 oralig‘idani tashkil etdi.

Uchinchidan, qanday qilib jurnal tashkil etilgan yili (2015) 3.395/3.476 IFga ega bo‘ldi? 3−5 maqoladan iborat birinchi sonlar 2016 yilning bahorida nashr etilgan va jurnal allaqachon IFga ega, u shunchalik zo‘rmi? Ko‘p yillik tajribaga ega ko‘plab jurnallarda ham bunday emas-ku.

IF, bu — mazkur jurnalda, qoidaga ko‘ra, oxirgi 3 yilda e’lon qilingan maqolalardan iqtibos olinish ko‘rsatkichidir. Demak, jurnal hali chiqmasdan turib undan ko‘p yillik jurnallarga qaraganda ko‘proq iqtibos olingan ekan-da.

To‘rtinchidan, Nima uchun SJIF Impact Factor 2019 yilda unga 6,260, ISI I.F. Value esa xuddi shu yili — 1,241 IF bergan? Va qanday qilib mashhur bo‘lmagan jurnal tashkil etilgandan bir necha yil ichida bunday sakrashni amalga oshira oldi — 8,047!

ISI I.F.ga keladigan bo‘lsak, ISI Institute for Scientific Information sifatida anchadan buyon mavjud emas, ISI Impact Factor (ISI merosxo‘ri) orqali «EPRA International Journal of Research & Development» qidiruvga berilganda, «topilmadi» deya javob bermoqda. Umuman olganda esa, ISI qisqartmali har xil tashkilotlar yolg‘on impakt faktorlar taqdim etadi.

SJIF Impact Factor`ga keladigan bo‘lsak, u ham firibgarlik bilan shug‘ullanadigan tashkilotdir. Uning saytida quyidagilarni o‘qish mumkin: SJIF bahosiga buyurtma ber va o‘z jurnalingning xalqaro pozitsiyasini yaxshila. Bu yerda IF bahosi nazarda tutilmoqda. Va buning uchun bor-yo‘g‘i 50 dollar to‘lash kerak. Mana sizga yuqori IJRD bahosi.

www.editage.com platformasidagi olimlar forumida barcha ishtirokchilar SJIF Impact Factor qiymatlari ishonchli emasligini va o‘z maqolalarini IF jurnaliga yuborgan ayrim olimlar ushbu qiymatlarning obro‘si haqida bilganlaridan so‘ng SJIF Impact Factor`dan IF olgan jurnallarga bergan maqolalarini qaytarib olmoqdalar.

Men hindistonlik hamkasblarimga murojaat qildim. Ularning javobi: IJRD— firibgar jurnal bo‘ldi. Hindistonda ta’limga mas’ul bo‘lgan hamda mamlakatdagi ilmiy jurnallar ro‘yxati chop etiladigan Inson resurslarini rivojlantirish vazirligi qoshidagi University Grants Commission saytida bunday jurnal mavjud emas.

U (EPRA guruhi jurnallari kabi) Kolorado universiteti professori Jeffri Billning mashhur yirtqich jurnallar ro‘yxatiga kiritilgan va haligacha yirik ilmiy bazalar, jumladan Scopus va Web of Science tomonidan u yoki bu soxta ilmiy jurnalni o‘z bazasidan chiqarib tashlash to‘g‘risidagi qarorni qabul qilishda ko‘rib chiqiladi. Va Nashr etikasi qo‘mitasiga ko‘ra, EPRA jurnallari «sotiladigan» jurnallar sifatida tasniflanadi.

Men hindistonlik hamkasblarimizdan yuqori IF haqida so‘radim. Javob: u — o‘ylab topilgan.

Birinchi sonlar (2016 yil bahori) 3−5 ta maqoladan iborat bo‘lib, bu ilmiy jurnal uchun yetarli emas, ammo yil oxiriga kelib ularning soni 20−22 tani tashkil etdi, bu esa allaqachon o‘rtacha me’yordan oshib ketdi degani. Yangi, taniqli bo‘lmagan jurnal har bir sonida 3 ta maqolani zo‘rg‘a to‘playotgan edi va birdaniga maqolalar to‘dalashib ketdi. 2019 yilda: bitta sonda 18 ta maqoladan 62 tagacha (!) oshdi. O‘sha yili o‘zbek mualliflarining ilk maqolalari paydo bo‘ldi (bundan oldin asosiy mualliflar hindlar, pokistonliklar va afrikaliklar edi). Birinchi sonlarda ularning soni kam edi — 1 kishidan 3 kishigacha, dekabr sonida esa 31 nafar muallifdan 11 nafari (barcha mualliflarning 35 foizi) o‘zbeklar bo‘ldi.

2020 yilda bitta sonda mualliflarimiz soni 22 nafardan 136 nafargacha (!): 12-sonida: 59 ta maqoladan 23 tasi (38,9%), 11-sonida 136 tadan 42 tasi (30,8%).), 9-sonda 92 tadan 55 tasi (59,7%), 7-sonida 56 tadan 31 tasi (55,3%), 6-sonida 74 tadan 65 tasi (87,8%), 5-sonida 134 tadan 98 tasi (73, 1%), 4-sonida 92 tadan 51 tasi (55,4%), 3-sonida 169 tadan 136 tasi (80,4%), 2-sonida 107 tadan 87 tasi (81,3%).), 1-sonida 47 tadan 22 tasi (46,8%) O‘zbekistondan bo‘ldi. 80 foizdan ortig‘i O‘zbekistondan! Bu hind jurnalimi yoki o‘zbek jurnalimi? Jurnal hajmi yoqimsiz darajagacha shishirilgan. Bitta sonda 169 ta maqola! Maqola uchun shuncha odam pul to‘lamoqchi ekan, nima uchun bo‘lmasin ekan? Ularning barchasi ham O‘zbekistondan.

Xuddi shunga o‘xshash vaziyat EPRA Journals guruhining boshqa — International Journal of Multidisciplinary Research (IJMR) jurnalida ham kuzatilgan. Va yana, 2021 yilning iyun sonida e’lon qilingan 107 ta maqolaning 43 tasi, may oyidagi 127 ta maqolaning 77 tasi, aprel sonidagi 94 ta maqolaning 43 tasi va hokazo o‘zbek olimlariga tegishli.

IJRD va IJMR impakt-faktorlarini taqqoslaydigan bo‘lsak, ularning bir xil ekanini aniqlaymiz: 2021 yil — 8,047, 2020 yil — 7,032, 2019 yil — 5,614, 2018 yil- 5,148, 2017 yil — 4,924, 2016 yil — 32,35. Ikkita boshqa-boshqa jurnallar 8 yil davomida bir xil IFga ega bo‘lishi mumkinmi? Bu mo‘jizaga o‘xshaydi. Yoki ularni bitta odam o‘ylab topgan.

EPRA guruhining yana bir jurnali — International Journal of Economic Growth and Environmental Issues (IJEG&EI). Bunda ham xuddi shunday vaziyat: 2021 yilning fevral sonidagi 11 ta maqolaning 10 tasi O‘zbekistondan! Dekabrda (2020 y.) — butun boshli son mualliflarimizning maqolalaridan tashkil topgan bo‘lsa, noyabrda — 10 ta maqoladan 9 tasi O‘zbekistondan.

O‘zbekistonlik mualliflar sharofati bilan EPRA Journals`ning pichog‘i moy ustida. Ular SCIENCE OF WORLD ilmiy kanal (https://t.me/scienceofworldgroup), Web of Science (https://t.me/bilim_tajriba) Telegram kanallarida e’lonlar berishmoqda. Ushbu kanallar tashkilotchilari gap «axlat» jurnallar haqida ketayotganini bilisharmikan? Balki ularning firibgarlar bilan tili birdir?

EPRA Journals guruhiga o‘xshagan yana biri — Genius Journals Publishing Group (GJPG) — «genial (!) jurnallar nashriyot guruhidir»! Saytida nashriyotning Bryusselda (Belgiya) joylashgani aytiladi. Shu bilan nashriyot haqidagi ma’lumotlar tugaydi. Kompaniya tarixi haqida ham, uning boshqaruvi, xizmatlari, yangiliklari, kontaktlari va boshqalar haqida hech narsa yo‘q, faqat chop etilgan 11 ta jurnalga havolalar bor, xolos. Barcha jurnallar 2021 yilning o‘rtalaridan boshlab nashr etilmoqda. Ular:

  • Eurasian Scientific Herald Journal, Impact Factor 8,225
  • Eurasian Research Bulletin Journal, Impact Factor 7,995
  • Eurasian Journal of Learning and Academic Teaching Journal, Impact Factor 7,875
  • Eurasian Journal of Humanities and Social Sciences, Impact Factor 7,875
  • Eurasian Journal of History, Geography and Economics, Impact Factor 8,015
  • Eurasian Journal of Research, Development and Innovation, Impact Factor 7,892
  • Eurasian Medical Research Periodical, Impact Factor 8,120
  • Eurasian Journal of Physics, Chemistry and Mathematics, Impact Factor 7,825
  • Eurasian Journal of Media and Communications, Impact Factor 7,760
  • Eurasian Journal of Architectural Design, Impact Factor 7,985
  • Eurasian Journal of Engineering and Technology, Impact Factor 7,995

Birinchidan, jurnalning taqdim etilgan IFlari noto‘g‘ri. IFni hisoblash uch yillik davrga asoslanadi, bu jurnallar esa bir yildan kamroq vaqt davomida mavjud. Hatto ko‘p yillik jurnallar bunday yuqori ko‘rsatkichlarga ega emas. Ularga qaysi reyting tashkilotlari bergan? Ushbu ma’lumot saytda mavjud emas. Demak, ko‘rsatilgan IFlar noto‘g‘ri.

Ikkinchidan, barcha jurnallar bir xil elektron pochta manziliga ega. Qanday qilib bitta manzildan 11 ta jurnalning barcha mualliflari va retsenzentlari bilan oddiy yozishmalarni yuritish mumkin? Demak, maqolani yozishmalarsiz, takomilga yetkazmasdan va retsenziyalamasdan sahifalash uchun qabul qilinadi. Bu — «axlat» jurnal.

Uchinchidan, jurnallarning manzili yo‘q. Bitta «manzil» (barchasi uchun) ko‘rsatilgan: Bryussel, 1040 (pochta indeksi), Yevropa kvartali, Schuman Roundabout (aylanma harakatli maydoncha). Manzil qani? Men Bryusseldagi do‘stlarimga nashriyotni topishda yordam so‘rab xat yozdim. Javob quyidagicha: «Bu manzil emas, uy raqami ko‘rsatilmagan».

To‘rtinchidan, ayrim sonlarning mazmuni jurnal nomiga mos kelmaydi. Masalan, «Yevraziyskiy jurnal po SMI i kommunikatsii» («OAV va kommunikatsiyalar bo‘yicha Yevroosiyo jurnali») jurnalining 2021 yil 1-sonida «O‘zbekistonda gilamchilik sanoatini rivojlantirish maqsadlari va istiqbollari» va «O‘zbekistonda o‘smir yoshidagi qizlarda hayz oldi sindromining diagnostik mezonlari va davolashni optimallashtirish yo‘llari» maqolalari chop etilgan. Bu mavzularning ommaviy axborot vositalariga qanday aloqasi bor?

Ushbu jurnallar tahrir hay’atlari a’zolarining aksariyati o‘zbekistonliklardir. Eurasian Journal of Media and Communications jurnalida esa tahrir hay’atining o‘zi yo‘q.

Mualliflar ham asosan o‘zimizning mamlakatimizdan. Eurasian Scientific Herald: 2021 yil 2-sonidagi 18 ta maqoladan -17 tasi O‘zbekistondan va 1 tasi Nigeriyadan, 1-sonidagi 16 ta maqoladan 15 tasi O‘zbekistondan va 1 tasi Iroqdan. Eurasian Research Bulletin: 2022 yil 4-sonidagi barcha 30 ta maqola O‘zbekistondan.

Mualliflarimizning sevimli yana bir jurnali, bu — European journal of modern of molecular & clinical medicine. E’lon qilingan profilga qaramay, jurnalda barcha mavzular — arxeologiya, filologiya, iqtisod, huquq va boshqalar bo‘yicha maqolalar chop etiladi. Boshqacha qilib aytganda, yirtqich jurnal. Jurnal o‘zini yevropalik deb da’vo qilmoqda. Tahrir hay’ati tarkibiga esa Bangladesh, Hindiston, Italiya, Pokiston, Portugaliya, Sudan, Tailand, Shri-Lanka (har bir davlatdan 1 kishi) va O‘zbekistondan… 16 nafar vakil kiritilgan.

Jurnal 2018−2020 yillarda Scopus ma’lumotlar bazalarida ro‘yxatga olingan. 2 yil davomida jurnal aql bovar qilmaydigan miqdordagi maqolalarni nashr etdi. Faqatgina familiyasi «A» harfi bilan boshlangan mualliflar soni 1420 dan ortiq. Butun alifboni olsak-chi? Bu o‘n minglab degani! Hech bir tahrir hay’ati bunchalik ko‘p maqolalarni ko‘rib chiqishga qodir emas. 47 foiz hind mualliflarining maqolalari edi. 2-o‘rinda O‘zbekiston mualliflari — 22 foiz (317 ta maqola), so‘ngra Indoneziya, Iroq, Misr, Malayziya, Nigeriya, Bangladesh, Efiopiya, Liviya, Sudan, Shri-Lanka, Vetnam mualliflari. Nega jurnal o‘zini yevropalik deb ataydi? 2021 yil mart oyidan boshlab Scopus jurnalni o‘z ma’lumotlar bazasidan chiqarib yubordi.

Keling, yana bir jurnalni olaylik — International Journal of Progressive Sciences and Technologies. Maqolalar 100 ga yaqin fanlar bo‘yicha qabul qilinadi. Index Copernicus Value (Polsha) bo‘yicha IF — 80,38 (!!!). Olimlarning ushbu indeksga nisbatan keskin tanqidiy munosabatini tushunish uchun bir necha daqiqa «gugling» qilish kifoya. Jurnal Ispaniyada nashr etiladi, ammo yetti muharrirdan olti nafari (!) O‘zbekistondan. Qariyb har bir sonda O‘zbekistondan mualliflar bor.

Ammo AQShda bunday fokuslar o‘tmaydiganga o‘xshaydi. Las-Vegasda «nashr qilingan» American Journal of Social Science and Education Innovations jurnalini olaylik. Tahrir hay’atining 36 nafar a’zosidan 27 nafari O‘zbekistondan. Redkollegiyaning bir a’zosi Efiopiya, bir nafari Tanzaniya, ikki nafari Nigeriya, bir nafari BAA va bir nafari Ruminiyadan. Oxirgi sonni olaylik. 17 ta maqoladan 15 tasi O‘zbekiston, 1 tasi Nigeriya va 1 tasi Bangladeshdan. Oddiy Amerika jurnali!

Varshavadagi Polish Science Journal jurnalini olaylik. Tahrir hay’atining 9 a’zosidan 8 nafari O‘zbekistondan va 1 nafari Polshadan. Oxirgi sonida 91 ta maqola bor. Bir muallif Moldovadan, biri Qozog‘istondan, qolgan 89 nafari esa faqat polshalik erkak va ayollar, faqat ism-shariflari va OTMlari o‘zbeklarniki. Maqolalarning yarmi o‘zbek tilida.

O‘zbekiston faylasuflarining yana bir sevimli «skopus» jurnali Philosophical Readings o‘g‘ri jurnallar toifasiga kiradi. Haqiqatdan ham 2015 yildan beri Scopus`da indekslangan Ispaniyaning hurmatga sazovor Philosophical Readings jurnali mavjud (IF 2020 yilda: CiteScore`dan — 0,1; SJR`dan — 0,100; SNIP`dan — 0,084; e’tibor qiling 6, 9 yoki 80 emas) va uning bizning faylasuflarimiz maqolalarini chop etadigan «qiyofadoshi» bor.

Philosophical Readings jurnali tashkil etilganida philosophicalreadings.org domeni sotib olingan. Keyinroq https://virgo.unive.it/ojs2 saytida e’lon qilish boshlandi. Buni bilgan firibgarlar avvalgi domenni sotib olishdi va (skopusdagi) jurnal nomidan maqola e’lon qilish taklifini tarqatishga o‘tishdi. Narx — 50 ta maqola uchun 50 dollar: ya’ni har bir maqola uchun bir dollardan.

Yana bir jurnal — Theoretical and Applied Science. Jurnal saytida uning Fransiyada ro‘yxatdan o‘tgani va asoschisi Amerika tashkiloti ekani ko‘rsatilgan. Aloqa qiluvchi shaxs — Viktoriya (?), telefon raqami Olmaota kodi bilan. Bosh muharrir Taraz shahridan. Pullar uning shaxsiy hisobiga yuboriladi.

Jurnal o‘z saytida 0,360 (IF OAJI, AQSh), 0,564 (GIF, Avstraliya), 1,582 (ISI, BAA) va… 9,035 (IF ESJI, Qozog‘iston) impakt faktorlarini sanab o‘tadi. Bunga kim ham shubha qilardi.

Tahrir hay’atining 37 nafar a’zosidan 16 nafari O‘zbekistondan. 2021 yil 12-sonda — 157 ta maqoladan 138 tasi (!) O‘zbekistondan. 11-sonida -147 ta maqolaning 127 tasi O‘zbekistondan. 10-sonda — 111 tasi O‘zbekistondan. Jurnal Fransiyada ro‘yxatdan o‘tgan, asoschisi AQShdan, aloqa vakili Olmaotadan, Tarazga pul jo‘natish kerak, mualliflarning 90% dan ortig‘i O‘zbekistondan!

Yana bir jurnal British View («Britancha nazar»). Tahrir hay’atining 26 a’zosidan 12 nafari O‘zbekistondan. 2022 yildagi yangiroq sonini (vol. 7, N 1) olamiz. Ushbu sonda bor-yo‘g‘i 2 ta maqola chiqqan va ikkisi ham O‘zbekistondan; 2021 yil N1, vol. 6, — 10 maqola, barchasi O‘zbekistondan. Sof britancha nazar!

Va bular mualliflarimiz maqolalarini e’lon qiladigan «reyting» jurnallarining bir qismi, xolos.

Ko‘rib chiqilgan barcha jurnallar yuqori impakt faktorlarni bermoqda, aslida esa ularning barcha yolg‘on. Mana, Science Insight`ga ko‘ra yolg‘on IF beridagan tashkilotlar: Cite Factor, DOI Indexed Journals IF, Global IF, IndexCopernicus, Institute for Scientific Information (ISI), International Scientific Indexing (ISI), International Scientific Institute (ISI), Journal IF, Science IF, Universal IF. Va bunday tashkilotlar 30 taga yaqinroq.

Attestatsiya vaqtida o‘zining ilmiy ishi haqida ikki og‘iz gapni ayta olmaydigan, lekin «yuqori» impakt faktorli jurnallarda maqolalari chiqqan odamlar mana shunday qilib attestatsiyadan o‘tadilar, himoya qiladilar va ilmiy karera qiladilar.

Sayyorada barchadan oldinda

Bir necha yil oldin soxta jurnallarda maqolalar chiqarish bo‘yicha yetakchilikni Qozog‘iston egallab olgan edi. Hatto Qozog‘iston — «yirtqich jurnallar»dagi maqolalar bo‘yicha jahon yetakchisi degan maqola ham chop etilgan edi. 2013 yildan 2017 yilgacha Scopus`dan chiqarib yuborilgan jurnallarda chop etilgan 3295 ta maqola aniqlangan. Buning uchun 43 ta universitetdan 42 tasi fosh bo‘lgan. Hatto Davlat boshqaruvi akademiyasida ham maqolalarning 65 foizi nohalol jurnallarda e’lon qilingan. Pavlodar pedagogika universitetida esa 89%.

Bugun esa O‘zbekiston birinchilikni o‘z qo‘liga oldi. Internetda O‘zbekiston «axlat» jurnallarda e’lon qilingan maqolalar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda turgani aks etgan jadval tarqalmoqda. 2021 yilda e’lon qilingan bir maqolada (B. Eshchanov va boshqalar) qayd etilishicha, O‘zbekiston Scopus bazasidan chiqarib yuborilgan jurnallar mualliflari ro‘yxatida yetakchilik qilmoqda. Mualliflar 2016 yildan 2019 yilgacha xorijda maqola e’lon qilgan o‘zbek olimlari sonini hisoblab chiqdi. 2018 yilda o‘zbekistonlik tadqiqotchilarning 90 foizi ishonchni qozonmagan xalqaro jurnallarda maqolalar chop etishgan: «100 ta maqoladan 98 tasi yirtqich jurnallarda chop etilgan».

Firibgarlik bumerangi nimalarga olib keladi?

Firibgar jurnallarda maqolalar e’lon qilish mamlakat uchun nimani anglatadi?

Bu O‘zbekiston ilm-faniga bevosita zarar. Ilmiy ish bilan olimning e’tirofi o‘rtasida hech qanday aloqa yo‘q — na ma’naviy va na moddiy. Maqolalarni keraksiz jurnallarga topshirish kifoya (50 ta maqola uchun 50 dollar, eng yomoni, hammualliflikda birodariga o‘nta) va hamma narsaga erishish mumkin — daraja, unvon, lavozim va nafaqalar.

Qancha olimlarimiz firibgarlar tomonidan tashkil etilayotgan loxotrondan o‘tishmoqda? Minglab. «Axlat» jurnallardagi maqolalarga turli ustamalar uchun qancha budjet mablag‘lari sarflandi? Ushbu mablag‘lar tadqiqotlar sifati va olimlarimizning obro‘sini oshirishga emas, bunga zid narsalarga sarflandi.

Davlat mablag‘larining firibgar jurnallarda maqolalar chiqarilishini rag‘batlantirishga sarflanayotgani nafaqat ilm-fanni yerga urish, balki ilmiy hamjamiyat vakillarining ma’naviy asoslariga bevosita putur yetkazish hamdir. Davlatimizning bundan xabari bormi? Ilm-fandagi bu kabi imitatsiyalar va ilmiy-pedagogik korpusning axloqiy eroziyasi oqibatlari haqida hisobot beradimi?

Bugun butun dunyoda bunday jurnallarga qarshi kurash olib borilmoqda. 2016 yilda AQSh Federal Savdo Komissiyasi OMICS Publishing Group, iMedPub va Conference Series nashriyotlariga nisbatan «o‘z nashrlarining mohiyatiga nisbatan … yolg‘on ishlatganliklari va yuzlab dollardan minglab dollarlargacha bo‘lgan nashr to‘lovlarini yashirganliklari» uchun da’vo kiritdi.

Scopus har yili o‘z ma’lumotlar bazasidan faoliyatida firibgarlik belgilarini ko‘rsatadigan jurnallarni chiqarib tashlaydi. Bugungi kunda ularning soni 300 dan oshdi. Nashr etikasi qo‘mitasi talablariga javob bermaydigan sotilgan jurnallar ro‘yxati chop etilmoqda.

Rossiyada 2020 yilda Fanlar akademiyasi komissiyasi «Scopus va WoS`dagi xorijiy yirtqich jurnallar: tarjima plagiati va rossiyalik nohalol mualliflar» hisobotini nashr etdi. Unda ushbu mualliflar va ular ishlaydigan universitetlar ro‘yxati keltirilgan.

Xitoyda ham bunday jurnallarga qarshi kurash dasturi ishga tushirildi. Birinchi maqola aniqlanganidan so‘ng muallif ogohlantirish oladi, ikkinchi maqoladan keyin esa tashkiliy xulosalar chiqariladi. Bunday nashrlarga ruxsat beruvchi universitetlarni moliyalashtirish qisqartiriladi.

Qozog‘istonda qozog‘istonlik mualliflarning firibgar jurnallardagi ishtiroki haqida bir qancha oshkora maqolalar chop etilgan. Halol universitetlar ligasini yaratish g‘oyasi ilgari surildi.

Nima qilish kerak?

O‘zbekistonda ham bu kabi kurash olib borilyaptimi? Yo‘q. Ilm-fan va oliy ta’lim sohasi mutasaddilarining javobgarlik choralari qanday? Muammo haqida bilib, unga ko‘z yumgan holda firibgarlarning sheriklariga aylanmoqdalar-ku.

O‘zbek olimlarining soxta jurnallarda chop etilayotgan nashrlari oqimini to‘xtatish uchun nima qilish kerak? Ilm-fanning qariyb qonuniy profanatsiyasidan qanday qutulish mumkin?

Birinchidan, Bill ro‘yxatini rasman tasdiqlash.

Ikkinchidan, unga yangi jurnallarni qo‘shish. Olimlarimizning oxirgi 5 yildagi maqolalari ko‘rsatilgan hisobotlarini olib, ularni «axlat» jurnallarga aloqadorligini tekshirish va ular natijalari bo‘yicha Bill ro‘yxatini kengaytirish.

Uchinchidan, O‘zbekiston olimlarining firibgar jurnallardagi maqolalari munosabati bilan inventarizatsiyadan o‘tkazish va ularning pozitsiyalarini qayta ko‘rib chiqish. Bu kabi jurnallarning tahrir hay’atlariga a’zolikni ilmiy xizmat sifatida ko‘rmaslik.

Bu kabi jurnallar faoliyatidagi ishtirokni O‘zbekiston olimlari obro‘siga yetkaziladigan zarar sifatida ko‘rish, bu kabi jurnallardagi faoliyat natijasida olinadigan daromadlarni esa firibgarlikning bir ko‘rinishi sifatida baholash. Bu kabi jurnallardagi «maqolalar»ni ilmiy deb ko‘rsatishni taqiqlash, OTMlar, ITIlar, FA, OO‘MTV, OAK va Innovatsiyalar vazirligiga ushbu jurnallardagi maqolalarni hisobga olishni taqiqlash.

To‘rtinchidan, nashr etikasi qo‘mitasi talablarini hisobga olgan holda ilmiy jurnallar kodeksini ishlab chiqish. Ilmiy jurnallar, jumladan, shtatlarni moliyalashtirishga majburiy ajratishni ko‘zda tutish.

Beshinchidan, dissertatsiyalar, attestatsiyalar, mukofotlar, ustamalar, imtiyozlar va boshqalarni taqdim etishda e’tiborga olinishi kerak bo‘lgan xalqaro va milliy ma’lumotlar bazalarining kengaytirilgan ro‘yxatini tuzish.

Oltinchidan, monografiyalar (ayniqsa, fundamental, shuningdek, xorijda nashr etilgan), monografiyalardagi bo‘limlar, broshyuralar va xalqaro konferensiyalardagi ma’ruzalarni yuqoridagi imtiyozlarni berishda hisobga olinadigan nashrlar ro‘yxatiga kiritish.

Yettinchidan, imtiyozlarni tayinlashda xalqaro grantlardagi ishtirok va g‘alabalar, xorijiy (firibgarliksiz) jurnallar tahririyatlarida ishtirok etishni hisobga olish.

Sakkizinchidan, mamlakat jurnallarini xalqaro va milliy ma’lumotlar bazalariga kirishga yo‘naltirish. Ularning kiritilishlari uchun yo‘l xaritasini ishlab chiqish va birgalikda monitoringini yuritish maqsadida ular bilan ishlash.

To‘qqizinchidan, MDH mamlakatlariga (SHHT) Yevroosiyo bibliografik va referativ ma’lumotlar bazasini yaratish bo‘yicha tashabbus bilan chiqish. Uzbek Science Citation Index (UzSCI) yaratish va Web of Science`ga Rossiya, Xitoy va Koreyada bo‘lgani singari O‘zbekistonning ham eng yaxshi jurnallarini joylashtiradigan platforma yaratish taklifini kiritish.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun Fanlar akademiyasi yoki Innovatsiya vazirligi huzurida ilmiy jurnallarni toifalar bo‘yicha tegishli reytingi bilan sertifikatlash bo‘yicha maxsus komissiya tuzish zarur.

Aminmanki, bu tashabbuslarning barchasini amalga oshirish mumkin va ular ilm-fanimiz manfaatlariga xizmat qiladi, ilmiy izlanishlar sifati va mamlakatimiz olimlarining jahon ilmiy hamjamiyatidagi nufuzini oshiradi. Bu esa zaruriy shart bo‘lib, usiz innovatsion jamiyat sari odimlab bo‘lmaydi.

Muallifning fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Valeriy Xan Hindiston, Qozog‘iston, Rossiya, Turkiya, O‘zbekiston va Janubiy Koreyada chop etilayotgan ilmiy jurnallar, jumladan BLA International Bibliography, EBSCO, Scopus va Web of Science platformasidagi RSCI bazalarida indekslanuvchi jurnallar tahrir hay’atlari a’zosi.