13−18 noyabr kunlari Toshkent, Farg‘ona va Samarqandda birinchi an’anaviy Global tadbirkorlik haftaligi bo‘lib o‘tadi.

Tashkilotchilarning xabar qilishicha, tadbirlarda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Isroil va boshqa davlatlardan 50 nafardan ziyod chet ellik top-menejerlar, investorlar va tadbirkorlar tashrif buyuradi.

Jami 5000 kishi, jumladan, yosh tadbirkorlar, biznesmenlar, iqtisodchilar, mahalliy kompaniyalar menejerlarining ishtirok etishi kutilmoqda.

Haftalik har yili dunyoning 160 dan ortiq davlatida o‘tkaziladi. Tadbirdan kutilgan maqsad — tadbirkorlik doiralari vakillarining hamkorligini yo‘lga qo‘yish, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, biznesni rivojlantirish uchun xalqaro amaliyot va vositalarni namoyish etishdan iborat.

Tadbir dasturi oltita tematik kunni qamrab oladi. Ularning har birida ishtirokchilar mahalliy va xorijiy ekspertlarning tadbirkorlik uchun infratuzilmalar, startap harakatlarni rivojlantirish, biznes samaradorligi va o‘sishini ta’minlash, innovatsiyalardan foydalanish, ayollar tadbirkorligi va investitsiyalarni jalb etish kabi yo‘nalishlardagi taqdimotlarini tinglashadi. 25 dan ortiq tematik sessiyalar, 50 ta tadbir va seminar o‘tkaziladi.