Toshkent — reklamalar shahri
O'zbek biznesi tashqi reklamani sevadi: qichqiriq banner va ko'zni qamashtiruvchi LED-monitorsiz ishlab bo'ladimi?! Afsuski, Toshkent o'z arxitekturasi, daraxtlari va aholisining reklamaga yem bo'lishiga qo'yib bergan. Poytaxt qanday qilib afisha va monitorlarga taslim bo'lgani — bizning fotosharhimizda.
O'zbek biznesi tashqi reklamani sevadi: qichqiriq banner va ko'zni qamashtiruvchi LED-monitorsiz ishlab bo'ladimi?! Afsuski, Toshkent o'z arxitekturasi, daraxtlari va aholisining reklamaga yem bo'lishiga qo'yib bergan. Poytaxt qanday qilib afisha va monitorlarga taslim bo'lgani — bizning fotosharhimizda.
Toshkent supermarket katalogiga, shilqim reklamaga to'la qaroqchi saytga, quroq ko'rpaga o'xshaydi. Binolardagi reklama qoplamalari arxitekturani ta'mirlashda qilingan tejamkorlikni ehtiyotkorlik bilan yashiradi. Ko'zni qamashtiruvchi LED-monitorlar shahar ko'chalarini yoritishga pul tikmaslik istagiga niqob vazifasini bajaradi. Do'konlarning yorqin peshlavhalari qorong'i trotuarlarda odamlar joniga oro kiradi. Axborotning haddan tashqari ko'pligi va shaharning bir maromda yoritilmaganidan odamlarning boshida mabodo og'riq tursa, ular tajovuzkor va xavfli mahluqqa aylanib qolgan poytaxtdan panoh izlab o'zini to'rt devor ichiga uradi.
Reklama bosqini, afishalar, peshlavhalar, ulkan televizorlarning zarari haqida Nikita Makarenko va Azamat Shamuzafarov kabi mualliflarimiz bir necha bor yozdi. 2023-yili bu muammoni hal qilish uchun Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti (RRD) safarbar etildi.

RRDning "Tashqi reklama" loyiha ofisi boshlig'i o'rinbosari Lazizbek Toshqulovning "Gazeta.uz"ga ma'lum qilishicha, 2024-yilning yanvar oyi holati bo'yicha poytaxtda 14 mingdan ortiq reklama obyektlari o'rnatilgan. Loyiha ofisi ularning qonuniy yo'l bilan o'rnatilgan-o'rnatilmaganini tekshirmoqda.
"Mart oyidan noqonuniy obyektlarni buzishga kirishamiz. Reklama obyektlarining avval berilgan pasportlarini yangisiga almashtirishga yordam beramiz. Qurilmalari talabga javob bermasa, tadbirkorlarda kamchiliklarni tuzatish va qayta ariza berish imkoni bo'ladi. Agar reklama obyekti imkoni bor barcha qoidabuzarliklar bilan o'rnatilgan bo'lsa, u holda demontaj uchun ruxsatnoma olish jarayonini boshlaymiz", — deya tushuntiradi Lazizbek Toshqulov.

Loyiha ofisi reklama dizayn-kodini — reklama obyektlarini bezatish va o'rnatish bo'yicha talablar to'plamini ham ishlab chiqqan. Undan ko'zlangan maqsad — vizual shovqinni kamaytirish. Hujjat hozirda shahar kengashida muhokamadan o'tmoqda.

Ma'muriy jarayonlar cho'zilayotgan bir vaqtda, shahar reklamaga yem bo'lishda davom etmoqda. "Gazeta.uz" muxbiri Dilyaver Ablyakimov Toshkent ko'chalarini aylanib, poytaxt qanday qilib transparantlar, ko'zni oluvchi LED-monitorlar va har tarafni to'ldirgan to'rt oyoqli shtenderlarga boy berilganini tasvirlarga muhrladi.
"Reklama umuman bo'lmasligi kerak bo'lgan joylar ham bor. Masalan, metropolitenimizda reklama ko'p hollarda navigatsiyaning o'rnini egallab olgan. Eshiklarda, metroga kirish joylarida, vestibyullarda, eskalator ustida aslida yo'lovchilar bu yerdan qayerga borishi mumkinligi haqida axborot beruvchi belgilar bo'lishi lozim", — deb hisoblaydi shaharni rejalashtirish bo'yicha mutaxassis Bobur Sirojev.
реклама
реклама
"Toshkentdagi tashqi reklamaning joriy ahvoli — achinarli, — deya qayd etdi Zen.Light yorug'lik dizayni byurosi mutaxassisi Oleg Smetanko. — Ulkan hajmdagi yirik gabaritli tajovuzkor reklama va LED-ekranli ustunlar vizual tartibsizlik va ko'rish noqulayligini keltirib chiqaradi. Bu insonning ruhiy va jismoniy holatiga salbiy ta'smir qiladi. Maqsadga muvofiq manzaraga faqat taqiq va cheklovlar yo'li bilan emas, balki keyinchalik shahar muhitiga qo'shilib ketadigan rang, kontrast va kontent mazmunini tartibga solishni nazarda tutuvchi „badiiy gigiyena" tamoyili nuqtai nazaridan ham yondashmoq lozim".
Suratlar muallifi: Dilyaver Ablyakimov.

Matn va grafik materiallarga bo'lgan barcha huquqlar "Gazeta.uz" nashriga tegishli. "Gazeta.uz" internet-nashrida e'lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O'z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting