Foto: Yevgeniy Sorochin / "Gazeta.uz"
Xivadagi binolar yoshi interfaol xaritada aks ettirildi
Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti Xivadagi binolar yoshi aks etgan interfaol xarita tayyorladi. RRD mutaxassislari loyiha yangiliklari, yangi xarita avvalgilaridan nimasi bilan farq qilishi, xarita timsoliga aylangan shahar tarixidagi voqealar haqida so'zlab berdi.
Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti Xivadagi binolar yoshi aks etgan interfaol xarita tayyorladi. RRD mutaxassislari loyiha yangiliklari, yangi xarita avvalgilaridan nimasi bilan farq qilishi, xarita timsoliga aylangan shahar tarixidagi voqealar haqida so'zlab berdi.
Xiva Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti tomonidan binolarning yoshi va shaharlar tarixi aks ettirilgan interaktiv xarita yaratayotgan Age loyihalari turkumi doirasida uchinchi shaharga aylandi. Bungacha Toshkent va Chirchiq shaharlarining shunday xaritalari tayyorlangan edi.
Toshkent hokimining axborot texnologiyalarini joriy etish bo'yicha o'rinbosari, hokimlik huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti (RRD) rahbari Aleksey Xenning ta'kidlashicha, O'zbekistonning boshqa turistik shaharlariga nisbatan qadimiyroq va — bu ham muhim omil — kichikroq bo'lgani bois, Xiva Age loyihasi uchun navbatdagi shahar sifatida tanlab olingan. Shunga qaramay, loyiha amalda ikki shaharni — Xivaning zamonaviy qismi va tarixiy Ichan-qal'ani qamrab olgan.

Age Xiva'ni amalga oshirishda arxeologiya, tarix, falsafa, adabiyot va biologiya yo'nalishlarida tadqiqotlar olib boruvchi ilmiy markaz — Xorazm Ma'mun akademiyasi olimlari ham qatnashgan.
реклама
реклама
Interfaol xaritani ishlab chiqish uchun departament mutaxassislari 34 721 ta binoni hisobga olgan. Loyiha bir necha yangi imkoniyatlar bilan boyitilgan. Birinchidan, Age Xiva ingliz tiliga o'girilgan ilk interfaol xaritaga aylandi. Bu yangilik RRD mutaxassislarini butun loyihani xalqaro maydon uchun moslashtirishga undadi: endi nafaqat Xiva, balki Toshkent va Chirchiqning interfaol xaritalari bilan ham o'zbek, rus va ingliz tillarida tanishish mumkin.

Shunday bo'lsa-da, Xiva xaritasida boshqa shaharlarnikida yo'q ba'zi funksiyalar bor. Masalan, shaharning miloddan avvalgi ming yillikdan to bugungi kungacha bo'lgan xronologik tarixini ko'rsatuvchi bo'lim. Xronologiya Xiva tarixining eng muhim davrlari — shaharga asos solinishi, Ahamoniylar hukmronligi, Buyuk Ipak yo'lining ta'siri, VIII asrdagi arab istilosi, xonlikning mashhur shaxslari haqidagi qisqacha ma'lumot beruvchi lavhachalar bilan to'ldirilgan.
Tarixiy xronologiya bo'limining Xiva binolari yoshi xaritasi bilan hamohanglikdagi ko'rinishi.
Xronologiya bilan tanishish vaqtida platforma bayon qilinayotgan davrga mansub saqlanib qolgan tarixiy joylarni xaritadan alohida ajratib ko'rsatadi.

Age loyihasidagi boshqa shahar xaritalarida bo'lgani kabi, foydalanuvchilar Xiva xaritasida ko'rsatilgan barcha binolarning yoshini bilib olishi mumkin. Xaritadagi har bir rang shahar tarixidagi ma'lum bir davrni anglatadi. U yoki bu davrda qurilgan binolar tegishli ranglar bilan bo'yalgan. RRD xodimlari bu ranglarning har biri nimani anglatishi haqida so'zlab berdi.
Feruzarang
Xaritadagi eng qadimiy joylar miloddan avvalgi VI asrga mansub. Bu davr Xiva timsollaridan biri hisoblangan Xeyvaq qudug'idagi suvga ishora qilgani holda feruzarang bilan ajratilgan.

Xiva — O'rta Osiyoning miloddan avvalgi V asrda asos solingan eng ko'hna shaharlaridan biri. Shaharning paydo bo'lishi va uning nomi haqida ko'plab afsonalar bor. Shahardagi barcha ekskursiyalar Nuh payg'ambarning Som ismli o'g'li haqidagi rivoyatdan boshlanadi. Shaharga aynan Som ibn Nuh asos solgan, deb hisoblaniladi. Rivoyatga ko'ra, dunyoni suv bosishi voqeasi bo'lib o'tgach, cho'lda ketayotgan Som biroz hordiq chiqarish uchun yotadi va tushida qayiq shaklida bir qator qilib joylashtirib chiqilgan lovullab yonayotgan 300 ta mash'alani ko'radi. Bunda yaxshilik alomatini ko'rgan Som mash'alalar tushida qanday joylashtirilgan bo'lsa, shunday shaklda bir shahar quradi. Shaharni qurish vaqtida chanqoqni qondirish uchun u Xeyvaq qudug'ini qazdiradi, shundan shahar nomi — Xiva kelib chiqadi.
Xeyvaq qudug'i. Foto: Canaan Travel
Xeyvaq qudug'i hozir ham Ichan-qal'aning shimoli-g'arbiy devori tagidagi mo''jaz bir hovlida keksalar tomondan avaylab-asrab, qo'riqlab kelinadi. Quduqni ta'mirlash vaqtida qubbali qurilma qoldiqlari, shuningdek, yog'ochdan ishlangan ilk devor izlari topilgan edi.
Marvaridrang
701-yildan 1302-yilgacha bo'lgan davr marvaridrang bilan ajratilgan. Ushbu rang Xivaning arab sarkardasi Qutayba ibn Muslim tomonidan egallanishi munosabati bilan tanlangan. Qutayba mintaqaga islom dinini olib kelgan. Yangi din shu vaqtgacha bu yerda ommalashgan zardushtiylikni siqib chiqargan.
Ichan-qal'aning janubi-sharqiy burchagi. VI-VIII asrlarga mansub minora qoldiqlari. 1988-yil. Foto: Xorazm Ma'mun akademiyasi
Xivaning "marvaridrang davri"da shaharda insoniyat tarixidagi eng buyuk matematiklardan biri, algebra va barcha zamonaviy IT-texnologiyalar asosi hisoblangan "algoritm" asoschisi al-Xorazmiy yashagan. Xorazmiy matematikadan tashqari astronomiya, tarix va geografiya bilan ham shug'ullangan, 20 dan ortiq ilmiy ishlar yozgan.
реклама
реклама
Hozirgi Xorazm hududida ulamo, XII asr so'fiylarining yirik vakili Najmiddin Kubro tavallud topgan. U katta ilmiy meros qoldirgan. Uning "kubroviya" ta'limoti nafaqat Xorazmshohlar davlatining ma'naviy hayotiga, balki butun Islom olamiga katta ta'sir ko'rsatgan.
Sariq
XIII-XIV asrlarda Xorazmda yashagan Pahlavon Mahmud o'zining olijanobligi, donishmandligi, shoirlik iste'dodi va jismonan juda baquvvat bo'lgani bilan tanilgan, shu boisdan ham "pahlavon" laqabini olgan edi.

Uni so'fiylar pir sifatida ulug'lagan. Pahlavon Mahmud eski kulliyotlarda Puryoyvaliy taxallusi bilan tilga olinadi. U bir necha g'azal va 100 ga yaqin ruboiylar muallifidir. O'ziga xos bir turkum sifatida yozilgan bu ruboiylarda insonning mashaqqatli va go'zal hayoti hikoya qilinadi.

Shoir 1326-yili o'zining po'stindo'zlik ustaxonasi hovlisiga dafn etilgan. 1303-yildan 1548-yilgacha bo'lgan davrlarda qurilgan binolarni ajratib ko'rsatish uchun tanlangan sariq rang Pahlavon Mahmud maqbarasi gumbazining oltin qubbasidan olingan.
Pahlavon Mahmud maqbarasi.
Xivada har yili Pahlavon Mahmud sharafiga polvonlar musobaqasi — xalqaro Strongman Games o'yinlari bo'lib o'tadi. Braziliya, Italiya, Yangi Zelandiya, Ispaniya, Fransiya, Islandiya, Polsha va boshqa mamlakatlardan kelgan sportchilar mashinalarni tortadi, g'ildirak shinalarini ag'daradi, granit sharlarni yumalatadi.
Tillarang
Xaritada 1549-yildan 1784-yilgacha bo'lgan davrda qurilgan binolar farovonlik ramzi hisoblangan oltin rangi bilan belgilangan. Amudaryo o'zanining o'zgarishi sabab 1598-yili xonlik poytaxti Gurganjdan Xivaga ko'chadi — suvsizlik oqibatida Gurganjda yashash sharoiti sezilarli og'irlashadi, xususan, aholining Kaspiy dengiziga chiqish yo'llari yopilib qoladi.
Ichan-qal'adagi XVI-XVII asrga oid topilmalar. 1984-yilgi qazuv ishlari. Foto: Xorazm Ma'mun akademiyasi.
Poytaxtga aylanishi bilan Xiva jadallik bilan rivojlana boshlagan hamda o'z davrining ilmiy va diniy markazlaridan biriga aylangan.
Sariq g'isht rangi
Xorazmni 1763-yildan 1790-yilga qadar o'zbeklarning qo'ng'irot sulolasi asoschisi Muhammad Amin Inoq boshqargan. 1785-yili g'ishtdan Muhammad Amin Inoq madrasasi quriladi. Bino rangi Age Xiva xaritasida 1785-yildan 1841-yilgacha bo'lgan davr ramziga aylandi.
Muhammad Amin Inoq madrasasi. Foto: meros.uz
Muhammad Amin Inoq hukmdorligining dastlabki yillarida ma'lum qiyinchiliklarga duch kelganiga qaramay, keyinchalik ijtimoiy-siyosiy tinchlik va tartib o'rnata olgan siyosiy arbob hisoblanadi. Uning davrida shaharda katta miqyosdagi irrigatsiya ishlari amalga oshirilgan. U xon sifatida Buxoro amirligining 1782-yilgi va ko'chmanchi turkmanlarning 1770-yilgi bosqinlarini qaytarishga muvaffaq bo'ladi.

Xivaning "g'ishtrang davri"da shaharda Eltuzarxon topshirig'iga ko'ra xonlik tarixini yozgan adib Shermuhammad Munis yashab, ijod qilgan.
To'q jigarrang
XIX asr o'rtalariga kelib Ichan-qal'a shahar uchun juda torlik qilib qoladi, shu bois 1842-yili xonlik hukmdori Olloqulixon Dishan-qal'ani qurdiradi. Yangi qal'a devori balandligi 8 metr, uzunligi esa 6 kilometrdan ziyod edi. Inshoot shaharning hunarmandlar yashaydigan, savdo rastalari, bog' va ma'muriy binolar joylashgan qismini dushmandan himoya qilardi.
Dishan-qal'a devorlari. Foto: Xorazm Ma'mun akademiyasi
"To'q jigarrang" davrning alohida e'tiborga molik shaxslaridan biri sifatida Xiva xonligidagi birinchi fotosuratchi hisoblangan Xudoybergan Devonovni ko'rsatish mumkin. Uning "O'rta Osiyo me'moriy yodgorliklari", "Turkiston ko'rinishlari", "Xiva va xivaliklar" kabi qisqa filmlarini internetdan topish mumkin.
Qizil
Xivaning "qizil davri" xonlikning qulashi va sovet hokimiyatining o'rnatilishi — 1920-yillardan 1966-yilgacha bo'lgan davrni qamrab oladi.

Said Abdullaxon 1918-yili taxtga o'tiradi, 1919-yil kuzida esa uni ag'darishga qaror qilishadi. Xorazmga Qizil armiyaning qurolli bo'linmalari tashlanadi.

1920-yil 2-fevralida Qizil armiya shahar mudofaasiga rahbarlik qilgan Junaidxon armiyasi ustidan g'alaba qozonib, Xivaga kiradi. Shu kunning o'zidayoq Xiva xonligi rasman tugatilgani e'lon qilinadi, 4-aprelga kelib esa Xorazm kommunistik partiyasi tuziladi.
реклама
реклама
1967-yildan hozirgi kungacha bo'lgan davr
1967-yildan to hozirgi kungacha bo'lgan davr 10 ta turli rang bilan ajratilgan. Departament rahbari Aleksey Xenning so'zlariga ko'ra, bu mazkur 56 yillikda juda ko'p binolar qurilgani bilan izohlanadi. O'rta asrlardan bizning davrimizga qadar sanoqli binolar saqlanib qolgan bo'lsa, sovet davri va mustaqillik yillari o'n minglab yangi imoratlar qurilgan. Agar bu davr uchun 10 ta emas, kamroq rang tanlansa, xarita amalda deyarli bir xil tusda bo'lib qolur edi.

Shaharning ushbu davr tarixidagi eng muhim palla sifatida 1967-yilni ko'rsatish mumkin — shu yili Ichan-qal'a me'moriy muzey-qo'riqxona sifatida tan olinadi. Shu bois 1967-yildan 1980-yilgacha bo'lgan davr Ichan-qal'a devori ranglarida — qizil-to'q sariq bilan ajratilgan.

Shundan so'ng "to'q sariq", "och sariq", "bodomrang" yillar keladi. Ular, mos ravishda, 1981−1982, 1982−1985, 1986−1990-yillarni bildiradi.

Keyingi 26 yil davomida qurilgan binolar Xiva xaritasida ko'k va moviy rangning besh xil tovlanishi bilan ajratib ko'rsatilgan. Ichan-qal'aning YUNЕSKO Butunjahon merosi yodgorliklari ro'yxatiga kiritilishi va shaharning 2500 yillik tantanalari - bu davrdagi eng muhim voqealar hisoblanadi.

Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davri yashil rang bilan ajratib ko'rsatilgan - Xiva shu davrda, aynan 2019-yili Turk dunyosining madaniy poytaxti deb e'lon qilingandi.
Raqamli rivojlanish departamenti O'zbekiston Fanlar Akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti Markaziy Osiyo tarixi bo'limi katta ilmiy xodimi, PhD Qahramon Yoqubovga, Xorazm Ma'mun akademiyasi raisi Ikrom Abdullayevga, akademiyaning ijtimoiy-gumanitar fanlar bo'limi katta ilmiy xodimi Bahrom Sa'dullayevga va Xorazm viloyati hokimligi raqamli rivojlanish boshqarmasi boshlig'i Otabek Yangiboyevga minnatdorlik bildiradi.
"Gazeta.uz" internet-nashrida e'lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O'z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting