Sudochye — qamishlar, chinklar, qushlar makoni
Bir vaqtlar sohilida yuzlab odamlar yashagan, hozir esa millionlab qushlarga qo'nalg'a vazifasini bajaruvchi ko'ldan reportaj
Sudochye — qamishlar, chinklar, qushlar makoni
Bir vaqtlar sohilida yuzlab odamlar yashagan, hozir esa millionlab qushlarga qo'nalg'a vazifasini bajaruvchi ko'ldan reportaj
Nukusdan taxminan 150 km uzoqlikda, Mo'ynoq tumanida, mahalliy aholi "Suvi duchchi" (o'zbekchasiga "suvi chuchuk") deb atagan, xaritalarga Sudochye nomi bilan kiritilgan ko'llar tizimi bor. U yerga boradigan to'g'ri va tekis yo'l yo'q, shu bois masofani bosib o'tishga 4 soatcha vaqt ketadi.
Nukusdan taxminan 150 km uzoqlikda, Mo'ynoq tumanida, mahalliy aholi "Suvi duchchi" (o'zbekchasiga "suvi chuchuk") deb atagan, xaritalarga Sudochye nomi bilan kiritilgan ko'llar tizimi bor. U yerga boradigan to'g'ri va tekis yo'l yo'q, shu bois masofani bosib o'tishga 4 soatcha vaqt ketadi.
Manzilga yetgach, yo'l azobi ham unutiladi, ketgan vaqtingizga ham achinmaysiz: sizni qamishzorlar qurshovidagi ko'llar kutib oladi. Bu hudud Sibir va tundradan janubdagi issiq o'lkalarga (va aksincha) uchadigan qushlarning G'arbiy Osiyo migratsion yo'lida joylashgan. Ayni migratsiya vaqti — bahor oxiri va kuz boshida kelsangiz, sizni nafaqat qamishzor, balki minglab, ehtimol, millionlab qushlar kutib oladi.
2021-yili umumiy maydoni 280 ming gektardan ziyod bo'lgan Sudochye-Aqpetki davlat buyurtma qo'riqxonasi tashkil etilgan edi. Qo'riqxona ma'muriyati "Sudochye ko'li" ekoturistik maskanini ishga tushirgan. Hozircha bu maskan ikkitagina o'tovdan iborat (kelgusida mehmonxona ham qurishmoqchi). Bu yerda xizmat ko'rsatuvchi xodimlar va sanoqli baliqchilardan boshqa hech kim yo'q.
реклама
реклама
Ammo sohilning bu qismidagi manzara har doim ham shunday bo'lmagan — ko'l bir butun, ulkan va suvga to'la bo'lgan vaqtlarda (bunaqasi so'nggi bor 1960-yillar oxirida kuzatilgan) ekomaskan o'rnida Urga nomli shaharmonand qishloq bor edi. Unda nafaqat baliqchilik, balki terisi uchun ondatra, nutriya boqadigan, tulki ovlaydigan yuzlab aholi istiqomat qilgan.
Hozir hayot gurkiragan davrdan yodgorlik sifatida maktab binosi va xonadonlarning qoldiqlari, salkam bir asr avval qurilgan imorat xarobalari qolgan, xolos. Maktabda baliqchilarning bolalari tahsil olgan, peshtoqi uzoqdan kelayotganlarga mo'ljal vazifasini bajaruvchi imorat esa baliqchilarga xizmat qilgan — bino ichida hozir ham baliqchilarning eski, eksponatga aylanib ketgan to'rlarini uchratasiz.
Atrofda baliqchilarga tegishli boshqa inshootlar ham bor. Ulardan biri, masalan, yerto'laga o'xshash, baliq quritish va saqlashga mo'ljallangan, ustiga qamish bostirilgan qurilma. Ta'kidlashlaricha, qishda, suv muzlaganida, bu qurilma ichi muz bo'laklari bilan to'ldiradi — qarabsizki, baliqlarni saqlash uchun tabiiy muzlatgich ham tayyor.
Tashlandiq xarobalar, ichidagi yoqimsiz hid, ular atrofidagi chiqindilar dilni xira qiladi. Ammo Sudochyeda xira bo'lgan dilni suvga, qamishzorga, ko'zni quvnatuvchi bulutlar to'la osmon va bu osmonga qarab bo'y cho'zgan necha ming yillik tabiat yodgorliklari — chinklarga qarab charog'on qilishdan osoni yo'q.
Sudochyening taqdiri Amudaryo va Orol bilan bevosita bog'liq. Amudaryo to'lib-toshib, Orolni suvga to'ldirib, dengiz qurishidan darak ham bo'lmagan vaqtlarda Sudochyening maydoni 350 kvadrat kilometrgacha yetgan — u boshidan bu boshiga uzunasiga 250 kilometrgacha, eniga esa 15 kilometr suzish kerak bo'lgan.
Ammo Orolning qurishi Sudochyega ham salbiy ta'sir qilgan. U bugun Aqushpa, Katta Sudochye, Qarateren va Begdulla-Aydin nomli to'rtta suv omboridan iborat. Ular ham barqaror emas. Masalan, Katta Sudochye 2001-yili qurib qolgandi. Ammo so'nggi yillarda vaziyat birmuncha yaxshilangan. Shundanmikin, ko'lga saqoqushlar, oqqushlar, o'rdagu g'ozlar yoniga flamingolar ham qaytgan.
"Ko'ldagi qushlarni, ayniqsa flamingolarni yaxshi ko'raman. Qay bir tur qay vaqtda ko'lga kelishini deyarli yodlab olganman", — deydi 69 yoshli Yalg'az Alijanov. U asli qo'ng'irotlik, 17 yildan beri Sudochyeda qayiqchilik qiladi. Shu yerda ikki shogirdi bor, yana shogird olishga tayyor, "kimdir qayiqchilikni o'rganmoqchi bo'lsa, kelsin, o'rgataman", deydi.
Yalg'az og'a bir vaqtlar Sudochyeda "qushlarning ham, baliqlarning ham hamma turi" bo'lganini aytadi. Qushlar hozir ham kam emas — ko'lda 240 qush turi kuzatilgan bo'lsa (ularning 28 tasi O'zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan), shundan 150 tasi ko'chmanchi. Og'aning aytishicha, ko'lda hozir zog'ora (sazan), tovonbaliq (karas) va boshqa shu kabi baliq turlari uchraydi. Ammo suv sifati pasayib ketgan, shu bois, ba'zi mutaxassislarning fikricha, bu yerda baliqchilik hozir 1950−1960-yillardagidek samarali emas.
реклама
реклама
Qamishlar — Sudochyening go'zal ramzlari. Qamishli orollar oralab qayiqda suzarkansan, o'zingni misoli Qamishli Venetsiyaga tushgandek his qilasan (Venetsiyadan farqli bu yerda "kanal"lar bo'yida ko'hna uylar emas, ko'chmanchi qushlarning inlari "qad rostlagan"). Bu qamishlar shunchaki chiroyli emas, balki daromad manbai ham: Sudochye qamishlaridan qurilish mahsuloti — DSP tayyorlashda ham foydalaniladi.
Shovullab, bir maromda orombaxsh ovoz chiqaruvchi bu o'simlik vaqti kelsa baloga ham aylanishi mumkin. U qurigach, Mo'ynoqning yozgi jaziramasida oson alanga oluvchi narsaga aylanadi. Masalan, 2019-yil iyulida Sudochyeda salkam 300 gektar maydonda qamishzor yonib ketgandi — o'shanda mas'ullar bexabar qolib, qamishzor ikki kun yongan. Bundan tashqari, avvallari "chorva uchun yangi qamish o'sib chiqsin" deya mahalliy aholi ham kuzda qamishga o't qo'yardi. Ammo hozir bu amaliyot taqiqlangan.
Sudochye ko'llar tizimi — hech mubolag'asiz — Qoraqalpog'istondagi ajoyib maskan. Minglab-millionlab ko'chmanchi qushlar uchun vaqtincha qo'nalg'a vazifasini o'tuvchi bu suv havzalarini nafaqat asrab-avaylash kerak, balki uni Sariqamish ko'li bilan birga odamlar uchun faol hordiq maskaniga aylantirish ham mumkin. Sayyohlarning muntazam oqimi ushbu ko'llar tizimi muammolarini ham tezroq hal qilishga, 2019-yildagi kabi favqulodda holatlarning oldini ham olishga xizmat qilsa ne ajab.
Suratlar muallifi: Madina A'zam / “Gazeta.uz".
Fotoreportaj O'zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi ko'magida tayyorlanadi.

Barcha grafik materiallarga bo'lgan huquqlar “Gazeta.uz" nashriga tegishli. “Gazeta.uz" internet-nashrida e'lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O'z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron pochta manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting