Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”
Cho‘milish taqiqlanadi
Qanday qilib Toshkent shahar plyajlarisiz qoldi?
Toshkentda jazirama yoz kunlari boshlandi – ochiq suv havzalarida cho‘milish va xordiq chiqarishning ayni payti. Biroq aholi va issiq kunlar soni ortganiga qaramasdan, mustaqillik yillarida poytaxtda fuqarolar dam olishi uchun birorta ham suv havzasi barpo etilmadi. Shahardagi sovet davridan qolgan bor suv rezervuarlari ham yo‘q qilindi. Jazirama uch oy oldidan “Gazeta.uz” XX asr shaharsozlari qanday qilib Toshkentning iqlimiy xususiyatlarini hisobga olgan holda odamlar uchun qulay shahar barpo etganlari va nima uchun shaharlarimizga suv havzalarini qaytarishimiz kerakligi haqida mushohada yuritadi.
Keyingi dam olish kunlari toshkentlik oddiy oila qayerga cho‘milish uchun borishi mumkin? Shahardagi ommaviy suv havzalaridan faqat Bo‘rijar va Anhor kanallari qirg‘og‘ida suvga tushadigan bir nechta ochiq joy qolgan, biroq u yerlarda ham xavfli oqim sababli panjaralarga “Cho‘milish taqiqlanadi” degan yozuvli taxtachalar ilingan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi har yili taqiqlangan joylarda cho‘milmaslik to‘g‘risida ogohlantirishlar beradi, biroq 2022-yilda Markaziy Osiyoning eng yirik shahri o‘z aholisi va mehmonlariga faqat xlorli basseyn va akvaparklarda suzishni taklif qilishi mumkin. Suv bo‘yida minimal darajada qulay va xavfsiz dam olish uchun esa to‘rt kishilik oila o‘rtacha 500 ming so‘m to‘lashga tayyor bo‘lishi kerak, chunki Toshkentga sovet shaharsozlaridan meros qolgan bepul suv havzalari Yangi O‘zbekiston tomonidan o‘rniga bitta ham qurmasdan, vayron qilingan.
Pionerlar cho‘milishmoqda. Toshkent, 1934-yil
Foto: Kinofotofonohujjatlar milliy arxivi
Sovet Ittifoqining oxirgi yillarida yoz kunlarida Toshkentdagi Komsomol ko‘li (Alisher Navoiy nomidagi milliy bog‘, hozirgi Magic City), Baxt ko‘li (hozirgi Lake City ko‘l shaharchasi qurilish maydoni), Volgograd ko‘li (G‘afur G‘ulom nomidagi bog‘), shuningdek, Bobur (hozirgi Do‘stlik bog‘i) va Telman (Central Park) bog‘laridagi bepul plyajlarda ko‘plab cho‘miluvchilarni uchratish mumkin edi. Bundan tashqari, o‘tgan asrning 80-yillari oxirigacha ko‘p qavatli uylarning hovlilarida bolalar uchun basseynlarni uchratish mumkin edi. Bugun yuqoridagilardan hech biri qolmagan.
Toshkent temir yo‘li Pionerlar saroyi bog‘idagi hovuzda bolalar cho‘milmoqda. 1937-yil
Foto: Kinofotofonohujjatlar milliy arxivi
Toshkent meʼmorlariga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan shaharlarni obodonlashtirish va suv havzalari bilan taʼminlash tamoyillari “O‘zbekiston arxitekturasi va qurilishi» sovet jurnallarida, shuningdek, 1980-1992-yillarda O‘zbekiston meʼmorlar uyushmasi raisi bo‘lib ishlagan To‘lqinoy Qodirovaning “Sovet O‘zbekistoni arxitekturasi” kitobida bayon etilgan. “Gazeta.uz” ushbu manbalarni o‘rganib chiqdi va yozi juda issiq bo‘lgan qurg‘oqchil hududda qanday qilib voha shahri qurilgani va so‘nggi o‘n yillikda Toshkent qay tarzda barcha shahar plyajlarini yo‘qotgani haqida mushohada yuritadi.
“Parijning yangi tumanlaridan biri — Romainvilning shahar qurilishlari tasvirlari va daraxt tanasi bilan bezatilgan yodgorlik jevakchasida (brelok) shunday yozuv bor: «Daraxtlar o‘lmoqda — shahar o‘smoqda». Toshkent markazida esa, aksincha, imkon qadar daraxtlashtirishga harakat qilinmoqda va hududining katta qismi yashil maydonlar va suv havzalari uchun ajratilgan”

O‘zbekiston arxitekturasi va qurilishi jurnali
Dastavval Toshkent o‘zining “janubiy o‘ziga xosligi”ni hisobga olgan holda loyihalashtirilgan edi. “O‘zbekiston arxitekturasi va qurilishi” jurnalidagi maqolalar mualliflari Markaziy Osiyoning og‘ir iqlim sharoitida aholi turar-joylarida suv inshootlarini barpo etish milliy, tarixan shakllangan meʼmorchilik yechimi bo‘lganini qayta-qayta taʼkidlab o‘tishgan. Binobarin, SSSR tuzilganidan keyin Toshkentni qurishga jo‘natilgan meʼmorlar ham ana shu anʼanalarga amal qilib, yozning uzoq va jazirama kunlarida aholining hayotini yengillashtirishga harakat qilganlar.

Anʼanaviy ravishda Markaziy Osiyo shaharlarida mikroiqlimni yaxshilash uchun shahar va tumanlar ichida suv havzalari — hovuzlar qurilib, ularning qirg‘oqlariga sersoya daraxtlar (qayrag‘och, majnun tollar) ekilgan, choyxonalar tashkil etilgan. Bu esa, o‘z navbatida, nafaqat salqinlikka, balki shaharlar ansambllarining yana-da jozibali bo‘lishiga ham yordam bergan.
“Milliy meʼmorchilik anʼanalarining davomiyligi g‘oyasi sug‘orish usullarida o‘z ifodasini topadi: yirik sunʼiy suv havzalari, qudratli favvoralar tizimi yaratilgan. Soya rejimi asosiy magistral yo‘llar, ko‘chalar, qirg‘oqlar, trotuarlar, piyodalar xiyobonlarini ko‘kalamzorlashtirish orqali taʼminlanadi”.
— To‘lqinoy Qodirova, Sovet O‘zbekistoni arxitekturasi
Aholi soni 900 ming, hududi 13,8 ming gektar bo‘lgan Toshkentning 20-25 yilga mo‘ljallangan birinchi tasdiqlangan bosh rejasi 1938-1939-yillarda qabul qilingan. Meʼmor Aleksandr Kuznetsov boshchiligida ishlab chiqilgan hujjatda shaharning eski va yangi qismlarini uzviy bog‘lash, obodonlashtirish, bog‘lar, maydonlar va suzish havzalari, cho‘milish hovuzlari, favvoralar va suv inshootlarining keng tarmog‘ini qurish yo‘li bilan keng suv havzalari tizimini yaratishga katta eʼtibor qaratilgan.

Xizmat ko‘rsatgan agronom Remiskevichning yozishicha, Toshkent sharoitida ko‘kalamzorlashtirish asosan ularni ichimlik suvi bilan taʼminlab turgan ariqlar tarmog‘i bo‘ylab olib borilgan. Bundan tashqari, beton ariqlarda (lotok – tarj.) daraxtlarni sug‘orish uchun teshiklar qilingan – ularsiz sug‘orish tarmog‘i “oqova kanalizatsiyasi”ga aylanar edi.
реклама
реклама
Ushbu yechimlar og‘ir iqlim sharoitida yashash qulayligini oshirish maqsadida aholiga zamonaviy xizmatlar ko‘rsatishga qaratilgan edi.

Bundan tashqari, Toshkentni obodonlashtirish ishlari shahar qiyofasini shakllantirish maqsadida ham amalga oshirildi. Daraxtlar o‘zlarining ekologik va estetik vazifalaridan tashqari, poytaxtning arxitektura-rejalashtirish tuzilmasini shakllantirib, makonga hajm tortiq qildi. Hajm berish vazifasi, ayniqsa, aniq tabiiy landshaftga ega bo‘lmagan shahar uchun juda muhimdir. Uning darajasidagi farq makonni ko‘p qirrali nuqtai nazardan ko‘rish imkonini berdi.
“Shahar va uning markazi faqatgina yaxshi yashil fonni yaratish hisobiga yagona organik butunlikka aylanishi mumkin. Bunda shaharning yashil o‘simliklarini fon sifatidagina ko‘rmaslik kerak. Ko‘kalamzorlashtirish ishlari havo havzasini sog‘lomlashtirish, isib ketish darajasini pasaytirish, sayrlar, ko‘ngil ochish va xordiq chiqarish uchun qulay sharoitlarni yaratish g‘oyasiga bo‘ysungan parklar, bog‘lar va xiyobonlar o‘zaro uzviy tizimini namoyon etishi lozim”

— Arxitektorlar O. Rushakovskiy va L. Adamov, O‘zbekiston arxitekturasi va qurilishi jurnali.
Istirohat bog‘lari, xiyobonlar va yashil hududlar
Milliy bog‘
1930-yillarda allaqachon mavjud bo‘lgan Kirov (hozirgi Do‘stlik bog‘i) va Gorkiy (hozirgi Toshkent kurantlari yonidagi obodonlashtirilmagan “Bolajon” bog‘i) nomidagi bog‘lar aholining yashil maydonlarga bo‘lgan ehtiyojini qondira olmadi. Shaharga dam olish va sport bilan shug‘ullanish uchun suv havzasi bo‘lgan katta yashil hudud kerak edi. Bosh rejaga ko‘ra, Beshyog‘och darvozasi oldida shahar devoridan tashqarida, Anhor kanalining chap qirg‘og‘ida ko‘li bo‘lgan yangi bog‘ barpo etish rejalashtirilgan edi.
Jazirama kunda Komsomol ko‘lida. Toshkent, 1960-yil
Foto: Kinofotofonohujjatlar milliy arxivi
Bir vaqtlar bu yerda g‘isht zavodlari joylashgan bo‘lib, tuproq qazib olinishi natijasida taxminan 9 gektar maydonda 3-7 metrlik chuqurlik hosil bo‘lgan edi. 1939-yilda 29 gektar maydonda Komsomol bog‘-ko‘li ochildi. Bu yer toshkentliklarning sevimli dam olish va suv sporti maskaniga aylangan.
“Quyuq o‘sgan daraxtlar soyali xiyobonlar, sokin dam olish uchun shinam burchaklarni hosil qildi. Yangi plyajlar, suv stadionlari, yashil teatr, qayiqlar stansiyalari va bolalar temir yo‘li shaharliklarga juda manzur keldi. Barcha obyektlarni bir-biriga bog‘lab turgan doirasimon yo‘laklar goh suv havzasiga yaqinlashar, gohida yashil daraxtzor ichiga chuqur kirib borardi. Inson ko‘z o‘ngida yangidan-yangi istiqbollar ochilardi. Bunga ko‘p jihatdan bog‘ inshootlarini suv havzasi qirg‘oqlari konturining perpendikulyar o‘qlari bo‘ylab joylashtirish hisobiga erishildi”

— To‘lqinoy Qodirova, Sovet O‘zbekistoni arxitekturasi
2021-yilda Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘ negizida Magic City savdo-ko‘ngilochar bog‘i ochildi. Ko‘l quritildi. Bog‘ hududidagi suv havzasining bir qismi musiqali favvoraga aylantirildi. Ko‘lning narigi tomonidagi o‘rnida esa Milliy akademik drama teatri quriladi.
Komsomol ko‘li hududining bir qismidagi musiqiy favvora
Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”
“Ko‘ngilochar va attraksionlarga ega har qanday bog‘lar insonga tabiiy muhitdan oladigan ijobiy his-tuyg‘ularni bera olmaydi. Shahar bog‘lari tabiiy landshaftlar xarakteriga ega bo‘lgan katta maydonlarni talab qiladi. Parklar qatʼiy ixtisoslashgan qismlarga bo‘linishi, unda bolalar, sayr va ko‘ngilochar bo‘limlari bo‘lishi lozim. Dam olishning maksimal xilma-xilligini taʼminlaydigan va shu bilan barcha yosh guruhlarining ehtiyojlarini qondiradigan hududlarga bo‘lish tamoyili ko‘pincha bog‘larning hajmini hisobga olmasdan amalga oshiriladi. Natijada bu yashil maydonlarning nobud bo‘lishiga olib keladi”

O‘zbekiston arxitekturasi va qurilishi jurnali
G‘alaba bog‘i
1946–1947-yillarda poytaxtda sunʼiy suv havzali yangi istirohat bog‘i – G‘alaba bog‘i (hozirgi “Toshkentland” bog‘i) barpo etildi. Keksalarning aytishlaricha, bog‘ ancha o‘rtamiyona bo‘lgan. Unda O‘zbekiston SSR xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi joylashgan bo‘lib, shaharliklar u yerga asosan cho‘milish uchun borishgan.
Arxitektorlar o‘ylab chiqishganidek, G‘alaba va Komsomol bog‘lari Toshkentning yashil o‘zagini tashkil etdi. Bo‘zsuv va Bo‘rjar anhorlari bo‘ylab o‘tgan bog‘ yo‘li shimolda G‘alaba bog‘i, janubda Komsomol bog‘ida tugar edi.

Ammo 1992-1993-yillarda shimoliy bog‘ hududida biznes markazi, Intercontinental mehmonxonasi va O‘zmilliybank binosi, shuningdek, akvapark va attraksionlar qurish loyihasi boshlandi.
Sobiq G‘alaba bog‘i hududidagi hovuz
Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”
G‘afur G‘ulom bog‘i
“O‘zbekiston komsomoliga 40 yil” madaniyat va istirohat bog‘i 1967-yilda Chilonzor tumani qurilishi vaqtida, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 14-22 gektar bo‘sh joy o‘rnida barpo etilgan.
G‘afur G‘ulom bog‘ida cho‘milish.
Foto: rifat / livejournal.com
Uning hududidagi ko‘l butun shahar aholisi orasida bog‘ rekonstruksiya qilish uchun yopilgunga qadar juda mashhur edi.
реклама
реклама
2020-yilda G‘afur G‘ulom istirohat bog‘ini rekonstruksiya qilish va taʼmirlash bo‘yicha loyiha rahbari Otabek Mirzajonov hovuz yonidagi plyaj pullik bo‘lishi, bu yerda akvapark barpo etilishi haqida maʼlum qilgan edi.
“Baxt” va “Rohat” ko‘llari
XX asrning 60-yillarida Toshkent yaqinidagi Chirchiq daryosi o‘zanidagi shag‘al chuqurlari negizida “Baxt” va “Rohat” ko‘llari hamda ularning atrofida dam olish zonasi yaratilgan.
“Rohat” ko‘lidagi charxpalak, 1970-yillar
“Toshkent” fotoalbomidan surat, 1977-yil. “O‘zbekiston” nashriyoti /
Tashkent Retrospective / Telegram
Hozirda birinchi ko‘l hududida suv bo‘yida Lake City qurilmoqda, ikkinchi ko‘l hududida esa allaqachon golf klubi faoliyat yuritmoqda.
Toshkentning boshqa suv havzalari
Telman (Central Park), Bobur (Do‘stlik bog‘i) va Ekopark hududidagi suv havzalari aslida cho‘milishga mo‘ljallanmagan bo‘lsa ham, bu yerda cho‘milayotgan bolalarni uchratish mumkin edi.
Bo‘rjar (Islom Karimov ko‘chasidagi ko‘prik yaqinida) va Anhor (Nurafshon aylanma yo‘lida va Olimpiya shon-shuhrati muzeyi yaqinidagi ko‘prik) qirg‘oqlarida, garchi bu yerda suvga tushish imkoni temir panjaralar bilan to‘sib qo‘yilgan(Olimpiya shon-shuhrati muzeyi yaqinidagi Anhor kanaliga tushish bundan mustasno), ularda suzishni taqiqlovchi belgilar o‘rnatilgan bo‘lsa ham, cho‘miluvchilarni hozirgacha uchratish mumkin. Baʼzi joylarda panjaralar cho‘miluvchilar tomonidan demontaj ham qilingan.
Moviy gumbazlar xiyoboni
“Moviy gumbazlar” xiyoboni garchi cho‘milishga mo‘ljallab qurilmagan bo‘lsa ham, uni Toshkent markazida shaharning iqlim xususiyatlari hisobga olingan holda bunyod etilgan yashil mavzesining suv inshootlari bilan taʼminlanishiga misol qilib keltirib o‘tish joiz.
Foto: mytashkent.uz
Rus bog‘idagi hovuz buzib tashlangan; o‘zbek bog‘ida xiyobonlar esa suv havzalari bo‘lgan to‘rt bog‘ga bo‘lingan, ular bo‘ylarida choyxona, uzumzorlar va atirgulzorlar bor edi. Darvoza bilan o‘ralgan yapon bog‘i atrofdagi tabiat elementlari — tog‘lar, toshlar, sunʼiy g‘orlar, tinch va shaldirab turuvchi suvlardan qurilgan. Fransuz bog‘ida esa ko‘plab purkovchilari bo‘lgan favvoralar o‘rnatildi.

Bugun xiyobonda maysalarni sug‘orish tizimigina qolgan.
Aholi punktlaridagi hovuzlar
1966-yilgi zilzila oqibatlari meʼmorlar oldiga bir qator shaharsozlik muammolarini tashladi. Mahalliy shaharsozlik va badiiy anʼanalarni qayta ko‘rib chiqish hamda Toshkentning o‘ziga xos arxitekturasini tushunib yetish bilan bog‘liq bo‘lgan sanoat qurilishi sharoitida shaharning meʼmoriy va badiiy o‘ziga xosligi masalasi ayniqsa dolzarb edi.

Butun Sovet Ittifoqidan kelgan quruvchilar boshpanasiz qolgan minglab oilalar uchun turar-joy binolari qurdilar. Ulkan mamlakatning arxitektorlari va loyiha institutlari issiq iqlim sharoitida aholining ehtiyojlarini hisobga oldilar.
“Turar-joy muhitining haddan tashqari qizib ketishiga qarshi kurash arxitektorning birinchi vazifasidir. Markaziy Osiyoning iqlim sharoitida turar joy loyihasini ishlab chiqayotgan meʼmor odamlarning ochiq havoda uzoq vaqt qolishlari uchun sharoit yaratishi shart va bunga, albatta, turar joy turining o‘zi ham hissa qo‘shishi kerak. Shu bilan birga, jamoat xizmatlarini ko‘rsatish muassasalari bilan barcha aloqalar ochiq, lekin quyosh nurlaridan himoyalangan bo‘lishi, xizmat ko‘rsatish guruhi esa yozgi binolar to‘plamini o‘z ichiga olishi kerak. Sug‘orish, barcha yoshdagilar uchun ochiq suzish havzalarini yaratishga alohida eʼtibor berilishi lozim. Dam olish joylari va o‘yin maydonchalarini imkon qadar ko‘proq ko‘kalamzorlashtirish va iloji boricha uy-joyga yaqinlashtirish kerak”.
— Arxitektor B.Alimjonovning O‘zbekiston arxitekturasi va qurilishi jurnalidagi maqolasidan
Hududni obodonlashtirish va sug‘orish, yorug‘lik o‘tkazuvchilarning (deraza singari – tarj.) quyoshdan himoyalanganligi, issiqlikka chidamli materiallardan foydalanish, tungi vaqtda intensiv shamollatish va xonadonlarni oqilona joylashtirish xonalardagi havo haroratini tashqi muhitga nisbatan 11 darajagacha kamaytirishi mumkin, deya qayd etadi mutaxassislar. Hatto havoni sunʼiy sovutish texnologiyalaridan foydalanilgan taqdirda ham, ushbu uslublar, ayniqsa energetika inqirozlari sharoitida dolzarb hisoblanadi.
“Mikrotumanlarni rejalashtirish, qurish, ko‘kalamzorlashtirish mahalliy tabiiy-iqlim xususiyatlari, xalq anʼanalarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Uylarga tutash maydonlar va piyodalar yo‘laklari soyalangan, tok bilan yopilgan pergolalar keng qo‘llanilgan: ular ostida ayvonlar, supalar, shildirab oquvchi ariqlar o‘rnatilgan. O‘yin maydonchalarida beton hovuzchalar va qayiqchalarni oqizish uchun kanallar, cho‘miladigan basseynlar o‘rnatilgan”

— “O‘zbekiston arxitekturasi va qurilishi” jurnali
Toshkent hovlilarida 1966-yildagi zilziladan so‘ng ommaviy ravishda bolalar uchun basseynchalar paydo bo‘la boshlagan. Mahallalarni loyihalashda arxitektorlar bunday suv havzalari qurilishini rejaga kiritdilar. Hovuzlar turli shakllarga ega edi: yumaloq, to‘rtburchaklar, erkin ko‘rinishdagi. Suv to‘ldirish va bo‘shatish yaqin atrofdagi quduqlar yordamida amalga oshirilgan.

M-13 hududi o‘ziga xos original reja asosida qurilgan. Turar-joy binolari shimoli-sharqqa ochiladigan kichik hovlilar atrofida to‘plangan bo‘lib, bu ularga yaxshi shamollatish imkonini beradi. Mikrorayon hududining 30 foizga yaqini yashil hududga ajratilgan. Uni sug‘orish uchun zich ariqlar tarmog‘i yaratilgan.
“Hovuzlardan, kichik meʼmoriy shakllardan keng foydalanilgan bo‘lib, ular funksional maqsadlaridan tashqari, butun majmuaning ko‘rinishini rang-baranglashtirgan ham. Kichik meʼmoriy shakllar, hovuzlarni faol tatbiq etish joy plastikasini boyitardi. Ulardan obodonlashtirish, sug‘orish va ko‘kalamzorlashtirish bilan uyg‘un holda foydalanish hovlidagi shovqin darajasini pasaytirardi”.
— To‘lqinoy Qodirova, “Sovet O‘zbekistoni arxitekturasi”
Biroq turar-joylarni bunday suv havzalari bilan taʼminlash g‘oyasi sanitariya meʼyorlari bo‘yicha sinovdan o‘tkazilmagan. Keksa yoshdagilar hovuzlardagi suvni tez-tez almashtirishga harakat qilishgani, lekin ular tezda ifloslanganini eslashadi.

Qozog‘istonning Olmaota shahrida ham xuddi shunday holat kuzatilgan. Hovuzlarning sanitariya-gigiyenik talablarga javob bermasligi sababli suvni to‘ldirish va drenajlash tizimlari demontaj qilindi. Biroq aholi o‘z kvartiralaridan shlanglar orqali havzalarni to‘ldirishda davom etishdi. Buni to‘xtatish uchun rasmiylar hovuzlarni buzib (tuproq bilan to‘ldirib) yuborishni buyurdilar. 1980-yillarga kelib Olmaotada ulardan birortasi ham qolmadi hisob.

Toshkentdagi bir necha hovlilarda tashlandiq bolalar cho‘milish hovuzlarini uchratish mumkin.
Taniqli rossiyalik urbanist Arkadiy Gershmanning “Gazeta.uz”ga maʼlum qilishicha, sanitariya meʼyorlariga rioya qilingan holda ko‘p qavatli uylar hovlilariga basseynlarni qaytarish — qimmat ish.

“Biznes va undan yuqori toifadagi yirik turar-joy majmualarida [hovuzlar] mavjud. Va ular aholi uchun bepul, chunki u xizmat ko‘rsatish narxiga kiritilgan. Bu juda qimmat va shuning uchun agar majmua katta bo‘lsa, hamma xarajatlar har bir xonadonga yoyiladi va bu qaysidir maʼnoda maqbul bo‘lib chiqadi”, — dedi Arkadiy Gershman.
“Agar biz sovet tajribasi, xususan, Toshkent haqida gapiradigan bo‘lsak, ha, albatta, bunday madaniyatni qayta tiklash yaxshi bo‘lardi, lekin tushunishimiz kerakki, bu bilan bog‘liq qiyinchiliklar juda ko‘p, bu ancha qimmat va boshqaruv nuqtai nazaridan muammoli. Ayrim sport va bolalar maydonchalarini qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘ yetarli emasligini inobatga olib, qayerdadir shunday basseyn paydo bo‘lishini tasavvur qilsak, aholi to‘lovlari bir yarim-ikki baravar oshishi mumkin. Va ular bundan xursand bo‘lishlariga ishonchim komil emas”.

— Arkadiy Gershman
Arkadiy Gershmanning fikriga ko‘ra, umumiy farovonlik darajasi ko‘tarilgan va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimi isloh qilinganda ko‘p qavatli uylar hovlilarida suzish havzalari yana paydo bo‘lishi mumkin. Biroq birinchi navbatda hovlilarni tartibga solib, aholini o‘z obodonchiligi haqida g‘amxo‘rlik qilishga undash kerak bo‘ladi.
реклама
реклама
Yangi O‘zbekiston
Suv bilan to‘liq va doimiy aloqa o‘rnatolmasak, hayotimiz zaiflashadi. Aksariyat yirik shaharlarda biz buni qila olmaymiz. Hovuzlar, ko‘llar va qirg‘oqlar ko‘p va bizdan uzoqda. Suv taʼminoti muammosini ham ko‘rib chiqaylik. Faqat kranni ochganimizda suv bilan aloqa qilamiz. Kranda suv bo‘lishini tabiiy deb qabul qilamiz. Ammo suvni tozalash va suv taqsimlashning yuqori texnologiyalari qanchalik ajoyib bo‘lmasin, ular mahalliy suv havzalari bilan aloqa qilish va tabiatdagi suv aylanishini, suv sirini va uning chegarasini tushunishga bo‘lgan hissiy ehtiyojni qondirolmaydi.

— Kristofer Aleksander, “Shablonlar tili”
Yoz kunini shahardan chiqmasdan suv bo‘yida o‘tkazmoqchi bo‘lsangiz, cho‘milish uchun ruxsat berilgan joylar ro‘yxati sizni xursand qilishi dargumon. Bo‘rjar va Anhor qirg‘oqlari xavfli oqimga qaramay, cho‘milish uchun eng so‘nggi suv havzalari sifatida gavjum. Basseyn va akvaparklarning ko‘pligi isteʼmolchi muammosini hal qilishi mumkin edi, ammo yoz oylarida inson organizmi talab qilganida suv bo‘yida tez-tez dam olishga hamma toshkentliklarning ham qurbi yetavermaydi.

Bundan tashqari, basseynlar va suv parklari odamga tabiat bilan aloqa qilish hissini bera olmaydi. Ular to‘siqlar bilan o‘ralgan va hatto minimal tabiiy elementlardan: qum va toshlar, ularni oralab o‘sgan o‘tlar, butalar va daraxtlardan mosuvo. Hovuzda suzish mashg‘ulotlar va salomatlikni saqlash bilan bog‘liq, ammo insonning uzoq muddatli dam olishiga yaramaydi. Hatto sunʼiy suv havzasi ham insonning tabiat bilan aloqa qilishga bo‘lgan ehtiyojini keramika qoplamali sunʼiy to‘rtburchaklar hovuzga qaraganda ko‘proq qondirishi mumkin.

Tabiiy suv havzalari, sunʼiy ko‘llar va hovuzlar basseynlarga qaraganda xavfsizroqdir, chunki tabiatda suv va qirg‘oq o‘rtasidagi chegara asta-sekinlik bilan yo‘qolib boradi. Inson qirg‘oqdan suvga kirganda, u tuproq va o‘simliklarning tarkibi va tuzilishidagi maʼlum bir ketma-ketlikda sodir bo‘ladigan aniq o‘zgarishlarni his qiladi. Bunday o‘tish odamlar uchun juda muhimdir: bu ular o‘zlarining xavfsizligi haqida qayg‘urmasdan asta-sekin suv qirg‘og‘i bo‘ylab sayr qilish yoki qirg‘oq bo‘ylab to‘piqqacha suv ichida yurishlari mumkinligini anglatadi. Bolalarning bunday holatda suvda xavfsiz holda o‘ynashlari juda muhimdir.

Suzish havzasi, qattiq qirrali har qanday sunʼiy suv obyektida bo‘lgani kabi, bunday silliq o‘tishdan butunlay mahrum. Keskin o‘tish kattalarga psixologik taʼsir ko‘rsatadi, ayniqsa ular bolalari bilan dam olayotgan bo‘lishsa.
реклама
реклама
Mustaqillik yillarida Toshkent aholisi ikki baravarga ko‘paydi, lekin poytaxtda nafaqat jamoat plyajlari ko‘paymadi, balki ular butunlay yo‘q bo‘lib ketdi. So‘nggi yillardagi shahar bog‘larini tadbirkorlar ixtiyoriga o‘tkazish tendensiyasi shahar va tuman hokimiyatlarining uzoqni o‘ylamasligini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Tez foyda olish uchun uzoq muddatli foydani — aholi salomatligini, demak, odamlarga bog‘liq bo‘lgan iqtisodiyotning sog‘lig‘ini eʼtiborsiz qoldiramiz.

Iqtisodchi, Garvard universiteti doktoranti va tadqiqotchisi Botir Qobilov o‘zining “Bog‘larni aholiga qaytaring” maqolasida Toshkent va O‘zbekistonning boshqa shaharlarida shahar bog‘lari va ko‘llarining tezlik bilan yo‘qolib borayotgani haqida yozgandi. Shahar bog‘lari va suv havzalariga kirishning notengligi yoki butunlay yo‘qligi aholining jismoniy va ruhiy salomatligi hamda mehnat qobiliyatiga salbiy taʼsir qiladi, shu bilan birga, ijtimoiy va iqtisodiy tengsizlikni kuchaytiradi.
Biz katta yoki kichik har qanday qurilish loyihasini amalga oshirishda suv resurslarini taqsimlash va eng yaqin suv havzasiga ulanishni taʼminlash imkoniyatini sinchkovlik bilan ko‘rib chiqishni taklif qilamiz. Bu ehtiyoj qondirilmasa va suv bilan aloqa qilish imkoniyati bo‘lmasa, har bir yangi loyiha, yakka o‘zi yoki boshqa loyihalar bilan birgalikda, hech bo‘lmaganda, atrof-muhitda qandaydir suv havzasining paydo bo‘lishiga hissa qo‘shishi kerak. Shaharlarda kerakli suv obyektlarini yaratishning boshqa usuli yo‘q: bizga borib, bahra olishimiz uchun suzish basseynlari, tabiiy va dekorativ hovuzlar, yomg‘ir suvi oqimlari, favvoralar, sharsharalar, shaharlarda oqib o‘tadigan tabiiy daryolar va anhorlar, kichik bog‘ hovuzlari va suv omborlari kerak

— Kristofer Aleksander, “Shablonlar tili”
Cho‘milish joylarini barpo etish amaliyoti ko‘plab shaharlarda mavjud. Arkadiy Gershmanning “Gazeta.uz”ga taʼkidlashicha, bular, qoida tariqasida, shahar plyajlari bo‘lib, u yerda qutqaruvchilar, dush va yordam punktlari joylashgan. Infratuzilma mahalliy byudjet tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Mablag‘larning bir qismi tadbirkorlar hisobidan keladi: plyajlarda kafelar mavjud, shezlonglar (toblanish uchun o‘rindiqlar – tarj.) ijarasi kabi pullik xizmatlar ko‘rsatiladi. Shu bilan birga, baʼzi shahar plyajlari pulli bo‘lishi ham mumkin.
“[Biroq, bepul plyajlarning yo‘qligi] ko‘proq qaror qabul qilish, shaharni rejalashtirish muammosi. Nima uchun parklar va xiyobonlar bor, lekin suvga kirish imkoni yo‘q? Bu kamchilik ... Parklarda, ko‘llarda umumiy cho‘milish joylaridan boshlashga arziydi. Bir oz bo‘lsa ham imkoniyat yarating. Va keyin u jamoat mulki bo‘ladi, ommaga ochiq. 50 ta shunday tarmoqni, masalan, ko‘llar yoki hovuzlarni yaratish — realroq vazifadir”.
— Arkadiy Gershman
Shaharlarni suv havzalari bilan taʼminlash uzoq va qimmat jarayondir. Ammo anomal issiq kunlar va chang bo‘ronlari ko‘payib borayotganini hisobga olsak, bu o‘zbekistonliklarning kelajak avlod farovonligi uchun zarur bo‘lgan sarmoyadir. Toshkentdagi mavjud jamoat suv havzalari vayron etilmaganida ham, ular soni ortib borayotgan aholi talabini qondira olmas edi. Qulay yashash sharoitlarini yaratish uchun shahar suv havzalari tarmog‘ini kengaytirish kerak edi. Ertami-kechmi shaharlar suv havzalarini barpo etish g‘oyasiga qaytadi, faqat afsuski, hammasini noldan boshlashga to‘g‘ri keladi.
Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting