Hukumatning 2024-yil 29-apreldagi qarori bilan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun ota-onalar to‘lovining yangi miqdorlari tasdiqlangani haqida yozgandik. Hujjatga ko‘ra, to‘lovlar 1-iyundan o‘rtacha 18,7−21 foizga, keyin esa 2025-yil 1-yanvardan yana 8,5−10,8 foizga oshadi.

2-may kuni AOKAda “Gazeta.uz” muxbiri ham qatnashgan matbuot anjumanida Maktabgacha ta’lim agentligi rasmiylari davlat bog‘chalarida ota-onalar to‘lovi nima sababdan ikki bosqichda oshirilayotgani yuzasidan izoh berdi.

Agentlik boshqarma bosh mutaxassisi Ismat Tursunxo‘jayevning ta’kidlashicha, tariflar 2021-yil may oyidan buyon o‘zgarishsiz qolgan. 3 yil oldin maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichlari hozirgiga nisbatan ancha past bo‘lgani, ota-onalarga yuklamani kamaytirish, ya’ni ota-ona to‘lovini o‘zgarishsiz qoldirib, bolalarni MTTga berish, ta’lim-tarbiya bilan qamrab olish maqsadida ota-onalarga narx borasida imtiyozlar berilgan.

“Statistik ko‘rsatkichlarga qaraydigan bo‘lsak, 3 yil davomida mehnatga haq to‘lash tariflari 1,4 barobarga, ya’ni 40 foizga oshdi. Xuddi shunday, oziq-ovqat mahsulotlari yoki kommunal to‘lovlari 2 barobardan ortiq oshdi. Misol uchun, elektr energiyasi uchun tariflar 2021-yilga nisbatan 2,2 barobarga oshdi. Oziq-ovqat narxlari va boshqa tariflarning oshishi, davlat budjetidan bir bolani ovqatlantirishga qilinayotgan xarajatning davlat qismi oshib ketgani — birinchi sabab.

Ikkinchi sabab — ota-onalarga yengillik bo‘lishi uchun narxlar oshirilmasdan, shu paytgacha saqlab kelindi. Shu bilan birga, ovqatlantirishning sifatini oshirish maqsadida unga qilinayotgan xarajatni ham orttirishimiz kerak. Qancha ko‘p investitsiya qilinsa, shuncha sifati ham oshib boraveradi", — dedi u.

Maktabgacha ta’lim agentligi vakilining qo‘shimcha qilishicha, oshirilayotgan narxlar 2021-yildan yilma-yil ko‘tarilishi kerak bo‘lgan ko‘rsatkichning yarmiga ham yetmaydi.

“Ya’ni davlat ulushi 2021-yilda 40 foiz bo‘lgan bo‘lsa, ota-onalarning oziq-ovqat bo‘yicha to‘lovlari bolalarning ovqatlanish xarajatlarini 60 foizga qoplar edi. Hozirgi kunda bu ko‘rsatkich teskari bo‘lib qoldi, ya’ni ota-onalar to‘lovi miqdori 35 foizga, davlatning ulushi 65 foizgacha ko‘tarildi. Shu ko‘rsatkichlar inobatga olinib, sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash maqsadida bu miqdorlar yangilanib, yangi tariflar tasdiqlandi”, — dedi Ismat Tursunxo‘jayev.

To‘lovlarning yangilangan miqdori bu yerda.