Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Bo‘stonlik tumanida erkak va uning o‘g‘li xizmat vazifasini bajarayotgan kadastr xodimini kaltaklagani aks etgan video tarqaldi. Bosh prokuratura matbuot xizmati holat nazoratga olinganini ma’lum qildi.

Hayot Shamsutdinovning yozishicha, kadastr xodimiga qarshilik ko‘rsatgan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish / BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kadastr agentligi matbuot kotibining Millar dasturiga ma’lumot berishicha, xodim voqea joyiga uni kaltaklagan erkakning qo‘shnisi yuborgan murojaat asosida borgan. Murojaatda erkak o‘zboshimchalik bilan devor qurib, ichki yo‘lni to‘sib qo‘ygani aytiladi.