10-may kuni Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga podpolkovnik Ikromjon Tursunov Normurodovich tayinlandi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Bunga qadar Ikromjon Tursunov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida xizmat qilib kelayotgandi.

Tayinlov Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov hamda viloyat hokimi Botir Zaripov ishtirokida o‘tkazilgan tezkor yig‘ilishda amalga oshirildi. Tadbirda Buxorodagi yoshlar, ayollar tomonidan hamda ishsizlik oqibatida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldini olish ishlari tanqid qilindi.

Hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan og‘ir mahallalarda sektor rahbarlari, mahalla raislari, mahalladagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari tomonidan fuqarolarni qabul qilish va ularning muammolarini hal etish vazifalarga jiddiy e’tibor qaratish zarurligi tushuntirildi, deyiladi xabarda.

Mazkur lavozimda Tursunov 2023-yilning fevralidan buyon ishlab kelayotgan Mirjamol Miralimov o‘rnini egalladi.