O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning 3-maydagi buyrug‘i bilan (6-mayda e’lon qilingan) avtomototransport vositalari va ularning tirkamalari (yarim tirkamalari), elektromobillar va avtomototransport vositalarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun to‘lovlar miqdori kamayishi tasdiqlandi.

1-apreldan avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish stavkalari 68 baravarga — BHMning 10 foizidan (34 ming so‘m) BHMning 6,84 baravarigacha (2,32 million so‘m), elektromobillar uchun esa 15 baravarga (BHMning 1,5 baravari yoki 1,15 mln so‘m) oshgandi. Ichki ishlar vazirligi rahbarining bu buyrug‘i mazkur oshirilishlardan bir kun avval qabul qilingan. Narx ko‘tarilganidan so‘ng avtomashinani ro‘yxatdan o‘tkazish narxi qariyb 5 million so‘mgacha oshdi.

Yangi tartib bilan avtomobillar va elektromobillarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovlar kamaytirildi va BHMning 10 foizigacha qaytarildi. Shu bilan birga, oshirilgan ro‘yxatga olish to‘lovlari (odatiy avtomobillar uchun BHMning 6,84 baravari va elektromobillar uchun 1,5 BHM) o‘zgarishsiz qoldi.

Ichki ishlar vazirligi va Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi avtomashinalarni ro‘yxatdan o‘tkazish stavkalari oshishi sabablarini hali izohlamadi.