Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Gurlan tumanidagi bog‘chada bolalarga nisbatan qilingan qo‘pollik yuzasidan o‘rganish natijalarini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, ideolavhadagi holat 2023-yil noyabr oyida tumandagi 23-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida ro‘y bergan. Tarbiyachi ayol bolalar bir-biri bilan urishgani uchun ularga tarsaki tushirgan.

Shuningdek, 2024-yil 17-aprel kuni ayni shu tarbiyachining e’tiborsizligi tufayli katta guruh tarbiyalanuvchisining barmog‘i eshikning shamol ta’sirida qattiq yopilishi oqibatida jiddiy jarohat olgan, deyiladi xabarda.

Tashkilot hamshirasi bu haqda bolaning ota-onasini ogohlantirganidan keyin shifoxonada bolaning barmog‘iga maxsus sim qo‘yilib, muolaja qilingan. O‘z navbatida, bolaning qo‘liga igna sanchilgani aytilgan holat o‘z tasdig‘ini topmagan.

Boshqarma tarbiyachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganini qo‘shimcha qildi.

Holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.