Yevropa parlamenti havo ifloslanishi bo‘yicha 2030-yilgacha bajarilishi kerak bo‘lgan qat’iy va qonuniy ravishda amal qilish majburiy bo‘lgan chegaralarni qabul qildi, deya xabar beradi Reuters.

Fevral oyi boshida Yevropa parlamenti va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar havo sifatining yangi standartlarini Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga yaqinlashtirishga kelishib olgandi. Kelishuvga ko‘ra, 2030-yilgacha PM2,5 zarralarining o‘rtacha yillik konsentratsiyasi 25 mkg/m3 dan 10 mkg/m3 gacha, NO2 niki esa 40 mkg/m3 dan 20 mkg/m3 gacha pasaytiriladi.

Agar standartlar buzilsa, havo ifloslanishidan zarar ko‘rganlar sudga murojaat qilishi va sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya olishi mumkin bo‘ladi.

Havo ifloslanishi Yevropada har yili 300 ming erta o‘limga sabab bo‘ladi. YeIning atrof-muhit bo‘yicha komissari Virginiyus Sinkyavichyusning aytishicha, kuchliroq standartlar kelgusi 10 yil ichida bu raqamni 70 foizga kamaytirishi mumkin.

“Bu jamoat salomatligi va fuqarolarimizning sog‘lig‘ini himoya qiladigan qonun, chunki biz toza havo hashamat emasligini bilamiz. Bu biz kafolatlashimiz kerak bo‘lgan huquqdir”, — deydi parlamentdagi Sotsialistlar va demokratlar alyansi guruhi a’zosi Xavi Lopes.

Qonunni 381 kishi yoqlab ovoz berdi, 225 kishi qarshi bo‘ldi, 17 nafari esa betaraf qoldi. Qonun kuchga kirishi uchun YeI davlatlarining roziligi talab etiladi. Odatda bu qonunlar o‘zgartirishlarsiz tasdiqlanadigan rasmiyatchilik hisoblanadi, deya qayd etdi Reuters.