Qozog‘iston Madaniyat va axborot vazirligi TikTok qisqa videolar servisini bloklash masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda vazir Aida Balayeva ma’lum qildi, deb yozadi Zakon.kz.

“Biz bu masalani o‘rganyapmiz. Menimcha, [blokirovka qilish] zarur, men vazir sifatida buni ko‘rib chiqish kerakligini aytyapman”, — dedi u.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda narkotik moddalar, pornografik va ekstremistik materiallarni tarqatish holatlari ko‘paygan.

“Monitoring shuni ko‘rsatadiki, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda noqonuniy kontentlar soni ortib bormoqda. Global tendensiyada esa, ko‘rib turibsizki, hozir ko‘plab davlatlar ba’zi ijtimoiy tarmoqlarni blokirovka qilishga va undan voz kechishga majbur bo‘lmoqda”, — dedi Balayeva.

Vazirning ta’kidlashicha, TikTok barcha ijtimoiy tarmoqlar orasida mamlakatda tarqatish taqiqlangan materiallar soni bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Uning qo‘shimcha qilishicha, blokirovka qilish to‘g‘risidagi qaror platformada noqonuniy kontent darajasi qanchalik “yuqori va chegaradan ortiq ekani” asosida qabul qilinadi.

O‘tgan hafta Qirg‘izistonda TikTok`ga kirish bloklangandi. “Aloqa sohasida tartibga solish va nazorat qilish xizmati aloqa operatorlariga ko‘rsatilgan xizmatdan foydalanishni cheklash choralarini ko‘rish zarurligi to‘g‘risida xat yubordi”, — deyiladi Raqamli rivojlanish vazirligi xabarida.

Vazirlikning qayd etishicha, ular bu choralarni nodavlat notijorat tashkilotlarining go‘yo ijtimoiy tarmoq bolalar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xavotir bildirib yo‘llagan bir qancha murojaatlaridan so‘ng ko‘rgan.