23-aprel kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Akorda`ning qayd etishicha, Toqayev Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston xalqiga Qozog‘istonning qator viloyatlarida sodir bo‘lgan suv toshqinlari munosabati bilan ko‘rsatilayotgan birodarlik va yordam uchun minnatdorlik bildirgan.

Prezidentlar, shuningdek, Qozog‘iston-O‘zbekiston strategik sherikligini yanada mustahkamlash, shuningdek, avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. Ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy darajadagi hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi. Mamlakatlar yetakchilari mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatining qayd etishicha, Shavkat Mirziyoyev qardosh Qozog‘iston yetakchisi va xalqiga ushbu mamlakat hududidagi keng miqyosli toshqinlar oqibatida insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik izhor etdi.

Bunday tabiiy ofatlar keyingi paytlarda mintaqada kuzatilayotgan iqlimning salbiy o‘zgarishlari oqibati ekani qayd etildi. Tomonlar bu borada yaqin amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

Prezidentlar yaqinda Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalarini muhokama qildi. Mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar va bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra O‘zbekistondan Qozog‘istonga suv toshqinidan jabr ko‘rgan hududlar aholisi uchun insonparvarlik yordami jo‘natilgandi.

Vazirlar Mahkamasining farmoyishi asosida 15 ta yuk avtomashinasidan iborat insonparvarlik yuki shakllantirilgan. Insonparvarlik yordamida oziq-ovqat mahsulotlari, ayollar, bolalar va erkaklar ust-bosh kiyim-kechaklari, ko‘rpacha, yoping‘ich, yostiqlar, gigiyenik vositalar, maxsus qurilmali chodirlar, rezina qayiq to‘plamlari va boshqa zarur mahsulotlar o‘rin olgan. “Gazeta.uz” manbasining xabar berishicha, Qozog‘istonga 10 mlrd so‘mlik 100 tonna yuk jo‘natilgan.