Davlat chegarasi orqali Tojikiston va Qirg‘izistondan o‘tkazilgan giyohvandlik vositalari to‘xtatib qolindi, deya xabar qildi DXX axborot xizmati.

Jumladan, o‘zbek-tojik davlat chegarasining Samarqand viloyati Urgut tumani Chep qishlog‘i hududidan o‘tgan qismida noma’lum shaxslar tomonidan Tojikistondan olib kelinib, qoldirib ketilgan 980 gramm “geroin” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Hozirda ushbu giyohvandlik vositasi egalarining shaxsiga aniqlik kiritish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Andijon viloyatida kuzatilgan holatda, Qo‘rg‘ontepa tumanining Qorasuv shahrida yashovchi, 1996-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs tarkibida “Pregabalin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi bo‘lgan 30 000 dona “Nervegesic” nomli dori vositasini Qirg‘izistondan davlat chegarasi orqali noqonuniy ravishda o‘tkazgan vaqtida ushlandi.

Bunday qonun buzilishi Namangan viloyatida ham qayd etilib, unda 3121 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan Kosonsoy tumani hududiga o‘tkazgan vaqtlarida 1992 va 1993-yillarda tug‘ilgan 2 nafar mahalliy fuqaro ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Shuningdek, ularning 1988 va 1993-yillarda tug‘ilgan 2 nafar jinoiy sheriklari ham protsessual tartibda ushlandi.

Hozirda uchala holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qonunbuzarlarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.