Buyuk Britaniya O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishni istaydi va qaysidir tomonlarni tanlashni so‘ramaydi, dedi Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron Toshkentga tashrifi chog‘ida.

“Markaziy Osiyo — dunyoning muhim mintaqasi. Mintaqada juda kuchli qo‘shnilaringiz bor, ular bilan hamkorlik qilasiz. Bu yerda shuni aytmoqchimanki, biz sizdan bu sheriklar va Buyuk Britaniya kabi davlat o‘rtasida tanlov qilishingizni so‘ramayapmiz…”, — dedi Kemeron O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidagi uchrashuvdan so‘ng jurnalistlar savollariga javob berarkan.

“Agar siz biz bilan ta’lim, iqlim o‘zgarishi, biznes yoki savdo sohalarida hamkorlik qilishni istasangiz, tanlovingiz bo‘lishi kerak. Biz bu hamkorlikni o‘rnatish uchun shu yerda bo‘lishni xohlaymiz. Sizga tanlov beramiz va bu, menimcha, eng asosiysi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Kemeron Buyuk Britaniya va Markaziy Osiyo xuddi shunday muammolarga duch kelayotganini qayd etdi. “Biz qanday qilib ish o‘rinlarini yaratamiz va [mamlakatni] gullab-yashnatamiz? Mamlakatlarimizdagi odamlarning ishlash imkoniyati va hayotda o‘z ovozi bo‘lishini qanday ta’minlashimiz mumkin? Hamma gap ana shunda. Va shuning uchun men bugun shu yerdaman”, — deya ta’kidladi vazir.

Devid Kemeron Markaziy Osiyoning barcha besh davlati va Mo‘g‘ulistonga rasmiy tashrifi doirasida 23-aprel kuni O‘zbekistonga tashrif buyurdi. U allaqachon Tojikiston va Qirg‘izistonda bo‘lib, prezidentlar Emomali Rahmon va Sadir Japarov bilan uchrashdi.

Toshkentda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlari har tomonlama hamkorlik deklaratsiyasi, mintaqaviy va xalqaro munosabatlar hamda infratuzilma sohasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning aytishicha, ushbu uchrashuvda asosiy e’tibor iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratildi.

Avvalroq “Gazeta.uz” Devid Kemeronning kolonkasini e’lon qilgandi. U O‘zbekistonga tashrifi oldidan o‘z maqolasida hamkorlikni yangi darajaga ko‘taradigan uchta ustuvor yo‘nalish — iqtisodiy rivojlanish, ta’lim va mintaqa davlatlarining mustaqilligini mustahkamlashni sanab o‘tgandi.